Biologik xilma-xillik kelajak uchun qay darajada muhim?

04:09 23 May 2020 Siyosat
101 0

Bioxilma-xillik oʻzi nima? – degan savolga koʻpchilik mujmal qilib bu “tabiat” yoki “yovvoyi hayvonlar” deb javob beradi. Ammo Bioxilma-xillik ancha keng tushuncha boʻlib, u hayotning barcha turlarini va sayyoramizda mavjud tabiiy tizimlarni oʻz ichiga oladi.

Bioxilma-xillik turgʻun tushuncha emas. U tabiat barcha biologik qismlarining oʻzaro bogʻliqligi va bir-birini taqozo etishini tan oladi. Koʻpincha mazkur tushunchaning uch darajasi farqlanadi: turlarning biologik rang-barangligi – barcha oʻsimliklar va hayvonlarning, shu jumladan, turli bakteriyalar va mikroorganizmlarning rang-barangligi; genetik rang-baranglik – turlardagi genetik materialning rangbarangligi va ularning oʻrtasidagi bioxilma-xillik; ekologik tizimlarning rang-barangligi – ekologik tizimlarning boyligi (masalan, togʻ oʻrmonlari, choʻllar yoki savannalar, sahrolar va dengizlar va h.k.). Bu uch daraja jamuljam holda bioxilma-xillikni tashkil etadi. Shu sababli, mazkur darajalarning har birini asrash umuman bioxilma-xillikni asrash uchun muhimdir.

Bioxilma-xillikka boshqacha koʻz bilan qarash ham mumkin. Chunonchi, biz “biosfera”da, yaʼni sayyoramizning jonli qismida yashaymiz, deb aytish mumkin. Biosfera – juda faol substansiya, lekin oʻzining turli biologik qismlarining boyligi tufayli, u hayotni asrash nuqtayi nazaridan juda barqarordir. Biosfera faqat biologik hayotning boyligi tufayli sirtdan koʻrsatilgan taʼsirlar (shoklar, qoʻzgʻatishlar)ga dosh beradi.

Bunda aralashuvlar tabiiy (masalan, quyosh faolligidagi tafovut) yoki odamlar qoʻli bilan amalga oshirilgan (oʻrmonlarni kesish, qurilish yoʻli bilan vayron qilish va h.k.) boʻlishi mumkin. Yerda hayotning rang-barangligi qancha kamaysa, biosferaning sirtdan aralashuvlarga taʼsirchanligi shuncha ortadi. Bioxilma-xillik qancha kam boʻlsa, sayyoramizning uzoq muddatli istiqbolda yashab qolish imkoniyatlari shuncha oz boʻladi.

Bioxilma-xillik mamlakatimizda xalqning iqtisodiy, estetik, sogʻliqni saqlashga oid va madaniy farovonligining muhim manbai hisoblanadi. Ammo butun dunyoda bioxilma-xillik kamayib borayotgani, chunonchi, noyob genlar, turlar va ekologik tizimlar yoʻq boʻlib ketayotgani yurtimizga ham tahdid solmoqda. 

Buning sababi bitta – odamlar. Odamlar shunday bir sharoitlarni yaratdilarki, ularda yoʻq boʻlib ketgan turlar miqdori 65 million yil oldingi dinozavrlar davridan boshlab butun tarix mobaynida yoʻq boʻlib ketgan turlar miqdoridan ham koʻproqdir.

Agar bioxilma-xillik yoʻqolishining hozirgi tezligi saqlanib qolsa, odamlarning tabiiy yashash joylarini buzish, ifloslash, iqlimni oʻzgartirish borasidagi harakatlari natijasida sayyoramizdagi turlarning yarmi 100-yildan ham kamroq vaqt ichida yoʻq boʻlib ketadi.

Masalan, soʻnggi 40 yil davomida baliq ovlash yiliga 20 mln. tonnadan 135 mln. tonnaga oshdi. Baliq zaxiralarining 75 foizi yoʻqolib ketdi. Shunga qaramasdan Yer yuzida yashovchi insonlarning har beshinchisining ovqatlanish ratsioniga baliq kiradi.

Bioxilma-xillikka odamlar taʼsirining bosh omillari biologik resurslar isteʼmolining oʻsib borayotgani, insonning ishlab chiqarish faoliyati, qishloq xoʻjaligi hamda odamlar yashaydigan joylar kengayib borayotganidir.

Bu odamlar rivojlanish jarayonlarini, oʻz isteʼmoli, savdo-sotiq va hokazolarni butunlay toʻxtatishi kerak, degan maʼnoni anglatadimi?

Yoʻq, anglatmaydi. Ammo, insonning hayot faoliyati va mavjudligi uchun neʼmatlar ishlab chiqarish jarayonida Bioxilmaxillikka ziyon-zahmat yetkazmaslik va uni kelajak avlodlar uchun saqlab qolish yoʻllarini topish ustida barcha odamlar bosh qotirishlari lozim.

Bioxilma-xillikning ahamiyati nima?

Bioxilmaxillik – odamlar hayoti uchun muhim resurslar manbai. Bioxilmaxillikning yovvoyi va xonaki (madaniylashtirilgan) komponentlaridan biz oziq-ovqat, kiyim-kechak, ovqat pishirish va uy qurish, mebel yasash uchun yogʻoch, tibbiyot, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish uchun materiallar olamiz.

Bioxilmaxillikdan olinadigan foydani ikki qismga ajratish mumkin.

Biologik xizmatlar: Oʻzbekiston asosan qishloq xoʻjalik mamlakati. Ammo qishloq xoʻjaligida ishlab chiqarish toʻlaligicha tabiat sifatiga bogʻliq. Bioxilma-xillik maqbul sifatni quvvatlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatadi. Biologik turlar rang-barangligi qancha kam boʻlsa, ular shuncha kam xizmatlar koʻrsatadi va qishloq xoʻjalik ishlab chiqarishi hamda qishloqlardagi hayot uchun tabiiy resurslar sifati shuncha past boʻladi.

Mahsulotlardan toʻgʻridan-toʻgʻri foydalanish: Mamlakatimizda Bioxilma-xillik mahsulotlaridan foydalanish yonilgʻi sifatida ishlatish uchun yogʻoch yigʻish, ovchilik, oziq-ovqat sifatida ishlatiladigan oʻsimliklarni, dorivor giyohlarni terish va hokazolar orqali amalga oshiriladi. Bioxilma-xillik mahsulotlaridan foydalanish koʻpincha nooqilona amalga oshiriladi. Yaʼni, tabiat tiklashga qodir boʻlgan darajadan koʻproq yigʻiladi.

Yurtimizda ham yildan-yilga bioxilma-xillik yoʻqolib bormoqda. Buning asosiy sababi bioxilma-xillik mavjud tabiiy joylar asosan qishloq xoʻjaligining kengayishi hisobiga buzilib ketyapti.

Bunday muammolarning oldini olish, aholining ekologik madaniyatini yana-da yuksaltirish, yoshlarda tabiatga ehtirom tuygʻusini kuchaytirish, biologik xilma-xillikni asrashga yoʻnaltirilgan loyihalarda jamoatchilikning faolligini yana-da oshirish dolzarb vazifadir.

Nosirjon AMINOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?