Bir guruh jamoat arboblari unutilgan nomni tiklash yo‘lida davlat rahbariga murojaat qilishdi

12:54 28 May 2018 Madaniyat
650 0
Foto: podrobno.uz

Mamlakatimizdagi bir guruh jamoat arboblari, xususan, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademiklari Naim Karimov, Ahmadali Asqarov, Xabibulla Akbarov, Tursunboy Rashidov, professor Yusuf Abdullayev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist Sanjar Yoqubov, jurnalistlar Ilmira Rahmatullayeva, A’lo va Elparid Xo‘jayevlar, Rahimjon Sultonov, siyosatshunos Nosir Toirov, hammasi bo‘lib yigirmaga yaqin kishi respublika hukumatiga Toshkent shahridagi ko‘cha yoki metro stansiyasida akademik H. M. Abdullayevning nomini tiklash taklifi bilan murojaat qildi.

Xatda geologiya fanining milliy va xalqaro miqyosdagi taniqli vakillarini H. M. Abdullayev nomidagi akademik medallar bilan taqdirlashni ham qayta yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikrlar bildirilgan. 

Bunday mulohazalar Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida 1956-62-yillarda O‘zbekiston FA prezidenti bo‘lgan taniqli geolog olim, ko‘plab nufuzli milliy va xalqaro mukofotlar egasi H. M. Abdullayevning hayotiyu faoliyatiga bag‘ishlangan “Buyuklikka yo‘l” kitobi taqdimoti marosimida ham bir necha bor ta’kidlandi, deyiladi rodrobno.uz xabarida.

Unda ishtirok etganlar O‘zbekiston fani va texnikasining taniqli vakiliga bag‘ishlangan kitob bugun jamiyatimizda amalga oshirilayotgan chuqur o‘zgarishlar sharofati bilan nashr etilganini e’tirof etishdi. Zero, ayni paytda boy tariximiz keng e’zozlanib, o‘z vaqtida iqtisodiyotimizga mustahkam poydevor yaratgan vatandoshlarimiz mehnati munosib baholanmoqda.

Ma’lum qilinishicha, 1992 yilda O‘zbekistonda ko‘plab xorijlik mehmonlar ishtirokida akademik Habib Abdullayevning 80 yilligi keng nishonlangan. 

O‘shanda Birinchi Prezident Islom Karimovning Farmoniga muvofiq, akademik Habib Abdullayev nomidagi diplom va oltin medal ta’sis etilgan. Bir necha yillar davomida olim ilmiy merosini o‘rgangan va oliy o‘quv yurtlari geologiya fakultetlari a’lochi talabalarni taqdirlash uchun jamg‘arma ham tashkil etilgan. 

Mazkur hujjatga ko‘ra, Toshkent metropolitenining Yunusobod metro liniyasi bekatlaridan biriga Habib Abdullayev nomi beriladi, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ko‘chalardan biri uning nomi bilan ataladi.

Keyinchalik jamg‘arma faoliyati tugatilib, diplom va akademik medallar berish ham to‘xtatildi. Habib Abdullayev ko‘chasi Mirzo Ulug‘bek deya, metro nomi esa “Shahriston” deya o‘zgartirildi.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?