Belarus Toshkentda dori-darmon ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻymoqchi

18:21 04 Iyul 2019 Iqtisodiyot
243 0

Illyustrativ foto

Belarus Respublikasi Toshkent shahrida dori-darmon vositalari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish uchun 10 mln. dollar mablagʻ ajratadi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining tegishli qaror loyihasida koʻrsatib oʻtilgan.

Belarus tomoni ayni paytga kelib yuridik shaxs sifatida BELFARM MCHJ XKni ochgan va Yunusobod tumani, Kichik halqa yoʻli, Chingiz Aytmatov koʻchasi(sobiq Bodomzor)da joylashadigan ishlab chiqarishning konseptual loyihasini tayyorlagan.

Investorga umumiy maydoni 2 gektarlik hududdagi 14 625 kv.metrlik bino va inshootlar “nol” qiymatda, ammo investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar bilan beriladi.

Loyihada aytilishicha, hudud Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining operativ boshqaruv huquqiga tegishli.

Belfarm investitsiyasi boʻsh yotgan binolarni taʼmirlash va rekonstruksiya qilish, zamonaviy texnologiyalar va sinov asbob-uskunalari bilan taʼminlash; GMP ishlab chiqarish amaliyotiga muvofiq antibiotiklarning sterillashgan kukunlari(yiliga 10 mln. shishacha), qattiq dori shakllari(yiliga 500 mln. dona tabletka, 60 mln. kapsula va 6 mln. yostiqcha) ishlab chiqarilishini tashkil etish; zamonaviy sinov(fizika-kimyo mikrobiologiya) laboratoriyasi va farmatsevtika mahsulotlari uchun zamonaviy omborxona yaratish; hududni obodonlashtirishga yoʻnaltiriladi.

Loyiha yakunida 120 ta ish oʻrin ham yaratiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?