Bilak kuchini aql va yurak kuchiga aylantiraylik!

19:03 27 Mart 2019 Jamiyat
1154 0

Arxiv foto

Hayotimizda uchrayotgan baʼzi soʻnggi voqealar mening eʼtiborimni tortib, maʼlum fikrlarni uygʻotdiki, sizlar bilan oʻrtoqlashmoqchiman.

Birinchisi, shu kunlarda Toshkentning tungi klublaridan birida bilagi va beli kuchga toʻlgan yigitchalarning oʻzaro mushtlashuvi boʻlsa, keyingisi shu hafta ommalashgan feyk xabar — Diniy idora nomi bilan qilingan soxta fatvo, bugungi xabar esa sportchilardan birining pichoqlangani boʻldi. Uchalasining tubida ham yovvoyilik, maʼlum maʼnoda mutaassiblik yotadi.

Meni bir savol qiynaydi, nima uchun qadim Turon zaminida taraqqiyot, rivojlanish boshlansa, meʼyor qolib ketadi-da, jilovlar yechilib ashaddiy jaholatga berila boshlaydi. Millatimiz tarixida bunday holatlar koʻp hollarda falokatga, mamlakatdagi vaziyatni jar yoqasiga olib kelib qoʻyganini kuzatganmiz. Bugun dunyoda rivojlangan, aholisi asosan musulmon fuqarolar boʻlgan, iqtisodiyoti moʻjizalarga erishayotgan davlatlar bundan mustasno, albatta.

Jismoniy kuch bilan masalani hal qilish odamni tosh asriga qaytaradi. Bilimi va ilmi yoʻq inson uchun kimnidir urib-agʻdarish, jamoaviy mushtlashish yoki uni jismonan yoʻq qilishga chorlash eng oson yoʻl. Bu degradatsiya, bu demoralizatsiya, kurashning eng pastkash, jirkanch — primitiv koʻrinishi.

Inson bu dunyoga bir marotaba kelar ekan, Yaratgan Egam unga chiroyli yashab, iz qoldirishi va oxirati uchun zamin yaratishiga imkon beradi. Eskicha aytganda, zurriyot qoldirib, imorat qurib, bir koʻchat ekish imoniyatidir. Bilimi, bilagida kuchi bor odam aslida kuchini shunga sarflashi kerak. Aqlni feysbukdagi tortishuvlarga, gʻiybat qilish, yoki kimnidir urib, oʻzicha “jazosini” berishga emas.

Shu yaqin vaqt orasida Oʻzbekistonning siyosiy-ijtimoiy soʻzlashuvida va jugʻrofiy xaritasida uchta “M” paydo boʻldi. Bu yangi qoʻshilgan shahar yoki qishloq emas, bu Prezident Shavkat Mirziyoyev bizning eʼtiborimizni qaratgan uchta “M”dir. Bular obodlikning “O” harfi qolmagan Manas, Orolqum ichidagi Moʻynoq, xarobaga aylangan Mirzachoʻldir. Aslida, bu hududlar avval ham boʻlgan, ammo biz ushbu hududlardagi holatga koʻnikkan, eʼtibor bermay qoʻygan edik.

Qadimda odamlar buyuk qurilishlarda ishtirok etib faxrlanganlar. Bugun bizga qadimgi Misr ehromlari yoki qudrat belgisi boʻlgan Kolizey kabi tarixiy obidalarni qurish imkonini berdi. Tan olib aytish kerakki, oʻtgan asrning oʻrtalaridagi BAM qurilishi, Mirzachoʻl oʻzlashtirilishi, Fargʻona kanalining qazilishi, Xalqlar doʻstligi saroyining qurilishi singari qahramonliklarga intilish oxirgi paytda yurtimizda soʻngan edi.

Soxta tavoze bilan emas, chin koʻngildan aytmoqdaman, bugungi islohotlar bizga qahramonlik koʻrsatish, matonat koʻrsatish, bilagimiz va belimizdagi kuchdan foydalanib, tarixda qolish imkoniyatini bermoqda. Xalqimiz “Mehnat insonni ulugʻlaydi” deb bejiz aytmaydi.

Bugun XXI asrda qoʻshnimiz dunyoning 50 ta mamlakati orasida boʻlganida, dunyo yoshlari global muammolar bilan shugʻullanib, buyuk kashfiyotlar qilayotganida biz ham oʻzimizning yoʻlimizni topishimiz kerak. Bunga esa faqat mehnat, mehnat va yana mehnat olib boradi. Bizga hech kim chetdan kelib qilib bermaydi, bu aniq! Qilib berishi ham kerak emas, aslida!

2016 yilning kuzida Prezident saylovoldi kampaniyasida boshlangan oʻzgarishlar, yangilanishlar bizda ijobiy va koʻtarinki kayfiyat uygʻotdi. Ammo emotsiyalardan amaliy mehnatga oʻtib, qoʻlimizdan keladigan mehnat bilan mamlakatimizni rivojlantirishga hissa qoʻshishimiz kerak. Bu eyforiya emas, bu hissiyotlarsiz kuch va qudratimizni koʻrsatib, mamlakatni oʻzgartirish imkoniyatidir. Axir qayerda ilm, taʼlim-tarbiya boʻlsa, johillikka oʻrin qolmaydi. Bilak kuchini aql va yurak kuchiga aylantiraylik!

Kuchini qayerga ishlatishni bilmaydiganlarga murojaat etmoqchimanki, ana, Moʻynoqqa boring, Manasga boring, Mirzachoʻlga boring. Yurt obodligiga hissa qoʻshing!

Sherzodxon Qudratxoʻjayev, siyosiy fanlar nomzodi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?