Berlin davlat kutubxonasida 21-oktyabr — Oʻzbek tili bayrami kuniga bagʻishlangan maʼrifiy tadbir oʻtkazildi

16:20 17 Oktyabr 2020 Dunyo
158 0

Germaniyaning yirik kutubxonalaridan biri - Berlin davlat kutubxonasining Sharq boʻlimida 21-oktyabr — Oʻzbek tili bayrami kuniga bagʻishlangan maʼrifiy kecha tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Kutubxonasining Sharq boʻlimi 1919-yil tashkil etilgan boʻlib, unda Yevropadagi eng muhim kolleksiyalar toʻplamlari jamlangan. Sharq qoʻlyozmalari va bosma nashrlari toʻplami taxminan 42 ming jilddan iborat.

Anjumanda mamlakatimizda oʻzbek tilini rivojlantirish, uning davlat tili sifatida mavqeini yana-da mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan maʼlumot taqdim etildi. Shuningdek, oʻzbek tili bugungi kunda nafaqat Oʻzbekiston, balki koʻplab xorijiy davlatlar oliy oʻquv yurtlarida, jumladan Berlindagi Gumbold nomli universitetda ham oʻqitilayotgani alohida qayd etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbek tilini rivojlantirish davlat departamenti, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti tomonidan tayyorlanib, nashr etilgan besh jildli “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” kutubxona fondini boyitish uchun topshirildi.

— Oʻzbek tilida soʻzlashuvchi barcha-barchani Oʻzbek tili bayrami kuni bilan tabriklayman va ushbu sana arafasida kutubxonamizda uchrashib turganimizdan xursandman, — dedi Berlin davlat kutubxonasi Sharq boʻlimi rahbari Kristof Raux. — Tilni saqlab qolish va yana-da rivojlantirish uchun uni qoʻllab-quvvatlash zarur. Ushbu yoʻnalishdagi loyiha — besh jildlik “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” toʻplamini kutubxonamiz fondiga sovgʻa qilgani uchun Oʻzbekiston elchixonasiga samimiy minnatdorligimni bildiraman. Mazkur lugʻat kutubxonamiz fondini kengaytirib, yana-da boyitadi. Bizda Yaqin Sharq va Markaziy Osiyoga oid kitoblar va qoʻlyozmalar toʻplamlari mavjud boʻlib, ular ichida Oʻzbekistonga oid manbalar muhim oʻrin tutadi. Universitetlar va ilmiy tadqiqot markazlari talaba hamda tadqiqotchilari ulardan doimo foydalanib keladi.

Taʼkidlash kerakki, keyingi yillarda Oʻzbekistonning madaniy- ilmiy tashkilotlari va elchixonasi bilan aloqalarimiz rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, 2016-yil oʻzbek adabiy tili asoschisi Alisher Navoiy yubileyiga bagʻishlab elchixona bilan hamkorlikda kutubxonamizda oʻtkazilgan xalqaro konferensiya keng jamoatchilik va olimlar eʼtirofiga sazovor boʻldi. Oʻzbekistondan kelgan qoʻlyozma manbalarini oʻrganish boʻyicha qator delegatsiyalar bilan uchrashuvlar oʻtkazdik.

Albatta, ushbu lugʻatlar toʻplami nafaqat kutubxonamiz fondini boyitib qolmasdan, balki Germaniyada oʻzbek tili va madaniyatini oʻrganuvchilar uchun beqiyos bir manba boʻlib xizmat qilishiga ishonchim komil.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?