Bir-birini sog‘ingan ikki qardosh el

11:04 11 Aprel 2018 Jamiyat
928 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mintaqada yaxshi qo‘shnichilik va hamjihatlik muhitini chuqur qaror toptirish, uzoq-yaqin davlatlar bilan tinchlik, do‘stlik, har tomonlama hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga yuksak e’tibor qaratmoqda. O‘zbekiston yuritayotgan mana shunday pragmatik tashqi siyosat bugun jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilayapti, qo‘llab-quvvatlanayotir. Buni eng nufuzli xalqaro anjumanlarda, mashhur nashrlar, internet portallarida, tele va radiokanallarda taniqli ekspertlarning yurtimiz dunyoga ochilib borayotgani, xalqlar o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlashda muhim ko‘prik vazifasini o‘tayotgani haqidagi e’tiroflaridan ham bilish mumkin.
Davlatimiz rahbarining Turkmaniston, Qozog‘iston, Rossiya, Janubiy Koreya, Qirg‘iziston, Xitoy, Turkiya, Tojikistonga amalga oshirgan davlat tashriflari, ushbu mamlakatlar rahbarlari bilan turli nufuzli anjumanlar doirasida o‘tkazgan uchrashuvlari, muntazamlik kasb etayotgan o‘zaro muloqotlar hamkorlik aloqalari kuchayishiga katta turtki bermoqda.
Mamlakatimizdagi islohotlar, xususan, tashqi siyosatimizdagi yondashuv qondoshu jondosh qo‘shnilarimiz, qardosh va hamkor davlatlarda qanday kutib olinayotgani haqida “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” yo‘llanmasi bilan” rukni ostida gazetalarimizda turkum maqola hamda reportajlar berib borilayotganidan yaxshi xabardorsiz. Ana shunday materiallarning dastlabkilari Tojikiston, Qirg‘izistonda ijodiy safarda bo‘lib qaytgan hamkasblarimiz tomonidan taqdim qilindi. Kuni kecha Rossiya poytaxti Moskva shahridan maxsus muxbirimiz yuborgan material ham e’tiboringizga havola etildi.

Shu kunlarda “Xalq so‘zi” maxsus muxbiri Shavkat Ortiqov Turkiya Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turibdi. Ushbu maqola uning ilk taassurotlari, qardosh xalq vakillarining fikr-mulohazalariga asoslangan.
****

So‘zimizdan emas, ko‘zimizdan tushunamiz

Turkiyaga yo‘l olishdan avval Yurtboshimizning 2017 yil 25-26 oktyabr kunlari ushbu mamlakatga amalga oshirgan davlat tashrifi, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvi yozilgan videotasvirlarni qayta-qayta diqqat bilan tomosha qilib, ochig‘i, ikki yetakchining o‘zaro hurmat-ehtiromi, bir-birlariga “do‘stim, qardoshim” deya murojaat qilganliklaridan ko‘ngil yanada cheksiz hayajonga to‘ldi. Ayniqsa, OAV xodimlari bilan uchrashuvda bildirilgan samimiy fikrlar alohida e’tiborga loyiq:

“Biz qardosh o‘lka sifatida O‘zbekistonning har tomonlama rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaymiz, — dedi Rejep Tayyip Erdo‘g‘on. — Fikrlarimni o‘zbek shoiri Abdulla Oripovga tegishli quyidagi satrlar bilan ifodalamoqchiman:

...Muzaffar bo‘l, g‘olib bo‘l, o‘ktam,
Do‘stu yoring, qardoshing bilan.
Asrlarning silsilasida
Boqiy turgay koshonang sening”

Anjumandagi ushbu iliq taft davlatimiz rahbarining quyidagi so‘zlaridan so‘ng yanada harorat oldi:
“Ko‘zlarimizdan ko‘rinib turibdiki, 20 yillik mana shu tanaffus... biz bir-birimizni juda sog‘inganmiz. Turkiya Prezidenti bilan shunday suhbat qilishimiz, bir-birimizni yarim so‘zdan emas, gapirmasdan, ko‘zimiz bilan tushunishimiz — bu ko‘p narsani anglatadi”.
Darhaqiqat, ikki xalq vakillari quvonch bilan e’tirof etayotganidek, Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning siyosiy irodasi, qat’iyati tufayli O‘zbekiston va Turkiya hamkorligida yangi bir davr boshlandi. Barcha sohada hamkorlik kengayishi uchun zamin yaratilib, o‘zaro bordi-keldilar ko‘paydi, qator loyihalarni birgalikda hayotga tatbiq etishga kirishildi.

Dastlabki taassurotlar

...Rejalashtirgan materiallarimizning aksariyat qismi Turkiyaning rasmiy idoralari joylashgan Anqara shahridan tayyorlanishi bois “Turkish Airlines” aviakompaniyasining zamonaviy havo laynerida avval shu tomonga yo‘l oldik. Samolyotda mazkur mamlakat poytaxtigacha parvoz vaqti Istanbul shahri orqali qariyb olti soatni tashkil etdi. Bu unchalik ko‘p bo‘lmasa-da, baribir odam zerikishi mumkin. Lekin turizm sohasida katta tajribaga ega davlat aviakompaniyasi yo‘lovchilarga manzilga zerikmay yetib olishlari uchun qulaylik yaratish asnosida mamlakat targ‘ibotini ham o‘rinli yo‘lga qo‘ygani diqqatni tortdi. Gap shundaki, havo laynerida har bir yo‘lovchi o‘zi uchun alohida qo‘yilgan monitor orqali Turkiyaning eng diqqatga sazovor shaharlari, ziyorat, gastronomik, sport va turizmning boshqa yo‘nalishlari haqida 5-10 daqiqalik videolavhalarni tomosha qilish imkoniyatiga ega. Bu bilan mehmon ushbu davlat to‘g‘risida dastlabki tasavvurga ega bo‘ladi. Qolaversa, yo‘lovchilar eng so‘nggi yangiliklarni matn shaklida o‘qishlari yoki dunyoga mashhur axborot uzatuvchi telekanallarni onlayn rejimida tomosha qilib ketishlari mumkin. Filmlar, musiqiy albomlar, parvoz bilan bog‘liq ma’lumotlar ham, tabiiyki, monitor dasturidan joy olgan. To‘g‘ri, hozir internet ancha rivojlangan davrda biror-bir mamlakat haqida xabardor bo‘lish qiyin emas. Lekin aynan parvoz vaqtidan unumli foydalanib, xorijiy yo‘lovchilarga davlatingizni tanishtirish, videolavhalar taqdim etish orqali ularning qiziqishini orttirish — bu o‘ziga xos usul va yondashuvdir. Aytish joizki, bunday tajriba ayni paytda ko‘plab ilg‘or davlatlar qatori mamlakatimiz Milliy aviakompaniyasi samolyotlarida ham yo‘lga qo‘yilib, takomillashtirib borilayotgani quvonarli holdir.

...Havo layneri uchuvchisi hademay Anqara shahriga qo‘nishimizni, u yerda harorat 22-23 daraja iliq atrofida ekanini e’lon qilgach, oynadan beixtiyor tashqariga qarayman. Turkiya poytaxtining atrofi unchalik katta bo‘lmagan tog‘lar bilan o‘ralgan, ya’ni vodiyni eslatadi. Yo‘lda hamsuhbat bo‘lgan mahalliy aholi vakillarining aytishicha, bu yerning yozi boshqa hududlardan farqli o‘laroq, quruq issiq, qishi esa ancha sovuq kecharkan. Tez-tez kuchli shamol esib turadi. Shaharning ko‘p qismi pastu balandliklardan iborat.

Samolyotdan tushib, shuni his qilish mumkinki, ob-havo O‘zbekiston iqlimiga juda yaqin. Belgilangan manzilga yetib borib, shahar markazidagi mehmonxonalardan biriga joylashgach, kaminaga berilgan “Bepul servis xizmatlari”ga oid ma’lumot ham diqqatni tortdi. Turkiya dunyo bo‘yicha turistlar eng ko‘p tashrif buyuradigan davlatlardan biri sanaladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yilda 32 milliondan ziyod kishilar ushbu mamlakatga turist sifatida kelgan. Shuning uchun ham ularda yo‘lga qo‘yilgan servis xizmati qiziqishga sabab bo‘ladi. Balki bu kimgadir mayda tafsilotlar sifatida tuyulishi mumkin. Ammo sayyohlar biror-bir mamlakatga borishda mehmonxona xizmatiga alohida ahamiyat qaratishlarini inobatga olsak, mazkur masala bo‘yicha xalqaro tajribalarga e’tibor qilish ham foydadan xoli emas. Bepul taklif etiladigan xizmatlar sifatida avtoturargoh, simli va simsiz internet, kunlik gazetalar, boy menyuga ega nonushta, har kuni suv va qahva yetkazib berish, liboslarni dazmollash, 24 soat mobaynida kompyuter va printerdan foydalanish, fitnes markaz, hammom, hatto tabiatan yostiq tanlaydigan injiqroq mijozlar uchun keng assortimentdagi yostiqlar ham taklif qilinishi ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, mehmonning qo‘liga kelgusi besh kun uchun shaharda kutilayotgan ob-havo haqida ma’lumot ham taqdim etiladi. “Hozir smartfonlar ancha ommalashgan, ob-havoni ko‘rsatadigan ilova dasturlari ko‘paygan bir paytda shu kerakmi?” dersiz. Lekin telefoni yonida yo‘q kishi uchun bunday ma’lumot olish ayni muddao. Qolaversa, buni taqdim etish mehmonxona uchun ham qiyinchilik tug‘dirmaydi. Maqsad — mijozga har tomonlama namunali xizmat ko‘rsatishga intilishdir.

Aksariyat mehmonxonalarda ushbu turdagi xizmatlarni uchratar ekansiz. Goh-gohida xodimlar xonangizga telefon qilib, muloyim ohangda “Jihozlarimizdan foydalanishda qiynalmayapsizmi?”, “Biror narsa kerak emasmi?”, “Sog‘lig‘ingizda muammo tug‘ilsa darhol xabar qiling”, deya iltifot ko‘rsatishadi, ahvolingizdan xabardor bo‘lib turishadi. Bu ham e’tiborning bir ko‘rinishi, albatta.

Hurmat-ehtirom va do‘stlik ifodasi
Turkiyaga kelgan kunimiz hafta so‘ngiga to‘g‘ri kelgani uchun Anqaraning diqqatga sazovor joylarini ko‘rish, odamlari bilan muloqot qilish, O‘zbekistonga bog‘liq jihatlarni kuzatish imkoni bo‘ldi.
Mamlakat poytaxtiga tashrif buyurgan kishi borki, albatta, Turkiya Respublikasining birinchi Prezidenti Mustafo Kamol Otaturk mangu qo‘nim topgan Anitkabir yodgorlik majmuasini ziyorat qiladi. Taksi yollab, o‘sha manzil tomon yo‘l oldik. Mehmonxonadan taxminan 10 daqiqalik joy. Bu orada haydovchi bilan tanishib, qisqacha suhbatlashdik. O‘zini Haydar Kutluju deb tanishtirgan taksi boshqaruvchisidan “O‘zbekiston haqida nimalarni bilasiz?” deya so‘radim.
— O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlarini ko‘p eshitganman, — deydi u. — O‘zim asli Kars shahridanman. O‘sha yerda yashaydigan yaqin bir do‘stim yurtingizga sayyoh sifatida boribdi. Asosan, o‘sha gapirib bergan. Hozir ham O‘zbekistonni eslatsangiz, soatlab maqtaydi. Ochig‘i, shuning uchun juda qiziqib qolganman. Lekin hali imkonim bo‘lmadi borishga. Niyatim bor, bir kun baribir ko‘rib kelaman. Eshitgandan ko‘ra, o‘zing ko‘rganing boshqacha-da. Aytgancha, bu yerda o‘zbek oshxonalari ko‘p. Biz, turklar sizning taomlaringizni juda yaxshi ko‘ramiz. O‘sha tomonlarga tez-tez mijoz olib borib turaman. Vaqtingiz bo‘lsa, siz ham bir boring.
Bir zumda manzilga yetib keldik. Mashinadan tushayotganimda, Haydar “Sayohatingiz mazmunli o‘tsin”, dedi. “Rahmat. O‘zbekistonga, albatta, boring!” deya unga oq yo‘l tiladim. Shu qisqa suhbatimiz samimiy kechganidan, taksi haydovchisining madaniyatidan ko‘ngilga iliqlik yugurdi.

Anitkabir yodgorlik majmuasi 750 ming kvadrat metr hududni egallagan bo‘lib, maqbara, anjumanlar maydoni, muzey, bog‘ va boshqa ob’ektlardan tarkib topgan. Bu yerga dunyoning turli mintaqalaridan ziyoratchilar tashrif buyuradi. Majmuaning hovlisidagi maydon 15 ming kishilik sig‘imga ega. Uning shundoqqina yonida 262 metrlik “Arslonli yo‘l” deb nomlanuvchi yo‘lak qurilgan. Bu yerda 24 ta sher ikkitadan yonma-yon qilib, yotgan holatdagi ko‘rinishda joylashtirilgan. Ta’kidlashlaricha, haykallarning yonma-yon qo‘yilishi birlik, hamjihatlik ramzi, uning yotgan holatda joylashtirilgani esa mazkur mamlakatning tinchliksevarligini ifodalaydi. Majmua muzeyida Otaturk foydalangan ashyolar, kitoblar, avtomobillar, shuningdek, o‘sha davrga oid jihozlar, qurol-aslahalar namunalari bor.

Turkiyaga kelgan yuksak martabali mehmonlar ham ushbu majmuani ziyorat qilishadi. Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili davlat tashrifi doirasida Anitkabir majmuasida ham bo‘lib, Mustafo Kamol Otaturk xotirasiga hurmat bajo keltirgandi.

Bu yerdan chiqib, shaharni, bir oz bo‘lsa-da, yayov aylanish istagi tug‘ildi. Sayr chog‘ida mahalliy aholini yaqindan o‘rganasiz, ko‘cha-ko‘y, manzillar haqida tasavvur hosil qilasiz. Dam olish kuni bo‘lgani uchun tashqarida odam kamroq. Ba’zi ko‘p qavatli uylar hovlisidagi so‘lim dam olish maskanlarida kitob, gazeta o‘qiyotgan, suhbatlashayotgan, jismoniy mashq qilayotgan, farzandi bilan o‘ynayotgan, qisqasi, mazmunli hordiq chiqarayotgan odamlarga ko‘zingiz tushadi. Poytaxt bo‘lgani bois har tarafda vazirlik va idoralar binolari joylashgan. Yo‘llarning aksariyati tor. Qarangki, Chankaya tumanining Baxchelievler mahallasidagi bir ko‘chadan o‘tayotib “Taskent caddesi”, ya’ni “Toshkent ko‘chasi” degan yozuv e’tiborimni tortdi. Bunday paytda kishi ko‘nglidan o‘zgacha hayajon kecharkan. Ko‘cha juda chiroyli, toza va ozoda. Keyinroq bilishimcha, aynan O‘zbekistonga bo‘lgan hurmat-ehtirom, do‘stlik ifodasi sifatida ko‘chaga poytaxtimiz nomi berilgan ekan. Turkiyaning yana bir mashhur shahri — Ko‘niyoda ham Toshkent tumani mavjud.

“O‘g‘limning hujjatlarida tug‘ilgan joyi Toshkent, O‘zbekiston deb yozilgan”
Darvoqe, ushbu mamlakatga safar oldidan Turkiya Bosh vaziri devoni huzuridagi Matbuot va axborot bosh boshqarmasi xodimi Rejep Karago‘zlu biz bilan bog‘lanib, bu yerdagi uchrashuvlarni tashkillashtirish, manzillarga borishda amaliy yordam ko‘rsatishlarini aytgandi. Anqarada o‘sha inson bilan ko‘rishdik. Poytaxt sayrini u bilan davom ettirdik. O‘z navbatida, mehmon o‘zbek oshxonalarini ko‘rsatish taklifini ham bildirdi. Yo‘l-yo‘lakay hamrohim bilan suhbatimiz qo‘r oldi.
— O‘zbekiston men uchun judayam qadrli mamlakat, — deya gap boshladi u. — Yurtingizdan kimdir Turkiyaga kelishini eshitsam, xuddi yaqin bir insonim tashrif buyurayotgandek behad quvonaman. Bilasizmi nimaga? Men 2000 — 2005 yillarda Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasida matbuot kotibi vazifasida faoliyat yuritganman. Besh yilim o‘sha yerda kechdi. Shuning uchun O‘zbekiston men uchun Vatanimdek aziz. Qayerdadir O‘zbekistonning nomini eshitsam, u haqda qandaydir yangilikdan xabar topsam, hamma vaqt qiziqaman. Noto‘g‘ri talqinlarga ko‘zim tushsa, dilim og‘riydi. Odamni g‘ururlantiradigan yangilikdan voqif bo‘lsam, o‘zbeklardek faxrlanaman.
O‘tgan yilning oktyabr oyida mamlakatingizga borish nasib qildi. Judayam sevindim. Chunki yana Toshkentni, qadrdon chehralarni ko‘rish — ta’riflab bo‘lmas his-tuyg‘u bag‘ishlarkan odamga. Poytaxtingiz juda tez sur’atda o‘zgarganiga guvoh bo‘ldim. Qariyb 12 yildan keyin ko‘rganim uchun yangiliklar menga darrov sezildi. Bu bejiz emas. Chunki O‘zbekistonni salohiyati yuksak mamlakat sifatida bilamiz. Tabiiy zaxiralarga boy, madaniyati yuksak, turizm imkoniyatlari keng, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi go‘zal shaharlari bor davlat. Masalan, Buxoroni olsak, bu tarixiy maskanda bo‘lish kishiga o‘zgacha taassurotlar bag‘ishlaydi. U yerni shunchaki ko‘rib qaytish to‘g‘ri kelmaydi. Buxoroni bilish, his qilish, yaqindan o‘rganish uchun bir-ikki kun qolib, obdan kezish, boshqacha aytganda, havosiga to‘yish kerak. Xiva ham shunday. Ushbu shaharni bir marta borib sayohat qildim. Qaniydi, yana borsam, deyman. Shuning uchun ham O‘zbekiston haqida doimo to‘lib-toshib, to‘lqinlanib gapiraman.
Sizga aytsam, yurtingiz bilan bog‘lab turadigan yana muhim jihatlar ko‘p. Mamlakatingizga borishdan avval farzandimiz bitta edi. O‘sha yerda bog‘chaga, maktabga qatnadi. 2001 yili Toshkentda ikkinchi o‘g‘lim dunyoga keldi. Turmush o‘rtog‘im homilador vaqtida qarindoshlarimiz telefon qilib: “Turkiyaga qayt, farzanding shu yerda tug‘ilsin”, deyishdi. Lekin uning o‘zi bunga ko‘nmadi. “O‘g‘limiz O‘zbekistonda tug‘ilishini xohlayman”, dedi. Shifokorlarga rahmat. Juda katta e’tibor bilan qarashdi. O‘zbekiston bilan bizni doimo bog‘lab turadigan jihat bo‘lsin, deb farzandimizga Jayxun, deya ism qo‘ydik. Uning hujjatlarida tug‘ilgan joyi Toshkent, O‘zbekiston deb yozilgan.
Hozir o‘g‘lim yurtingizni, o‘zi dunyoga kelgan Toshkentni borib ko‘rishni istaydi. Albatta, boradi. Bu borada muammo yo‘q. Gap shundaki, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Turkiya fuqarolari uchun ham O‘zbekistonda 30 kunlik muddatga vizasiz rejim joriy qilindi.
— Ayni mana shu yengillikni, umuman, Turkiyada qanday qabul qilishdi? Matbuot sohasi vakili sifatida siz odamlarning taassurotini yaxshi bilasiz? — so‘raymiz Rejep Karago‘zludan.
— Tabiiyki, juda katta xursandchilik bilan kutib olindi. Viza bo‘lmasa qandoq yaxshi. Chiptangni olasan, yo‘lga chiqasan. Yugur-yugur, hujjat to‘g‘rila, degan tashvish bo‘lmaydi. Aksincha, rasmiyatchiliklar odamni bezdiradi va bunday holatga tushadigan ko‘pchilik safaridan voz kechib ham qo‘ya qoladi. Shuning uchun viza borasida yengillik juda muhim. Endi bir oy davomida bemalol yurish mumkin. Turkiyada O‘zbekistonga sayohat qilishni, Samarqand, Buxoro, Xivani ko‘rishni xohlovchilar ko‘p. Bordi-keldilar kuchaysa, hamma minnatdor.
Suhbatimiz qizg‘in davom etdi. Mashinada ketib borarkanmiz, hamrohim bu orada shaharning diqqatga sazovor joylarini tanishtirishni ham unutmasdi. “Mana bu muz saroyi, anavi basketbol majmuasi, hov yuqoridagi inshootlar tarixiy qal’a”... Anqaraning eng ko‘rkam qismida Amir Temur bog‘i ham bor ekan. Darvoqe, 9 aprel kuni O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi ko‘magida mazkur joyda ulug‘ sohibqiron tavalludiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Unda yurtimiz vakillari, Turkiyada akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus xodimlari qatnashdi. Amir Temurning buyuk sarkarda, davlat arbobi bo‘lgani haqida fikrlar bildirildi.

Biz Anqaraning Kechio‘ren tumaniga yo‘l oldik. Shaharning eng yuqori nuqtasida, yoqimli shamol esadigan, tabiati go‘zal, hamma joy kaftdek ko‘rinadigan manzilda “Estergon qal’asi” mavjud bo‘lib, uning hududida muzey, do‘kon va e’tiborlisi, “Ozbek sofrasi” (“O‘zbek dasturxoni”), “Samarkand sofrasi” (“Samarqand dasturxoni”) nomi bilan yuritiluvchi ikkita milliy oshxonamiz ishlab turibdi.
“O‘zbek dasturxoni” deya yozilgan tamaddixonaga kirganimizda  o‘zbek yigitlari ochiq chehra bilan kutib olishdi. O‘zbekcha qo‘shiq yangrab turibdi. Zallar milliy uslubda bezatilgan bo‘lib, yurtimiz qadriyatlari, an’analari, hunarmandchiligi haqida tasavvur hosil qilish mumkin. Choynak, piyola, kosa... hamma-hammasi O‘zbekistondagi kabi. Oshpaz bilan tanishdik — Ilhom To‘xtayev, Jizzaxdan. Bu yerda 12-13 yildan buyon ovqat tayyorlaydi. Aytishicha, milliy taomlarimizdan osh, manti, somsa, qozonkabob, lag‘mon, xonim, deyarli hamma turlari pishirilarkan.
— Asosan, palov bilan mantiga talab katta, — deydi oshpaz.

—    Bir kunda taxminan qancha kishiga xizmat ko‘rsatasizlar?

— 100 kishi atrofida mijoz keladi. Talabdan kelib chiqib, ba’zi taomlarimizni qisman o‘zgartirganmiz. Masalan, oshni bir oz yog‘sizroq qilamiz. Somsani tandirda emas, pechda pishirilganini so‘rashadi. Umuman olganda, taomlarimizga e’tibor katta. Ancha yillardan beri kelayotgan mijozlarimiz ham bor. O‘zingiz fikrlarini so‘rab ko‘ring.

Ko‘rpacha solingan karavotda oilaviy o‘tirib, sho‘rva ichayotganlar e’tiborimizni tortdi. Ulardan bezovta qilganimiz uchun uzr so‘rab, ikki og‘iz taassurotlarini o‘rgandik.

— Anqaradanmiz. Bu oshxonaga 10 yildan beri kelamiz, — deydi o‘zini Aykut Baygar deb tanishtirgan kishi. — Ilk bor bu yerga taom yeyish uchun kirgan vaqtlarimizda turmush o‘rtog‘im Go‘zde bilan hali oila qurmagan paytlarimiz edi. Yaxshi xotiralarimizni yodga soladi bu maskan. Mana, ko‘ryapsiz, hozir qizimiz bor. Bir yarim yoshda. Ismi — Alya. Bizga o‘zbek oshxonasidan osh va sho‘rva juda yoqadi. Bunaqa lazzatni hamma joyda ham uchratmaysiz.

Albatta, bunday iliq fikrlar odamga xush yoqadi. Ushbu maskanga tutash  “Samarqand dasturxoni”dagi muhit ham ta’sirli. O‘zbekona qo‘shiq, idishlar, yerga ko‘rpacha solingan xonalar... Bir yonda o‘tov bor. Bu yerdagilarning aytishicha, kuniga 100 — 200 kishi atrofida mijozlarga xizmat ko‘rsatishadi. Osh, somsa, manti — eng ko‘p so‘raladigan taomlar sirasidan.

— Biz ham oilamiz bilan o‘zbek taomlarini sog‘inganimizda aynan shu yerga kelamiz, — deya ta’kidladi hamrohim.

“Yurtingizdagi jadal islohotlarni yoritish biz uchun muhim”

Safarning navbatdagi kunida “TRT” teleradiokompaniyasining “TRT Haber” telekanalida bo‘ldik.

Qisqacha aytib o‘tish kerakki, “TRT” teleradiokompaniyasi 14 ta tele va shuncha radiokanalni birlashtirgan yirik mediakompaniyadir. Veb-sayti va radiokanallari orqali 41 tilda, jumladan, o‘zbek tilida ma’lumot va xabarlar taqdim etadi.

“TRT Haber” kanalining Xorij xabarlari bo‘limi boshlig‘i Ahmed Go‘rmez yurtimiz haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:

— O‘zbekistonga so‘nggi ikki yil ichida ikki bor bordim. Dastlabkisida mavjud holat bilan yaqindan tanishishga fursat bo‘lmagandi. Ammo oxirgi safarim davomida uch-to‘rt kun qolib, muayyan tasavvur hosil qildim. Ham iqtisodiy, ham siyosiy, tashqi dunyoga ochilish nuqtai nazaridan islohotlar, o‘zgarishlar juda katta ekanini ko‘rdim. Boshqacha aytganda, mamlakatingiz rivojlanishning yangi bir bosqichiga o‘tgan.
Yurtingiz Turkiya uchun muhim ahamiyatga ega davlatlardan biri hisoblanadi. Shuning uchun ham O‘zbekistondagi taraqqiyot jarayonini, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Harakatlar strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan yangilanishlarni bu yerdan turib ham doimo katta qiziqish bilan kuzatib, tomoshabinlarimiz, tinglovchilarimiz, saytimiz o‘quvchilariga tanishtirib boramiz.
O‘zbekiston rahbari mamlakatni jadal rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab tashabbuslarni ilgari surmoqda. Tashqi siyosatdagi pragmatik yondashuv, ichki salohiyatdan foydalanish, aholiga qulaylik yaratish bo‘yicha ezgu sa’y-harakatlar ko‘zga yaqqol tashlanmoqda. Eng asosiysi, tashabbuslar shunchaki aytilib, qolib ketayotgani yo‘q. Ko‘rayapmizki, maqsad qilingan har bir ish amaliy ijrosini ham topayotir. Odamlar buni his etmoqda. Eng muhimi, shu aslida.

“TRT” vakillari O‘zbekistonga tez-tez borib turishadi. Hamkasblarimiz ham hamisha yaxshi taassurotlar bilan qaytishadi. Qolaversa, O‘zbekistonda teleradiokompaniyamizning bo‘limi bir necha yildan beri faoliyat ko‘rsatadi. U yerdagi jurnalistlarimiz, tabiiyki, o‘zgarishlarni bizdan ko‘ra yaxshiroq his etishadi. Shuning uchun O‘zbekistonga borganimda vakillarimiz bilan o‘tirib, dildan suhbatlashdik. Ular ham jadal islohotlarni hayrat bilan gapirib berishdi. Misol uchun, sohamizdan kelib chiqib, yanada erkin faoliyat yuritish imkoni yaratilganini mamnuniyat bilan ta’kidlashdi.

Yuqorida qayd etganimdek, O‘zbekiston haqida muntazam xabarlar tayyorlaymiz. Hatto o‘zbek oshxonasini tanishtiradigan ma’lumotlar berib boramiz.

Yaqinda “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Ana shu anjumandan so‘ng O‘zbekiston bo‘yicha ikkita yo‘nalishda xabar tayyorlab, efirga uzatdik. Birinchisi, anjuman tafsilotlari xususida bo‘lsa, ikkinchisi, “O‘zbekistonda qanday o‘zgarishlar kuzatilmoqda?” mazmunidagi reportaj edi. Iliq kutib olindi.

Ochig‘i, O‘zbekiston va Turkiya munosabatlarida bir oz tanaffus bo‘ldi. Bugun vaziyat yaxshi tomonga o‘zgardi. Munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Endi vaqtni boy bermay, biz, jurnalistlar ham qo‘limizdan kelganicha harakat qilishimiz, hamkorlik haqida materiallar tayyorlashda faollik ko‘rsatishimiz lozim.

Shavkat ORTIQOV,
«Xalq so‘zi» maxsus muxbiri.
Turkiya Respublikasi, Anqara shahri

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?