Benzin narxi xalqaro darajagacha oshiriladi

14:11 14 Avgust 2018 Jamiyat
2200 0
Illyustrativ foto

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro mamlakatda benzin narxi xalqaro darajagacha ko‘tarilishini tasdiqladi.

U mamlakatda fuqarolar uchun yoqilg‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat subsidiyalari kiritish asosida benzinning bozor qiymati o‘rnatilishini ma’lum qildi. Bu haqida El Universal nashri xabar berdi.

Maduro Lotin Amerikasining boshqa mamlakatlariga benzin kontrabandasining oldini olish uchun ana shunday qarorga kelinganini ta’kidladi.

“Benzin kontrabandasini to‘xtatishning yagona yo‘li o‘z narxlarimizni xalqaro narxlash darajasiga olib chiqish va bizning mahsulotlarni Kolumbiya hamda Karib havzasiga tashib ketayotgan mafiya ustidan g‘alaba qozonishdir. Shuning uchun men venesuelaliklar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri subsidiyalar joriy etishni ma’qullayman”, - dedi u.

Ilgari Venesuelada benzin ishlab chiqaruvchilari va sotuvchilari uchun subsidiya tizimi amal qilardi. Pirovardida bu yerdagi yoqilg‘i narxi dunyodagi eng arzon ko‘rsatkichlardan biriga aylangandi. O‘z navbatida hukumat benzin qiymati “sakrab ketishi”ga yo‘l qo‘ymaganligi uni yillar davomida o‘zgarmasligini ta’minlab kelayotgan edi.

GlobalPetrolPrices portali hisob-kitobiga ko‘ra, davom etayotgan ijtimoiy-iqtisodiy inqirozga qaramasdan ushbu davlat dunyodagi eng arzon benzin sotiladigan mamlakatlar ro‘yxatida birinchi o‘rinda turibdi.

Mazkur manba ma’lumotida keltirilishicha, 2018 yilning 13 avgust holatiga ko‘ra Venesuelada 1 litr benzin narxi 1 sentr atrofida bo‘lgan. Reuters bu borada quyidagicha taqqoslashni keltirib o‘tadi: Venesuelada 1 chashka sutli qahva narxi o‘rtacha 2,2 mln. bolivar (taxminan 0,5 dollar)ga teng.

Shunday qilib 1 finjon kofening puliga avtomobil bakini benzin bilan 9 ming bor to‘ldirish mumkin.

Ilgaridagidan farqli ravishda mamlakat hukumati yoqilg‘i quyish shoxobchalarida kafolatlangan past narxlardan voz kechib, buning o‘rniga aholi uchun yoqilg‘i xarajatlarini kompensatsiya qilish yo‘liga o‘tmoqchi.

Benzin uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri subsidiyalardan milliy karta – identifikatsiya hujjatiga ega bo‘lgan barcha foydalanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, onlayn nashrimizda bundan oldin Xalqaro valyuta fondi Venesuelada inflyatsiya yil oxiriga kelib 1 000 000 foiz bo‘lishini prognoz qilgani, mamlakat o‘z milliy valyutasini denominatsiyalashi haqida xabar bergandik.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?