Behbudiyga suiqasd qanday sodir boʻlgandi?

20:38 12 Mart 2020 Madaniyat
375 0

Turkiston jadidchilik maktabining asoschisi Mahmudxoʻja Behbudiyning soʻnggi kunlari, fojiali oʻlimi toʻgʻrisida yozish ogʻir. Ammo bu taraqqiyparvar, yurtparvar ajdodimiz hayotining nisbatan kam tadqiq qilingan qismiga bogʻliq boʻlgani bois ham shunga jazm etdik. Zero, oʻtmish insoniyatni hushyorlikka chorlab, saboq chiqarishga undab turadi.

Maʼlumki, Mahmudxoʻja Behbudiy oʻz sheriklari Mardonqul Shomuhammadzoda va Muhammadqul Oʻrinboy oʻgʻli bilan birga Buxoro amirligiga qarashli Shahrisabzda qoʻlga olingan va Qarshiga keltirilgan. Qarshi begi Togʻaybek buyrugʻi bilan zindon yaqinidagi “podsholik” chorbogʻida amirning Qarshi shahridagi voliysi Nuriddin Ogʻaliq tomonidan 1919-yil 25-martda vahshiyona oʻldirilgan.

Albatta, Mahmudxoʻja Behbudiyning vahshiyona va xiyonatkorona oʻlimi xalqimizni larzaga solgan. 1920-yilning aprelida bu tabarruk inson tugʻilgan Samarqand shahrida Buxoro amiri va uning johil amaldorlariga qarshi umumxalq namoyishi boʻlib oʻtadi. Namoyishchilar amirdan Behbudiy qotillarini jazolashni qatʼiy talab qilishadi. Xalqning talabi amir tomonidan inobatga olinmaganligi Behbudiyning fojiali oʻlimida amirlik va sovet hukumati maxfiy kelishuvi borligini koʻrsatadi. Sovet hokimiyati yillarida avj oldirilgan diskriminatsiya siyosatining tigʻi Turkiston mintaqasidagi ziyolilarni birin-ketin yoʻqotishga ham qaratilgan edi.

1920-yil sentyabr oyi boshida amir hukumati agʻdarilib, Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tashkil topganidan soʻng, Mahmudxoʻja Behbudiyning Samarqandda faoliyat yuritayotgan shogirdlari, safdosh va maslakdoshlari uning qabrini izlab topish, qotillarni aniqlash harakatiga tushishadi.

Buxoro Xalq Sovet Respublikasi 9 viloyatdan iborat boʻlib, ularning biri Qarshi edi. Qarshida ushr-soliq nazorati idorasining boshligʻi boʻlgan Nuriddin Ogʻaliq (Nuriddinxoʻja Ogʻaliq Ahmadxoʻja oʻgʻli) “Samarqand komissiyasi”ning Qarshidagi faoliyatiga yoʻl qoʻymagan. Qarshi shahridagi hukumat aʼzolari esa uning xohish-irodasiga qarshi borolmaganlar.

Shu oʻrinda kishini oʻylantiradigan bir savol tugʻiladi. Amir davrida eʼtiborli mansabda ishlagan Nuriddin Ogʻaliq Shoʻro hukumatida ham oʻz mavqeini saqlab qolishga qanday erishdi ekan? Bu hanuzgacha jumboq boʻlib qolyapti. Nuriddin Ogʻaliq komissiya faoliyatiga yoʻl qoʻymay “yopiqliq qozon yopigʻligicha qoladi”, deb oʻylagan. Lekin BXSR hukumati taftish komissiyasi 1923-yilning kuzida Qarshi viloyati soliq idorasi faoliyatini tekshiruvdan oʻtkazadi. Komissiya Ogʻaliq hamda uning safdoshlari katta qonunbuzarlik va jinoyatga qoʻl urganligini aniqlaydi. Nuriddin Ogʻaliq va uning hamtovoqlari Hoji Abdulaziz Boqiyev, Mirzo Mahmud Hoji Ibod oʻgʻli kabilar oliy inqilob tribunali sudiga beriladi.

Nuriddin Ogʻaliq soliq idorasining boshida turganida: “hukumatning 42 ming pud bugʻdoyini, 20 ming oltin gazmolini oʻgʻirlagʻon. 2000 qoʻy, 20000 qorakoʻl terisi boʻlgʻon, mehnatkashlardan 1000 — 2000 nafarini yarim och, yarim toʻq holatda oʻz yerlarida ishlatgʻon... Ogʻaliqning qilgʻon ishlarini, jabr va zulmlarini, xiyonatlarini yozib, uchigʻa chiqarish mumkin emas”, deb yozadi “Buxoro axbori” gazetasi. Ushbu shaxsning yuqoridagi qonunbuzarlikka qaratilgan xatti-harakatlariga buyuk mutafakkir Mahmudxoʻja Behbudiy hayotiga zomin boʻlganligi bilan bogʻliq jinoyati ham qoʻshilgan.

Sud “Nuriddin Ogʻaliqni otishga, qolgʻon ikkisini besh yilga qamoqqa olishga qaror qildi. Hukm Registonda boʻlib, 5 mingga yaqin kishi ishtirok qildi”. Nuriddin Ogʻaliqni otish hukmi 1923-yil 19-sentyabr kech soat 7.00 da ijro etilgan. Bu haqda gazeta “Behbudiy va rafiqlarining oʻldirilishiga sabab boʻlgʻon fuqaro hukumatining moligʻa xiyonat qilgan mazkur Ogʻaliq 19-sentyabrda (1923-yil) odil hukumatimiz tomonidan otildi, demak, Behbudiy va rafiqlarining oʻchlari olindi”, deb yozadi.

Shunday qilib, Behbudiy oʻlimidan 4 yil keyin qotil oʻzining jazosini olgan. Shundan soʻng Buxoro hukumati tomonidan Qarshi viloyati ijroqoʻmi raisi Joʻra Zokiriy hamda Qarshi viloyat firqoʻmi Nazarov zimmasiga Behbudiy qabrini qidirib topib, uning haykalini oʻrnatish vazifasini yuklagan. “Buxoro axbori”da bu haqda shunday xabar berilgan: “Mahmudxoʻja Behbudiy qabri oz kunda (tez kunda) topilib, ustigʻa haykal ishlanib yotadur. Behbudiy oʻzining oʻrtoqlari bilan hibsxonaning yonida vokzalgʻa qaragʻon tarafda hammasi bir qabrgʻa koʻmilgʻonlar. Behbudiy qabrini izlab topib, ustigʻa haykal ishlatishga Qarshi viloyat ijroqoʻmi bilan viloyat firqoʻmining boshida oʻltirgʻon Joʻra Zokiriy va Nazarov oʻrtoqlar koʻp gʻayrat qilgʻonlar”. Lekin bu mutasaddi shaxslar oʻzlariga yuklangan vazifani uddalamaganligi manbalarda qayd qilinadi.

“Ozod Buxoro” gazetasining 1923-yil 19-oktyabrdagi sonida: “Turkistonning mashhur jamoat xodimlaridan Behbudiyning ismini umrbod (abadiy) qoldirmoq uchun Qurultoy (Buxoro Respublikasi qurultoyi) Qarshi viloyatini Behbudiy viloyati deb ismlamakka qaror berdi”, deb xabar beradi. Demak, Behbudiy nomi Qarshi viloyatiga 1923-yildayoq berilgan. “Ozod Buxoro” 1923 — 1925-yillar davomidagi sonlarida ham Qarshi viloyati haqida fikr bildirilsa, uni “Behbudiy viloyati” deb qayd qilinganligi bilan bogʻliq maʼlumotlar uchraydi.

Mahmudxoʻja Behbudiy bilan bogʻliq salmoqli maqola muallifi “Musofir”ning asl ism-sharifi kim boʻlgan?Behbudiy qotili Nuriddin Ogʻaliqni 3 yil davomida Buxoro hukumati organlarida ishlab kelishiga qaysi shaxslar homiylik qildi ekan? “Goʻri Amir” (Samarqand) darvozasi oldida Mahmudxoʻja Behbudiy bir guruhziyolilar bilan birga tasvirga tushganlar orasida Ogʻali(?) degan kishi (Qarang: “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi, 1995-yil 14-aprel) ham bor. U qaysi Ogʻali? Qarshi viloyati rahbarlari nega oʻzlariga yuklangan vazifani oxirigacha bajarmadilar? Bu kabi jumboqli savollar tadqiqotchilarning eʼtiborini oʻziga tortishi tabiiy hol. Xullas, Mahmudxoʻja Behbudiy va Buxoro tarixi muammosi bilan bogʻliq tadqiqotlarning kelgusidagi vazifalari shu kabi savollarga javob topmoqdan iboratdir.

“Sizlarga vasiyat qilaman. Maorif yoʻlinda ishlayturgʻon muallimlarning boshini silangizlar. Maorifgʻa yordam etingiz. Oʻrtadan nifoqni koʻtaringiz. Turkiston bolalarini ilmsiz qoʻymangizlar. Har ish qilsangiz, jamoat bilan qilingizlar. Hammaga ozodlik yoʻlini koʻrsatingizlar. Buxoro tuprogʻiga tezlik ila yoʻl boshlangizlar. Ozodlikni tezlik ila yuzaga chiqaringizlar”.

Bu soʻzlar manqurt vahshiylar qoʻlida azob chekkan Mahmudxoʻja Behbudiyning oʻz umri soʻnggi daqiqalarida qilgan vasiyati, boʻgʻzida qotgan dil nolasi edi.

Shodmon HAYITOV,

Buxoro davlat universiteti professori,

Kamol RAHMONOV,

tarix fanlari nomzodi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?