Bellashuvlarda juda koʻp texnik nokaut kuzatildi

14:42 21 Noyabr 2020 Sport
209 0

Gʻazalkent shahrida joylashgan harbiy qismda boks boʻyicha Mudofaa vazirligi qoʻshinlari oʻrtasidagi Oʻzbekiston chempionati bir qator eʼtiborga molik natijalar bilan yakunlandi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Toʻrt kun davom etgan musobaqada 130 nafarga yaqin charm qoʻlqop ustasi oltita vazn toifasi boʻyicha yakkalik va jamoaviy birinchilik uchun kurash olib bordi. Ofitserlar, serjantlar, kursantlar va muddatli harbiy xizmat burchini oʻtayotgan harbiy xizmatchilar oʻtkazilgan har bir jangda chempionlik uchun murosasiz kurash olib bordi. Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugida oʻz yigitlik burchini oʻtayotgan oddiy askar Azizxon Abdullayev 69 kg vaznda ringga koʻtarilib, unutilmas gʻalabaga erishdi. Azizxon hal qiluvchi bellashuvda Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti kursanti Azizbek Qahramonovni yaqqol ustunlik bilan magʻlub etdi. Qolgan beshta vaznning barchasi shartnoma boʻyicha harbiy xizmat qilib, yurt tinchligini qoʻriqlayotgan kichik serjantlarning gʻalabasi bilan yakunlandi.

Kichik serjant Jahongir Davidov (Maxsus avariya-tiklash boshqarmasi, 63 kg), muddatli harbiy xizmatchi Azizxon Abdullayev (Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugi, 69 kg), kichik serjant Faxriddin Mamatxoʻjayev (Gʻazalkentda joylashgan harbiy qism, 75 kg), kichik serjant Islombek Moʻminov (Toshkent harbiy okrugi, 81 kg), kichik serjant Husanboy Xudaynazarov (Gʻazalkentda joylashgan harbiy qism, 91 kg) va kichik serjant Sergey Qurbonov (Gʻazalkentda joylashgan harbiy qism, +91 kg) oʻz vazn toifalarida Oʻzbekiston chempioni degan sharafli yutuqni qoʻlga kiritdi. Final bahslari shu qadar shiddatli va murosasiz kurashlarga boy boʻldiki, ularning deyarli barchasida gʻoliblar oʻz raqiblarini muddatidan oldin texnik nokautga uchratdi.

— Boks bilan 10 yoshimdan shugʻullanib kelaman. Birinchi marta Mudofaa vazirligi qoʻshinlari oʻrtasida Oʻzbekiston chempioni boʻlganimdan gʻoyat mamnunman, — deydi 91 kg vaznda chempion boʻlgan Husanboy Xudaynazarov. —  Yarim finalda raqibimni biroz qiyinchilik bilan yutgandim. Ushbu gʻalaba chempion boʻlishimda ishonch uygʻotdi. Ilgari ham respublika miqyosidagi musobaqada gʻolib boʻlganman. Endi xalqaro musobaqalarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilish uchun bor imkoniyatimni ishga solaman.

Gʻolib va sovrindorlar medallar, diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar. Jamoaviy hisobda birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan Gʻazalkent shahrida joylashgan harbiy qismga Mudofaa vazirligining maxsus Kubogi topshirildi. Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugi hamda Toshkent harbiy okrugi terma jamoalari ikkinchi va uchinchi oʻrindan joy oldi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?