Bir guruh fazogirlar kosmonavtika kunini Oʻzbekistonda nishonlamoqda

14:34 12 Aprel 2019 Jamiyat
385 0

Foto: "Xalq so'zi"

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Bugun ertalab Rossiya Davlat Dumasining mudofaa boʻyicha qoʻmitasi raisi, Rossiya Qahramonlar Assotsiatsiyasi prezidenti, Rossiya Qahramoni, general Vladimir Shamanov boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasi Sirdaryoda boʻldi.

Delegatsiya tarkibida bir necha kosmonavt-uchuvchilar, xususan, vatandoshimiz, afsonaviy fazogir Vladimir Djanibekov, oʻzbek oʻgʻloni Solijon Sharipov ham bor.

Rossiyalik mehmonlar Sirdaryo viloyati ostonasidagi “Chehra” restoran –majmuasida kutib olindi. Non-tuz taomilidan soʻng ular oʻz qoʻllari bilan sumalak qozoni qopqogʻini ochishdi va muʼjizaviy bahor taomidan tatib koʻrishdi.Shu yerda folklor ansambllari chiqishlari, oʻzbek oshxonasi neʼmatlari va boshqa milliy ruhdagi koʻrgazmalar namoyish etildi.

Oʻz navbatida general Shamanov bolalar badiiy havaskorlik ansambli ishtirokchilarini Rossiya shokoladlari bilan siyladi.

Tantanada yillar davomida unutilmay kelinayotgan harbiy va doʻstlik mavzuidagi qoʻshiqlar ijro etildi.

Rossiya Qahramoni Vladimir Shamanov Sirdaryo va unga tutash Chinoz yerlarida koʻp bora boʻlganligini, bu joylar unga yoshligidan qadrdon goʻsha ekanligini aytdi. “Xalq soʻzi” muxbiriga delegatsiyaning yana bir aʼzosi, Rossiya Qahramoni Andrey Morozov ham hayotining bir qismi Oʻzbekistonda kechkanini, yaʼni Chirchiqda taʼlim olganligini bildirdi.

Tabdirda Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofurjon Mirzayev ishtirok etdi va soʻzga chiqdi.

Maʼlumot uchun, Rossiya delegatsiyasi ayni damda Jizzax viloyatining Mirzachoʻl tumanida boʻlib turibdi. Mehmonlar tuman markazidagi dunyoning birinchi kosmonavti Yuriy Gagarin haykali poyiga gullar qoʻydilar.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?