Bir guruh surxondaryoliklarga “Mahalla iftixori” koʻkrak nishonlari topshirildi

12:38 07 Dekabr 2018 Jamiyat
241 0

“Xalq soʻzi Online”. Ilhom Rahmatov/Surxondaryo. Termiz shahridagi Sanʼat saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bagʻishlangan tadbirda viloyatda mahalla instituti ishlariga salmoqli hissa qoʻshib kelayotgan 25 faol, tashabbuskor fuqaro va jamoatchilik tuzilmalari vakillariga “Mahalla iftixori” koʻkrak nishoni tantanali tarzda topshirildi.

Prezidentimizning 2017 yil 13 iyuldagi “Mahalla iftixori” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, mazkur nishon jamiyatimizda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining oʻrni va rolini kuchaytirish, joylarda maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, millatlararo doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yosh avlodni ona-Vatanga muhabbat va istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, keng qamrovli profilaktika tadbirlari va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, mahalla fuqarolar yigʻinlarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish ishlariga munosib hissa qoʻshib kelayotgan faol, tashabbuskor fuqarolar va jamoatchilik tuzilmalari vakillari mukofotlanadi.

“Milliy qadriyat va anʼanalarimizni oʻzida mujassam etgan mahalla instituti jamiyatimiz rivojida ustuvor ahamiyat kasb etayotir. Koʻksimda “Mahalla iftixori” koʻkrak nishoni taqilarkan, benihoyat ruhlandim, yuksak gʻurur va iftixor tuygʻusini his qildim. Bu koʻkrak nishoni mening timsolimda mahalladoshlarim, har xonadon ahliga iftixor bagʻishlashi shubhasiz. Axir, har mahalla goʻyo bir oila. Neki, yutuqlarga erishsak, bu hamjihatlikdagi saʼy-harakatlarimiz samaradir. Toshguzar-Boysun- Qumqoʻrgʻon temir yoʻlining yirik stansiyasi bizning qadimiy Darband qishlogʻimizda bunyod etilib, kommunikatsiya, infratuzilma tarmoqlari yaratilishi, zamonaviy maktab, kollej va tibbiyot muassasalar faoliyati xalqimiz hayotida farovonlikni taʼminlayotir. Tinch va osoyishta, katta shaharlarga boʻylashayotgan qishloqda yashash zavqi mahalladoshlarimiz qalbida shukronalikni yana oshirmoqda”, - deydi Boysun tumanidagi “Sangchil” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Xolyor Nazarov.

Tantanali marosimda Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi B. Poʻlatov ishtirokchilarni qutlugʻ ayyom bilan muborakbod etib, koʻkrak nishonlarni oʻz sohiblariga topshirdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?