Bir yoʻla 9ta bankning valyuta birjasi savdolarida ishtiroki toʻxtatib qoʻyildi

17:02 20 Mart 2019 Iqtisodiyot
772 0

Valyuta birjasi (OʻzRVB) savdolarida yoʻl qoʻyilgan muntazam qoidabuzarliklar sababli bir qator tijorat banklarining savdolardagi ishtiroki vaziyat aniqlashtirib olinguniga qadar vaqtinchalik toʻxtatildi. Bu haqda MB matbuot xizmati ”Xalq soʻzi”ga maʼlum qildi.

Qayd qilinishicha, bunday banklar soni 9tani tashkil qilmoqda: Hamkorbank, Turkiston bank, Hi-Tech bank, Universal bank, Invest finans bank, Ipak Yoʻli Bank, Savdogarbank, Trast bank, Aziya Alyans bank.

Valyutani tartibga solish sohasidagi qonunchilikni buzgani uchun mazkur banklarga nisbatan 2018 yil va 2019 yilning oʻtgan davrida 31 holatda jami 2.5 mlrd soʻm miqdorida jarima sanksiyalari qoʻllanilgan.

Shu bilan birga, tijorat banklari xorijiy valyuta oldi-sotdi amaliyotlarini birjadan tashqari valyuta bozorida amalga oshirish huquqini saqlab qoladi.

Bank mijozlari tijorat banki chet el valyutasini xarid qilish va sotishni rad etgan hollarda Markaziy bankning Bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga murojaat etishlari mumkin. Markaziy bank banklar oʻz vazifa va majburiyatlarini, shu jumladan mijozlarga yetkazilgan zararni qoplashini taʼminlashni koʻzda tutuvchi choralarni koʻrib boradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?