Belgiyada imkoniyati cheklangan insonlar uchun shaffof niqoblarni ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi

22:12 29 May 2020 Dunyo
185 0

Yevropada biznes pandemiya paytida isteʼmolchilar ehtiyojlariga qanday moslashish boʻyicha muvaffaqiyatli namunalarni namoyon etmoqda.

Belgiyaning Brochage Renaitre kompaniyasi shulardan biri. U 50 yildan buyon kitoblar va kataloglarni muqovalash bilan shugʻullanib keladi. Bugun esa ushbu fabrikada karlar va yaxshi eshitmaydigan insonlar uchun shaffof matodan niqoblar tikilmoqda. Bu esa lablar orqali oʻzaro tushunish imkonini beradi.

Gap shundaki, ushbu korxona bugungi sharoitga tezda qayta moslashdi. May oyida uning direktori bu boradagi dastlabki namunalarni yaratdi, oradan bir hafta oʻtar-oʻtmay hukumatdan oʻn mingta buyurtma kelib tushdi.
«Ikki kun ichida tikuv mashinalari oldik, mato xarid qildik va ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydik, — deydi direktor Sabin Sharle. — Biz ishlab chiqarishing har bir bosqichini batafsil yozib, belgilab bordik va xodimlarni, sifat nazoratchilarini ham shunga oʻrgatdik. Hafta oxirida tikishni oʻrgangan volontyorlarni taklif etdik. Keyingi hafta dushanba kuni esa yangilangan fabrika ishga tushirildi».
Sexda niqob taqib yurish va masofani saqlash shart.
Mahsulotni oʻzida sinab koʻrgan xodimlardan biri imo-ishoralar tilida tushuntiradi:

— Ilgari barcha oddiy niqob taqib yurardi, — tushuntiradi u. — Suhbatdoshimga nimanidir tushuntirishim uchun, uzoqroqqa borib, niqobni yechishimizga toʻgʻri kelardi. Endi atrofdagilarning barchasi shaffof materialdan tayyorlangan niqob taqib yursa, ularni labidan oʻqiy olaman va muloqot qilish ham oson kechadi.
Gap shundaki, mazkur kompaniya xodimlarining 60 foizini imkoniyati cheklanganlar tashkil etadi. Ularning koʻpchiligiga nostandart niqob kerak.
Karantin choralari joriy etilganidan keyin, korxona 10 foiz quvvat bilan ishlay boshlagan edi. Yangi gʻoya va buyurtmalar esa unga qayta hayot baxsh etdi. Endilikda mamlakatning turli hududlari va muassasalariga shunday mahsulotlar yuborilmoqda.

“Biz logopedlar, boshlangʻich maktablar oʻqituvchilari, shifoxona va qariyalar uylari xodimlari orasida shaffof niqoblarga boʻlgan talab katta ekanligini sezdik, — deya davom etadi direktor. — Chunki bu odamlarning barchasiga yuzdagi ifodalarni koʻrmay turib ishlash qiyin”.

Kompaniya kuniga 330 ta niqob ishlab chiqarmoqda. Kelajakda ushbu kasblar va odamlarning turli toifalari ehtiyojlari inobatga olingan holda mahsulotlar assortimentini ham kengaytirish rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?