“Big Idea Challenge” tanlovining navbatdagi bosqichi boshlandi

18:41 20 Fevral 2019 Jamiyat
353 0

Illyustrativ foto

Ushbu bilimlar bellashuvi London Metropoliten universiteti tomonidan innovatsion jarayonlarni qoʻllab-quvvatlash va keng targʻib etish maqsadida dunyoning koʻplab davlatlarida oʻtkazib kelinadi.

“Big Idea Challenge” tanlovi uch bosqichdan iborat boʻlib, birinchi bosqichda yurtimiz oliy taʼlim muassasalari talabalarining turli sohalar boʻyicha 230 dan ziyod loyihalari qabul qilingan va barcha ishtirokchi 23 ta guruhga ajratilgan.

Toshkentdagi Xalqaro hamkorlik markazida tanlovning ikkinchi bosqichiga start berildi. Ushbu bosqichda qatnashchilar oʻz gʻoyalari istiqbollari xususida videoroliklar tayyorlab, London Metropoliten universiteti ekspertlari va boshqa mutaxassislardan iborat hakamlar hayʼati qarshisida taqdimotini oʻtkazdilar.

Loyihada shaffoflikni taʼminlash maqsadida jamoatchilik ishtirokiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Jumladan, yoshlarning innovatsion gʻoyalari, ularni hayotga tatbiq etishning ahamiyati aks etgan materiallar markazning internet sahifasiga joylanadi va keyingi bosqichga tavsiya etiladigan ishlar jamoatchilik tomonidan onlayn ovoz berish yoʻli bilan saralanadi. Ovoz berish shu yilning may oyigacha davom etadi.

Gʻolib guruh aʼzolari 2019 yilning iyul oyida London Metropoliten universitetida boʻlib oʻtadigan bir haftalik “Launch Pad” treningida ishtirok etish imkoniyatini qoʻlga kiritadi.

Yulduz Oʻrmonova (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?