Belgiyalik ishbilarmon O’zbekistonga sarmoya kiritmoqchi

18:38 04 Aprel 2018 Iqtisodiyot
914 0
Foto: Dinara Chirkova /’"Xalq so’zi" 

 

Poytaxtimizda “Agro Food Forum — 2018” uchinchi xalqaro anjumani bo’lib o’tdi. 

“O’zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan ushbu anjumanda mahalliy ishbilarmonlar, soha mutaxassislari bilan birga, Belgiya, Gollandiya, Italiya, Rossiya, Shvetsiya kabi o’nga yaqin xorij davlatlaridan ekspertlar qatnashdi.

Qayd etilganidek, meva, sabzavot va poliz mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash, quritish, qadoqlash hamda muzlatish uskanalarini o’rnatish, ulardan to’g’ri foydalanish borasida xalqaro ishbilarmonlar bilan tajriba almashish, ushbu tizimda yurtimizda yaratilgan shart-sharoitlar haqida chet ellik tadbirkorlarga ma’lumotlarni etkazishda bunday anjumanlarning ahamiyati katta.

Foto: Dinara Chirkova /’"Xalq so’zi" 

— Yurtingizda qishloq xo’jaligi sohasini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlardan xabardorman, — deydi Italiyaning “OMIP” kompaniyasi menejeri Alfonso Kalifano. — Qolaversa, chet ellik investorlarga keng imkoniyatlar yaratib berilayaptiki, bu bizning qiziqishimizni oshirmoqda. Shu bois anjumanga taklif etishganida xursand bo’lib ketdim. Kompaniyamiz o’rik, nok, shaftoli singari mevalarni qayta ishlaydigan texnologiyalarni ishlab chiqarish bilan shug’ullanadi. Bugungi tadbir o’zbek tadbirkorlari bilan kelishuvlar imzolashimizga imkoniyat yaratdi. 

Tadbir doirasida innovatsion texnologiyalar ko’rgazmasi, xorij va milliy kompaniyalarning taqdimotlari ham o’tkazilmoqda. 

Foto: Dinara Chirkova /’"Xalq so’zi"

— Yurtingizga sarmoya kiritib, o’zaro hamkorlikda yangi loyihalarni tatbiq etishdan manfaatdormiz, — deydi belgiyalik ishbilarmon Ludo Zaidi. — Sababi, o’zbek zaminida etishtirilgan meva-sabzavotlar  belgiyaliklarni hayratga solib kelgan. Shu bois tadbir davomida birgalikda qo’shma loyihalarni ishlab chiqish yuzasidan muzokaralar olib bordik. 

Shuningdek, anjumanda “Shiliuz” mas’uliyati cheklangan jamiyatining tantanali ochilishi marosimi bo’lib o’tdi. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 yanvardagi “Respublikada xorij tajribasi asosida achchiq qalampir etishtirishni ko’paytirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida ish boshlagan ushbu kompaniya mamlakatimizda xorij tajribasi asosida achchiq qalampir etishtirish, qayta ishlash va eksport qilish bilan shug’ullanadi.

Foto: Dinara Chirkova /’"Xalq so’zi"

— Ayni paytda jamiyatning Qoraqalpog’iston Respublikasi va viloyatlarda hududiy filiallari ish boshladi, — deydi “Shiliuz” MChJ direktori Furqat Bahromov. — Hozirgi kunda mazkur hududlarning 18 ming gektardan ortiq er maydonida Hindistondan keltirilgan “kayen”, mahalliy “Marg’ilon 330” kabi navlari ekildi. Ushbu maydonda 250 — 270 ming tonna hosil olinadi. U to’liq qayta ishlanib, Rossiya, Indoneziya, Malayziya, Vetnam, Xitoy, Janubiy Koreya kabi davlatlarga etkazib beriladi. 

Anjumanda meva-sabzavot mahsulotlarini etishtirish, saqlash, qayta ishlash, quritish, qadoqlash hamda tezkor muzlatish uskanalarining afzalliklari bilan birga, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash borasida ham tajriba almashildi. 

Innovatsion texnologiyalar ko’rgazmasi esa 6 aprelgacha davom etadi.

  • Yurtimizda “Shiliuz” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi.
  • Dastlabki bosqichda 18 ming gektardan ortiq maydonda achchiq qalampir ekildi.
  • Qalampir eksportini 150 million AQSh dollaridan oshirish ko’zda tutilgan.

Rahim SHERQULOV,
“Xalq so’zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?