Bemorning qarindoshi shifokorga tajovuz qilib, uni koʻzidan ayirdi

14:05 04 Yanvar 2020 Jamiyat
2016 0

Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tuman shoshilinch tibbiy yordam boʻlimi jarrohi O. Q.ga bemorning togʻasi tomonidan tajovuz qilinib, tiklanib boʻlmas jarohat yetkazildi. Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ushbu vaziyat atroflicha oʻrganildi. Bu haqda vazirlik Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi rahbari Furqat Sanayev oʻzining telegram kanalida maʼlum qilgan.

Dastlabki maʼlumotlarga qaraganda, 2020-yil 2-yanvar kuni 18.30 larda Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tuman shoshilinch tibbiy yordam boʻlimi bolalar boʻlimiga ambulator murojaat qilgan bemorga zudlik bilan vaqtida yordam koʻrsatilgan. Bemor bolani togʻasi, Farovon MFY da yashovchi 1990-yil tugʻilgan B. T. muolaja xonasi oldida janjal koʻtarib turgan paytda tuman shoshilinch tibbiy yordam boʻlimi bolalar boʻlimi navbatchi jarrohi, 1960-yil tugʻilgan O. Q. borgan. Shundan soʻng u B.T.ni qoʻlidan yetaklab, tinchlantirishga harakat qilib, zina oldidagi eshikka olib borgan va tashqariga chiqarib, eshikni yopadi. Vrach orqaga qaytayotgan paytda B. T. eshikni tepib, buzib ichkariga kiradi va navbatchi jarrohga qoʻqqisdan oʻng koʻzi sohasiga kuchli zarba bergan.

Oqibatda O. Qoʻldashevning oʻng koʻz olmasini posttravmatik yorilishi kuzatilgan. Ushbu voqea paytida terapiya boʻlimi navbatchi hamshiralari va xirurgiya post navbatchi hamshirasi oʻsha yerda boʻlgan. Shundan soʻng navbatchi vrachga tan jarohati yetkazgan B. T. voqea joyidan qochgan. Yolgʻiz qolgan jabrlanuvchiga terapiya boʻlimida davolanayotgan bemor D. I qonayotgan sohaga paxta qoʻyib yordam koʻrsatgan. Boʻlim navbatchi farroshi reanimatsiya boʻlimidagi navbatchi vrachlarni chaqirgan.

Jabrlanuvchi bogʻlov xonasiga olib kirilgan va shoshilinch ravishda okulist Z. Valiyev chaqirilgan hamda “102” navbatchilik qismiga xabar berilgan. Okulist tomonidan bemor koʻrilgan va birlamchi tibbiy yordam berilib, tez yordam aviatsiyaga xabar berilgan. Bemor zudlik bilan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filialiga yetkazilgan. Bu yerda shifokorlar tomonidan zudlik bilan tekshiruvdan oʻtkazilib, “Yopiq kalla bosh miya jarohati. Oʻng koʻz olmasining travmatik katta yorilishi, koʻz gavharini chiqishi” dastlabki tashxisi bilan yotqizilgan. Va,shu kunning oʻzida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan viloyatga tajribali mutaxassislar yuborilgan.

Joriy yil 3-yanvar tongda, soat 05.00da shoshilinch ravishda Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz kasalliklari shifoxonasi boʻlim boshligʻi Muhabbat Ibragimova va boʻlim shifokori Asqar Husanov tomonidan bemordagi oʻng koʻz olmasi shakli buzilishi va yumshoq toʻqimalar shikastlanishiga birlamchi murakkab xirurgik ishlov berish operatsiyasi oʻtkazilgan.

Ayni paytda tajribali shifokorlar tomonidan bemorga malakali tibbiy yordam koʻrsatilmoqda. Biroq jabrlanuvchi shifokorning koʻzi qayta tiklanmaydigan darajada koʻrish qobiliyatini yoʻqotgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?