Berlinda koronavirus sabab oʻrnatilgan cheklovlarga qarshi namoyish boʻlib oʻtdi

18:03 02 Avgust 2020 Dunyo
224 0

1-avgust shanba kuni Germaniya poytaxti Berlinda minglab odamlar koronavirus tufayli joriy qilingan cheklovlarga qarshilik koʻrsatish uchun namoyishlarga chiqishdi. Namoyishchilar cheklovlar inson huquqlari va erkinliklarini buzayotganini taʼkidlashmoqda.

Taxminan 17 ming kishi qatnashgan ushbu namoyishchilar orasida inson huquqlari himoyachilari, konstitutsiyani qoʻllab-quvvatlovchilar va anti-vaksinatsiya faollari ham bor edi.

Namoyishchilar raqsga tushib va qoʻshiq kuylab “Biz erkin odamlarmiz” degan shiorlarni olgʻa surishdi. Ularning baʼzilarida “Biz shovqin solyapmiz, chunki siz bizning erkinligimizni oʻgʻirlayapsizlar” deb yozilgan plakatlar bor edi.

“Bizning talabimiz demokratiyaga qaytish. Bizni qulga aylantirayotgan niqob taqish rejimi bekor qilinishi shart”, deydi namoyishchilardan biri.

Politsiya namoyishda qatnashganlar niqob taqmaganliklari va oraliq masofani saqlamaganlari uchun namoyish tashkilotchilariga shikoyat qildi. Siyosatchilarning koʻpchiligi ushbu namoyishlarni qoraladi.

“Ularning qilayotgan ishlari nafaqat sogʻliqni xavfga soladi, balki bizning pandemiyaga qarshi kurashda muvaffaqiyatimizga ham putur yetkazadi” deydi Sotsial Demokratik partiya aʼzosi Saskia Esken.

Germaniya koronavirus pandemiyasining tarqalishini toʻxtatishda dastlab muvaffaqiyatga erishayotgandi, lekin hozirga kelib yangi kasallanganlar soni yana koʻpaymoqda.

Bu mamlakatda hozirgacha 200 mingdan ortiq odam COVID-19 ga chalingan va 1000 ga yaqin odam ushbu kasallik tufayli hayotdan koʻz yumgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?