Besh qonunda besh xil talqin, qaysi biri toʻgʻri?

15:31 09 Sentyabr 2020 Siyosat
215 0

Oliy Majlis Senatining yettinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun ham koʻrib chiqilishi kutilmoqda. Hujjatda ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizdagi bir necha muhim masalalar inobatga olingan, ayrim jazo choralari kuchaytirilib, milliy qonunchiligimizda gender masalalariga oid bir necha yangiliklar joriy etilmoqda.

Qonun bilan 8 kodeks va 9 qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilyapti. Shuning oʻziyoq mazkur hujjatda koʻtarilayotgan masalalar naqadar keng koʻlamli ekanligini koʻrsatadi. Shuning uchun ham, qonun joylardagi senatorlarga avvaldan yuborilib, mahalliy Kengash deputatlari va soha mutaxassislari bilan birgalikda oʻrganilmoqda. Shu bilan birga, hududlarning manfaatlarini inobatga olgan holda fikr va tavsiyalar bildirilyapti.

Ushbu oʻzgartirishning ayrim muhim jihatlariga toʻxtalib oʻtsak.

Avvalo, Mehnat kodeksi va “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq, mehnat munosabatlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarning kafolatlarini muctahkamlash maqsadida aniqlashtiruvchi norma kiritilmoqda.

Yaʼni Jinoyat Kodeksida “Mehnat qilish huquqini buzish” uchun javobgarlik koʻrsatilgan 148-moddasining 2-qismi yangi tahrirda “Ayolni homiladorligi yoki shaxsni yosh bolani parvarish qilayotganligini bila turib, uni ishga olishdan gʻayriqonuniy ravishda bosh tortish yoki ishdan boʻshatish” deb belgilandi. Demak, bunda shaxs degan soʻzni kiritishdan maqsad, jabrlanuvchi taraf nafaqat yosh bolaning onasi, balki parvarish qilayotgan unga yaqin boshqa shaxs ham boʻlishi mumkin.

Yana bir yangilik — bu avtomobil yoʻllarida katta hajmli va ogʻir vaznli transport vositalarining harakatlanishi natijasida avtomobil yoʻllarining tegishli taʼmir muddatlarigacha buzilishi bilan bogʻliq. Endilikda yuk tashuvchi avtotransport vositalarining maxsus ruxsatnomasiz avtomobil yoʻllarida yurganligi uchun maʼmuriy jazo choralari nazarda tutilmoqda. Qonun bilan katta hajmli va ogʻir vaznli transport vositalarining harakatlanishida vazn va hajm parametrlariga rioya etmagan shaxslarga maʼmuriy choralar belgilanib, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddasi yangi tahrirda ishlab chiqildi.

Qayd etish kerak, Davlat ekologiya qoʻmitasi inspektorlarining qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilish, ularning koʻrsatmalarini bajarmaslik va boshqa noqonuniy holatlarning koʻplab uchrayotganligini hisobga olib, bu boradagi tegishli javobgarlikni kuchaytirish maqsadida Maʼmuriy javobgarlik kodeksi yangi modda bilan toʻldirildi. Unga koʻra, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari davlat inspektorining qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilish, shuningdek, uning koʻrsatmalarini bajarmaslik uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Qonunda yana bir muhim modda borki, u bevosita hozirgi globallashuv davrida xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilishni yana-da kuchaytiradi. Maʼlumki, “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida” Qonun bilan himoya orderi taʼsis etildi. Lekin qonun hujjatlarida ushbu himoya orderida nazarda tutilgan cheklovlarni bajarmaganlik uchun javobgarlik masalasi nazarda tutilmagan edi.

Shu bois tazyiq oʻtkazish, zoʻravonlik sodir etishga moyil boʻlgan yoki ularni sodir etgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi. Bu esa mavjud cheklovlarning bajarilishini yana bir bor kafolatladi.

Yana bir masala “koʻp bolali oila” tushunchasi bilan bogʻliq. Mazkur atama qonunlarimizda 21 marotaba qoʻllanilgan boʻlsa, 5 ta qonunda turlicha talqinda kelgan.

Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya hamda “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunga koʻra, bola deganda oʻn sakkiz yoshga toʻlgunga (voyaga yetgunga) qadar boʻlgan shaxs tushuniladi.

Qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotida “koʻp bolali oila” tushunchasining bir xilda qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida Oila kodeksiga tegishli oʻzgartish kiritildi. Unga koʻra, toʻrt nafar va undan ortiq oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan bolasi boʻlgan oila — koʻp bolali oiladir. Bunda, agar toʻrt nafar va undan ortiq bolalaridan bir nafari yoki undan koʻprogʻi taʼlimning kunduzgi shaklida oʻqiyotgan hamda yigirma ikki yoshga toʻlmagan boʻlsa, bu oila ham koʻp bolali oila, deb hisoblanadi. Bu yangi normaning kiritilishi koʻp bolali oilalarni ijtimoiy muhofaza qilishda katta ahamiyat kasb etadi.

Xulosa oʻrnida aytadigan boʻlsak, Qonunning hayotga tatbiq etilishi aholini qiynayotgan bir necha muammolarni hal etish, ularning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish va oʻz navbatida, davlat organlarining ham bu boradagi masʼuliyatini oshirishga xizmat qiladi.

Botir MATMUROTOV,
Oliy Majlis Senatining
Sud huquq masalalari va korrupsiyaga

qarshi kurashish masalalari qoʻmitasi raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?