Belgilangan vazifalar ijrosi ta’minlanadi

09:30 05 Iyul 2018 Siyosat
183 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 29 iyun kuni Toshkent shahri va poytaxt tumanlari hokimlari, mutasaddi rahbarlar ishtirokida Olmazor tumanida o‘tkazilgan yig‘ilishda qator dolzarb masalalar bo‘yicha aniq vazifalar belgilab, tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar bergan edi.

Olmazor tumani hokimligida Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, hokimlik mutasaddilari, faollar, mahalla oqsoqollari, imom-xatiblar, ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalarning ijrosi yuzasidan harakatlar rejasi ishlab chiqildi, mahallalar faoliyatini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhlar tuzildi. Ularga mahalla ahli bilan muloqotga kirishish, ijobiy tajribani o‘rganish, mavjud muammolarni aniqlash vazifalari topshirildi.

Senatorlar tomonidan tuman Kengashi bilan aloqalarni mustahkamlash, deputatlarning siyosiy va huquqiy bilimlarini yanada yuksaltirish, deputatlik nazoratini amalga oshirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlashga qaratilgan bevosita muloqotlar olib borilmoqda.

Ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan foydalangan holda, 58 mahalla oqsoqollarining aholi yashash joylarini obod maskanga aylantirish borasida qilinayotgan ishlar, mahallalardagi kamchiliklar va muammolarni hal qilish yo‘llari, odamlarning dunyoqarashi, bugungi islohotlarga daxldorlik tuyg‘usini oshirish, suvdan oqilona foydalanish, to‘ylar, oilaviy tantanalarni ixcham, kamxarj, ortiqcha dabdabasiz o‘tkazish bo‘yicha fikr-mulohazalari matbuot va televideniye orqali keng yoritildi.

Mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanish, ishlamayotgan korxonalar faoliyatini tiklash, yangilarini tashkil etish, tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish hisobidan yangi ish o‘rinlarini yaratish, jumladan, investitsiya va texnologiyalar jalb qilish, tuman hududida

15 ming aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 4 ta sektor kesimidagi dasturlarni hayotga tatbiq etish masalalari muhokama qilinmoqda.

Shuningdek, Olmazor tumanining iqtisodiy imkoniyatlari batafsil o‘rganilib, ishga solinmagan zaxiralar, xususan, bo‘sh turgan binolar inventarizatsiyadan o‘tkazilmoqda, ulardan nima sababdan foydalanilmayotgani aniqlanmoqda.

Mahallalardagi ekologik vaziyat, hudud tozaligi va mavjud suv tarmoqlarining holati bilan ham yaqindan tanishib borilmoqda. Bu borada aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddi tuzilmalar hamda aholiga zarur ko‘rsatma, taklif va tavsiyalar berilmoqda.

Olmazor tumanining yangi markazi — “Olmazor city”ni barpo etish masalasi ham xalq vakillarining diqqat markazidadir.

Qisqacha aytganda, Olmazor tumanida Prezidentimiz tomonidan belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash uchun keng jamoatchilik, deputatlar, senatorlar bir yoqadan bosh chiqarib amaliy ishlarni boshlab yubordi.
Tolibjon MADUMAROV,
Oliy Majlis Senatining Mahalliy hokimiyat
vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi
komissiyasi raisi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?