Belarus elchisi bilan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyevning Minskka tashrifi masalasi koʻrib chiqildi

18:10 30 Yanvar 2019 Siyosat
608 0

30 yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Ilhom Neʼmatov Belarus Respublikasi Favqulodda va Muxtor Elchisi Leonid Marinich bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbat chogʻida oʻtgan yildagi ikki tomonlama munosabatlarning yakunlari hamda 2019 yilda ularni yanada rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlari muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning 2018-yil 12-14-sentyabr kunlari Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi va uning Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralari mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni aniq amaliy mazmun bilan boyitgan holda uni yangi darajaga olib chiqdi.

Tashrif doirasida qiymati 259,2 mln. AQSH dollariga teng 94 ta ikki tomonlama savdo shartnomasi va 54 mln. dollardan ortiq summadagi 19 ta investitsion hujjatlar imzolandi. Oʻtgan yil davomida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo aylanmasi 130%ga oʻsgan holda 419,9 mln dollarni tashkil qildi.

Shu nuqtai nazardan tomonlarning oliy darajada erishilgan kelishuvlarni va tashrif doirasida imzolangan bitimlarni soʻzsiz bajarish borasidagi takliflari koʻrib chiqildi.

Uchrashuvda mamlakatimiz rahbarining javob tashrifi toʻgʻrisida fikr almashildi. Shuningdek, Hukumatlararo qoʻshma komissiyaning navbatdagi yigʻilishi, tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar, Ishbilarmonlik va mintaqalararo hamkorlik qoʻshma forumi, turistik forumni oʻtkazish jadvallari va kun tartiblari koʻrib chiqildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?