Belarus O‘zbekistonga elektromobillar yetkazib bermoqchi

15:26 03 Iyul 2018 Jamiyat
367 0

Belarus yaqin ikki-uch yil ichida Xitoy bilan hamkorlikda elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi.

Bu haqda ushbu davlat hukumat raisi o‘rinbosari Vladimir Semashko ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi korxona Minsk viloyatidagi “BelDji” zavodi bazasida tashkil etiladi.

“Belarusda ushbu g‘oya allaqachon mavjud. Xitoylik sheriklar bilan u amalga oshiriladi. Ichki talab ham bor – Belarus AES ishga tushirilishi bilan, energiya keragidan ortib ketadi. Hukumat esa elektrotransport vositalari ishlab chiqarish bo‘yicha rejalarga ega”, - dedi Vladimir Semashko.

Manbada aytilishicha, Belarus O‘zbekistonni kelajakda elektromobillarni yetkazib berish bo‘yicha asosiy bozorlardan biri sifatida belgilab olgan.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tamiz, O‘zbekistonda ham xuddi shunday loyihani amalga oshirish borasida ish olib borilmoqda. Jumladan, yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlantirish vazirligida Xitoyning Changan Automobile Group kompaniyasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekistonda elektromobillar ishlab chiqarish masalasi muhokama qilindi.

Unga ko‘ra, Changan Automobile Group Farg‘ona vodiysida uzoq istiqbolda mahalliylashtirish tamoyili ostida elektromobillar yig‘ish sexini ochish rejasi borligini bildirishdi. Mazkur loyihaning birinchi bosqichida yiliga mingta yirik uzatmali elektromobillar tayyorlanadi. Buning uchun 15-20 million AQSH dollari miqdorida investitsiya yo‘naltirish nazarda tutilyapti. Ikkinchi bosqichda respublikadagi tegishli korxonalar quvvatlarini jalb etgan holda mahsulotni mahalliylashtirish maqsad qilingan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?