Beshariq tumanida kuchli sel kuzatildimi?

17:53 03 Iyun 2019 Jamiyat
420 0

2019-yil 2-iyun kuni kech soat 22dan 01-10 gacha Tojikiston Respublikasi Sugʻd viloyati Konibodom tumani va u bilan chegaradosh Beshariq tumani Vorux-Dasht qishlogʻining yuqori qismida kuchli yomgʻir boshlandi.

Kuchli yomgʻir yogʻishi oqibatida adirliklardan oqib tushgan jala yomgʻir suvlari Beshariq tumani Yangi Rapqon va Vorux-Dasht mahalla fuqarolari yigʻinlarida istiqomat qiluvchi aholi tomorqa va qoʻshimcha binolariga qisman talafot yetkazgan.

Bu haqida Fargʻona viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xabarga koʻra, 2 ta xoʻjalik turar joy binosi shikastlangan va shu xoʻjaliklarda istiqomat qiluvchi oilalar xavfsiz joylarga zudlik bilan koʻchirib oʻtilgan.

Bugun kechasi soat 2:00 da tabiiy ofat joyiga viloyat hokimi Sh.Gʻaniyev, Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi R.Mamatov, viloyat Milliy gvardiya boshligʻi X.Sheraliyev va Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshligʻi I.Qoʻchqorovlar yetib kelishib vaziyatni jiddiy oʻrganishgan.

Mazkur holatni bartaraf etish yuzasidan shtab tashkil etildi va zarur chora tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Aholi oʻrtasida jarohatlangan va shikastlanganlar yoʻq.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?