Bir korxonadan ham ipak, ham choy yetkazib beriladi

11:47 14 Avgust 2019 Jamiyat
98 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Bunda klaster usulida ishlash qoʻl kelayapti

Diqqatga molik dalil: joriy yilda “Buxoro brilliant silk” masʼuliyati cheklangan jamiyati ilk bor Yevropaga, aniqrogʻi, Italiyaga oʻz mahsulotini eksport qildi. Korxonaning xorijiy buyurtmachilari safida esa Xitoy, Eron, Rossiya, Afgʻoniston, Turkiya singari davlatlar vakillari bor. Jamiyat raisi oʻrinbosari Murtazo Qodirovning maʼlum qilishicha, shu kunga qadar 2 million 175 ming AQSH dollari miqdoridagi ipak kalava va gazlama eksportga joʻnatildi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

-Yutuqlarimizga klaster usulida ishlash, ilgʻor texnologiyalarni jalb etish, malakali kadrlarga tayanish poydevor vazifasini oʻtayapti,- deydi u.- Korxonamiz ixtiyorida ikki ming gektar yer bor.Peshku, Gʻijduvon, Shofirkon, Romitan, Buxoro tumanlarida joylashgan bu maydonlarda tut plantatsiyalari barpo etganmiz.Joylarda pillani qabul qilish punktlari faoliyatini yoʻlga qoʻyganmiz.Bir soʻz bilan aytganda, pillani yetishtirishdan tortib, uni qayta ishlash va tayyor mahsulotga aylangunga qadar boʻlgan barcha jarayonni oʻz kuchimiz bilan bajarayapmiz.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Ipak qurtini moʻjizaga qiyoslash mumkin.U ming chandon urinib, pillani yaratadi.Pilladan esa inson aql – zakovati bilan moʻjizakor matolar dunyoga keladi.Bunga qadar esa..

-Pilla tayyor mahsulotga aylangunga qadar oʻnga yaqin jarayon bajariladi.- deydi saralash sexi ishchisi Lola Joʻraboyeva.-Biz uning saragini sarakka, puchagini puchakka aylantiramiz.Qanday qilib deysizmi?Koʻzimiz bilan koʻrib, qoʻlimiz bilan his etamiz.Masʼuliyat katta.Chunki mahsulot sifati koʻp jihatdan bizga bogʻliq.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Korxonada innovatsion texnologiyalarni joriy etishga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda.Mana, toʻquv sexini oling.Bu yerda ayni paytda Italiyadan olib kelingan “Itema” rusumli beshta dastgoh ishlab turibdi.Taʼmirlovchi Rustam Toyirovning taʼkidlashicha, bu uskunalar turdoshlaridan tezligining yuqoriligi, energiya tejamkorligi, sifatli mahsulot tayyorlashi bilan ajralib turadi.Turdosh dastgohlar 8 soatda 10 – 12 metr gazlama toʻqiy olsa, bu “aqlli mashina”da ushbu koʻrsatgich 30 metrni tashkil etadi. Buning uchun zarur maʼlumotlarni uning xotirasiga kiritish, kifoya. Belgiyadan xarid qilingan gul toʻqiydigan uskunalar xususida ham xuddi shunday fikrni bildirish mumkin.

-Kasbimni yaxshi koʻraman,-deydi ishchilardan biri Dilafroʻz Safarova biz bilan suhbatda.-Shofirkon tumanidanman.Ikki yilcha muqaddam ishdan boʻshab ketgandim. Ammo oʻylab qarasam, bu jamoaga ipsiz bogʻlanib qolgan ekanman. Korxonadagilar ham “Ishga qayt” deb qolishdi. Rozi boʻldim.Ya na qadrdon jamoamda ishlayapman. Xursandman. Biz uchun barcha shart – sharoitlar yaratilgan.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Korxonaning tikuv sexi va firma doʻkoniga kirgan kishi klaster usulida ishlash afzalliklariga yana bir karra ishonch hosil qiladi. Dizayner Surayyo Narzullayevaning bildirishicha, bu yerda 2,5 mingdan ziyod milliy dizayndagi matolar bor.

-Qadimiy Buxoroning tarixiy obidalaridagi betakror naqshlar, muzeylarda saqlanayotgan adrasu atlaslar, soʻzanalarni koʻrib, oʻrganamiz. Ular bizga turtki vazifasini oʻtaydi. Ijodiy izlanishlar olib boramiz,- deydi u.- Mehnatimiz mahsulini koʻrganda, biz yaratgan dizayndagi ipak matolarni xorijiy sayyohlar xarid qilishayotganida shunaqangi rohatlanamizki, asti qoʻyavering...

Aytmoqchi, korxona tadbirkorlari yangi loyihalar roʻyobi ustida ishlashmoqda.Shu oʻrinda bir misol.Korxona tut bargidan shifobaxsh choy ishlab chiqarish loyihasini roʻyobga chiqarmoqda. Bu loyihani mamlakatimiz Prezidenti Buxoroga qilgan tashrifi chogʻida qoʻllab – quvvatlagan edi.Shunga koʻra, Gʻijduvon tumanida tut bargidan choy tayyorlashga ixtisoslashtirilgan korxona barpo etilyapti. Yiliga 200 tonna shifobaxsh choy ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona noyabr oyida ishga tushadi.Tabiiyki, “Buxoro brilliant silk”ning eksport salohiyati ham oshadi.Joriy yil yakuniga qadar korxona xorijiy buyurtmachilarga 4,5 million AQSH dollari miqdorida mahsulot yetkazib berish maqsadini oʻz oldiga qoʻygan.

Istam IBROHIMOV,
(“Xalq soʻzi”)

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?