Belgiya kompaniyalari O‘zbekiston bozoridagi ishtirokini kengaytirmoqchi

12:07 24 May 2018 Iqtisodiyot
1449 0
Foto: Jahon AA

Belgiya biznesida faoliyat ko‘rsatadigan kompaniyalar O‘zbekistondagi ishtirokini kengaytirishga hozirlik ko‘rmoqda. Bu haqda "Agoria” Belgiya sanoatchilari federatsiyasining Bozorlarni o‘rganish bo‘yicha biznes guruhi rahbari P.-Ya.Provoost "Jahon" axborot agentligiga bergan intervyusida ma’lum qilgan.

"Biz bugun siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda olib borilayotgan islohotlar natijasida O‘zbekistonda katta imkoniyatlar eshiklari ochilayotganini ko‘rib turibmiz. Ular yangi amaliy hamkorlarni qidirayotgan Belgiya kompaniyalari uchun savdo-sotiq aloqalarini kengaytirishda yaxshi istiqbollarni namoyon qilmoqda", degan Provoost.

Rahbarning so‘zlariga ko‘ra, u o‘zbek bozorini o‘rganish asnosida shaharsozlik rejalashtirilishi va “aqlli shaharlar” barpo etish, qayta tiklanadigan energiya manbalari, sog‘liqni saqlash sohasi uchun uskunalar ishlab chiqarish, moliyaviy xizmat ko‘rsatish va texnologiyalar sohasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari mavjud ekanligini qayd etgan.

Bundan tashqari, sport, ko‘ngilochar infratuzilmalar barpo etish va qishloq xo‘jaligi industriyasi bo‘yicha ham istiqbolli rejalar belgilab olingan. 

"Bu yo‘nalishlardagi injenerlik, dizayn, sanoat ishlab chiqarishi bo‘yicha yirik loyihalarni ishlab chiqish va ularni amalga oshirish nuqtai nazaridan Belgiya kompaniyalari yetakchi o‘rinlarni egallaydi. Bunday loyihalarni O‘zbekistonda hayotga tadbiq etish mumkin.

Biz turli shakllarda, jumladan, O‘zbekistonning ishbilarmon sanoatchilari delegatsiyasini Belgiyaga taklif etish, federatsiyamiz a’zolarini respublikada mavjud bo‘lgan imkoniyatlar bilan tanishtirish singari yo‘llar bilan o‘zaro hamkorlik uchun tayyormiz. O‘zbek bozorini o‘rganish va mamlakatingizda islohotlar olib borilishi, amalga oshirilayotgan yirik industrial va infratuzilma loyihalarning hayotga tadbiq etilishida ko‘mak ko‘rsatishga hozirmiz" degan u. 

Ma’lumot uchun, “Agoria” Belgiyaning texnologik industriya jabhasida faoliyat ko‘rsatadigan salkam 1800 kompaniyasini o‘z atrofiga birlashtirgan federatsiya hisoblanadi. Ular uyali texnologiyaga asoslangan sanoat ishlab chiqarishiga ixtisoslashgan.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?