Besh yoshli qiz YouTube kanalida oyiga yarim million dollar pul topmoqda. Tugʻilganda uning nutqi va oyoqlari falaj boʻlib qoladi deyishgandi

10:47 30 Sentyabr 2019 Jamiyat
937 0

Forbes YouTube kanalida oyiga yarim million dollar pul topayotgan besh yoshli qiz haqida hikoya qiladi.

Tugʻilganda Nastya Radzinskiyga bolalar oʻtkir serebral(miya yarim shari) falaji tashxisi qoʻyilgandi. Shifokorlar qizaloq yura va gapira olmasligini aytishdi.

Ota-onasi uni davolash uchun barcha imkoniyatlarini ishga solishdi, oʻzlarini oʻtga-choʻgʻga urishdi. Natijada bu saʼy-harakatlar oʻz samarasini berdi – oradan bir necha yil oʻtib kasallik alomatlari yoʻqolib ketdi. Davolash usullaridan biri kamera bilan ishlash edi. Ota-onasi shunday qilib Nastyani atrofidagi muhit bilan muloqotga kirishish, oʻzaro aloqa qilishni oʻrgatishdi.

“Biz YouTubeʼda bolalar uchun nima borligini koʻrib chiqdik, qarasak, bola sovgʻani qanday ochayotgani haqidagi video juda mashhur ekan va Nastyushani ham shunday tarzda tasvirga olishga urinib koʻrdik”, - deydi uning onasi Anna.

Bugungi kunda Nastyaning YouTubeʼdagi beshta kanalida obunachilari soni 87 mln. kishidan oshadi, uning roliklarini rus, ingliz, arab va ispan tillarida tomosha qilish mumkin.

“YouTubeʼning bolalar segmentida – bu koʻp sonli sadoqatli auditoriyaga ega ulkan yoʻnalish. Bolalar auditoriyasi uchun maxsus YouTube Kids ilovasini ishga tushirganmiz”, - deydi YouTubeʼning Rossiya va MDHdagi sheriklar bilan ishlash yoʻnalishi rahbari Yelizaveta Lixina.

Qiz maktabga qanday tayyorgarlik koʻrayotgani (AQSHda siz 5 yoshdan boshlab oʻqishni boshlashingiz mumkin), ovqat tanovvul qilayotgani, yangi kiyimlarni koʻrib quvonayotgani, oʻynayotgani, shoʻxlik qilayotgani, batutda sakrayotgani haqidagi oddiy videolar besh yoshli aktrisaga oyiga yuz minglab dollar keltirmoqda.

Assortimentning cheklanganligi va rus qishining qahratonligi tufayli Radzinskiylar 2017-yilda Amerikaga ketishga qaror qilishdi. Blogdan kelib tushayotgan daromad ularni toʻkin hayot kechirishlariga ham zamin yaratdi. Er-xotin Mayamidan katta uyni ijaraga olishdi va natijada tasvirga olish uchun ham yangi keng poligon paydo boʻldi.

“Blog yuritish tashqaridan oddiy tuyulishi mumkin. Bir kun qoldirib ketsangiz, shu zahotiyoq koʻrishlar soni tushib ketadi, demak, daromad ham”, - deydi Nastyaning onasi Anna.

Bugungi kunda Like Nastya Vlog asosiy kanali 34,3 mln. obunachiga ega, bir videoning rekord koʻrishlari soni 724 mingtagacha yetgan. Shunday qilib Nastya dunyodagi eng mashhur blogerlar safiga barqaror kirib boryapti.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?