Bektemirdagi korxonalardan birida yongʻin chiqdi

16:14 25 Oktyabr 2018 Jamiyat
585 0

Bektemir tumani X. Boyqaro koʻchasida joylashgan “Suvmash” AJ hududidagi “Izopanel” MCHJ sendvich-panellar ishlab chiqaradigan korxonada sodir boʻlgan yongʻin sodir boʻldi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB axborot xizmati xabar berdi.

Manbaga koʻra, yongʻin haqidagi xabar, idoraga bugun, 25 oktyabr kuni soat 9.30da kelib tushgan. Toshkent shahar IIBB YXB shaxsiy tarkibi tomonidan koʻrilgan tezkor choralar natijasida yongʻin soat 9.56 da bartaraf qilingan.

Yongʻin oqibatida korxona jihozlari va saqlanadigan xomashyolarga qisman zarar yetgan. Ushbu hodisaga svarka (payvandlash) jarayonida yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya qilmaslik sabab boʻlgan, deb taxmin qilindi.

Voqea natijasida jabrlanganlar bor-yoʻqligi haqida maʼlumot berilmagan.

“Hurmatli korxona va tashkilotlar rahbarlari! Sizdan yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya qilishingizni va taʼmirlash ishlari olib borilayotgan vaqtda barcha ehtiyot choralarini koʻrishingizni soʻraymiz“, deyiladi IIBB bayonotida.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?