Beklar qishlogʻida 169 ta yangi uy-joy qurilib foydalanishga topshirildi

16:06 19 Noyabr 2018 Jamiyat
587 0

Foto: Buxoro viloyati hokimligi

“Xalq soʻzi Online”. Istam Ibrohimov/Buxoro. Buxoroning qadimiy goʻshalaridan sanalgan Beklar qishlogʻi (Kogon tumani)da namunaviy loyihalar asosida 169 ta yangi uy-joy qurilib foydalanishga topshirildi. Shularning 34 tasi kam taʼminlangan, uy-joyga muhtoj ayollar uchun ajratildi.

“Ikki sotixli, uch xonali turar-joyga ega boʻldim. Qaramogʻimda ikki nafar farzandim bor. Biri tugʻma nogiron. Shu paytga qadar ota-onam, ukam va uning oilasi bilan bir hovlida yashab kelayotgandik. Noqulayliklar bor edi. Prezidentimizga mingdan ming rahmat. Koʻp yillik orzuim ushaldi”, - deydi yangi uy sohibalaridan biri Surayyo Gʻaniyeva.

Surayyo Gʻaniyevaning aytishicha, uy-joy bahosining boshlangʻich badali, yaʼni 42 million soʻmning davlatimiz rahbari tomonidan toʻlab berilgan.

Foto: Buxoro viloyati hokimligi

Yangi turar-joylarni topshirishga bagʻishlangan tantanali marosimda xonadon egalariga uy kalitlari bilan birga qimmatbaho sovgʻalar ham ulashildi.

Xuddi shunday marosim Vobkent tumanidagi Oʻba kulolon mahallasida ham boʻlib oʻtdi. Bu yerda yuzdan ziyod oila yangi uyli boʻldi.

Zamonaviy turar-joylarni foydalanishga topshirishga bagʻishlangan tantanali marosimlarda viloyat hokimi Oʻ. Barnoyev ishtirok etdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?