Beruniyda “Raqamli texnologiyalar oʻquv markazi” ochildi

14:49 19 Avgust 2019 Jamiyat
98 0

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov hududlarda telekommunikatsiya infratuzilmalarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oʻrganish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasida boʻlib turibdi.

Bugun, 19-avgust kuni Beruniy tumanida Prezidentning 5 ta muhim tashabbusi doirasida “Raqamli texnologiyalar oʻquv markazi” ochildi.

Unda vazir Shuhrat Sodiqov, Beruniy tumani hokimi Otabek Safarov, shuningdek, jamoatchilik vakillari, xalq taʼlimi boshqarmalari mutasaddilari, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasi korxona, tashkilot hamda kompaniyalari vakillari va oʻquvchi yoshlar ishtirok etishdi.

Ushbu markaz yoshlarning boʻsh vaqtini unumli oʻtkazish, ularni zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalana olish koʻnikmalarini oshirishga koʻmak beradi. Markaz kompyuterlar va zarur jihozlar, Wi-Fi hududi bilan taʼminlanib, endilikda unda tuman yoshlariga axborot texnologiyalari, dasturlash, robototexnika, kibersport asoslari va elektron tijorat kabi yoʻnalishlarda bilim va koʻnikmalar beriladi.

AKT vazirining qayd etishicha, respublikamiz boʻylab (viloyat va tumanlarda) 188 ta shunday markaz tashkil etiladi.

Qoraqalpogʻistonga tashrif davomida jami toʻrtta markazning ochilishi rejalashtirilgan. Dastlabkisi Beruniy tumanida tashkil etilgan boʻlsa, keyingilari Nukus, Moʻynoq va Qanlikoʻlda ochiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?