Bir milliarddan ortiq odam boshqa mintaqalarga koʻchib oʻtishga majbur boʻlishi mumkin

23:15 10 Sentyabr 2020 Dunyo
342 0

Iqtisodiyot va tinchlik institutining yangi tahliliga koʻra, 2050-yilga kelib 1 milliarddan ziyod odam ekologik tahdid va Yer aholisining tez surʼatlarda koʻpayib borishi sababli qiyin ahvolga tushib qoladi.

Reuters agentligi xabariga koʻra, 2050-yilga kelib dunyo aholisi 10 milliardga oshishi kutilmoqda, bu esa oʻz navbatida, suv va oziq-ovqat masalasida ziddiyatli holatlarni keltirib chiqaradi. Shu munosabat bilan Afrika, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqning ayrim mintaqalarida taxminan 1,2 milliard kishi boshqa hududlarga koʻchib ketishga majbur boʻladi.

“Bu nafaqat rivojlanayotgan, balki rivojlangan mamlakatlarga ham katta ijtimoiy hamda iqtisodiy taʼsir koʻrsatadi, zero, ommaviy koʻchish rivojlangan mamlakatlarda kuzatiladigan qochqinlar oqimining koʻpayishiga olib keladi”, deydi Iqtisodiyot va tinchlik instituti asoschisi Stiv Killelea.

Maʼlum qilinishicha, ommaviy migratsiyaga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan tahdidlar ikki toifaga boʻlinadi. Birinchisi, resurslarning yetishmasligi va aholi sonining koʻpayishi, ikkinchisi esa tabiiy ofatlar.

Shundan kelib chiqqan holda mutaxassislarning fikriga koʻra, Hindiston va Xitoyga yaqin oʻn yilliklar ichida suv tanqisligi eng katta tahdid uygʻotayotgan boʻlsa, Pokiston, Eron, Mozambik, Keniya va Madagaskar “bir qator muammolarga dosh bera olishmaydi”.

«Umuman olganda, garchi hozirda ushbu mamlakatlar barqaror boʻlsada, ularda ekologik tahdidlar hamda kelajakda sodir boʻlishi mumkin boʻlgan oʻta yirik tanazzulga yuqori moyillik bor», deyiladi tadqiqotda.

Taqqoslash uchun, ekologik omillar va siyosiy ziddiyatlar 2019-yilda 30 millionga yaqin odamning koʻchirilishiga olib kelgan.

Killeleaning soʻzlariga koʻra, hozirgi kunda dunyoda toza suv 50 yil avvalgidan 60 foizga kam. Bundan tashqari, yaqin 30 yil ichida oziq-ovqatga boʻlgan talab yana 50 foizga oʻsishi taxmin qilinmoqda.

Tahlilchilar oʻzlari tomonidan taqdim etilgan hisobot yordam koʻrsatish strategiyasini ishlab chiqish hamda iqlim bilan bogʻliq muammolarni hal qilishda yordam beradi deb umid qilishmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?