Bildirsoyda 3 kishi qor koʻchkisi ostida halok boʻldi

11:14 25 Dekabr 2018 Jamiyat
1766 0

24 dekabr kuni, soat 16:00larda Boʻstonliq tumani “Bildirsoy” MFY hududida sodir boʻlgan mudhish voqea uch kishining oʻlimiga sabab boʻldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd qilinishicha, mahalla hududida joylashgan “Bildirsoy” sport majmuasining “Dor yoʻlagi” (kanat yoʻli) hududida 3 nafar fuqaro (M.M. 1994 y.t., M.M. 1999 y.t.,M.S. 1999 y.t.) snoubord sport turi bilan shugʻullanish jarayonida, taqiqlangan xavfli hududda harakatlanishlari natijasida qor koʻchkisi yuzaga kelgan. Oqibatda ular qor uyumlari ostida qolib vafot etgan.

Voqea joyida Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv ishlari natijasida fuqarolarning jasadlari soat 19:05da qor uyumlari ostidan olib chiqilgan.

Sodir boʻlgan holat yuzasidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Yuzaga kelishi mumkin boʻlgan baxtsiz hodisalarni oldini olish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi togʻli hududlarda xavfsizlik qoidalariga qatʼiy rioya qilishni yana bir karra eslatdi.

Qor koʻchkisida qanday harakat qilish kerak?

Qor koʻchkisi – bu katta hajmdagi qorning 20 – 30 m/s tezligida koʻchishiga yoki harakatlanishiga ataladi.

Koʻchki tushishining koʻp zarar yetkazadigan jihati bu koʻchkidan oldingi toʻlqin hisoblanadi. Oʻzbekistonda qor koʻchkisi xavfi yuqori mavjud boʻlgan hududlar bu togʻli hududlardir.

Qor koʻchkisining paydo boʻlish sabablari: uzoq vaqt qor yogʻishi, kuchli qor erishi, zilzila, portlash va togʻ yonbagʻirlarining titrashi shular jumlasidandir.

Oʻzbekistonning iqlimi keskin oʻzgaruvchan boʻlib, uzoq qor yogʻishi va keyingi kunda issiq haroratning kuzatilishi qor erishiga olib keladi.

Qor koʻchkisi ostida qolganda qanday harakatni bajarish lozim?

Burun va ogʻzingizni sharf yoxud boʻyinbogʻ bilan yoping; koʻchki boʻylab harakatlaning, qoʻlingizni suzish holati kabi harakatlanib koʻchkining sirtida ushlab turishga va tezlik past boʻlgan tomonga harakat qiling. Koʻchish toʻxtaganda, yuz va koʻkrak yaqinida boʻsh joy yaratishga intiling, u nafas olishga yordam beradi. Imkoningiz boʻlsa, yuqoriga qarab harakat qiling.

Koʻchki vaqtida baqirmang – sababi qor barcha tovushni oʻz ichiga yutib yuboradi, bu kabi samarasiz harakatlar kislorod va issiqlikdan mahrum qiladi. Oqibatda, holdan toyasiz. Eng asosiysi xushingizni yoʻqotmaslikka va uxlab qolmaslikka harakat qiling. Sizni qutqarishlariga va qidiruv ishlari olib borilayotganiga ishoning (bu kabi vaziyatlarda qor koʻchkisi ostidan besh hatto oʻn uch kun muddatgacha insonlar qutqarib qolingan).

Turli xil baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi togʻli hududlarda ayniqsa, taqiqlangan joylarda harakatlanmaslikni tavsiya etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?