Behbudiy bizni kechirarmikan?

12:11 21 Avgust 2020 Siyosat
405 0

Hayotiy tajribamda davlatning ikki xil tizimida koʻp oʻzgarishlar, yaxshisiga ham, yomoniga ham guvoh boʻldim. Vaziyatdan chiqish maqsadida shoshilinch tadbirlar koʻrilgani, turli eksperimentlar oʻtkazilgani ham bor gap.

Faqat xalq bilan maslahatlashib, yetuk mutaxassislar, hatto xalqaro ekspertlar xulosasini olib yaratilgan Harakatlar strategiyasida men chinakam xalqparvar konsepsiya va real amaliyotni koʻrdim. Bu strategiyaning bosqichma-bosqich, uzluksiz va mushtarak amalga oshishi hayotimizning barcha jabhalarida islohotlarning izchil borishini taʼminlayapti. Darvoqe, buni bilish qiyin emas.

Istagan soha xodimi qoʻliga qalam olib, keyingi uch-toʻrt yil ichida oʻz faoliyatiga xalaqit bergan va olib tashlangan (bekor qilingan) byurokratik toʻsiqlarni sanab chiqishining oʻzi kifoya. Ikkinchi roʻyxatga barcha kasb egalari, xususan, tadbirkorlarga berilgan imtiyoz, imkoniyat, yangiliklarni kiriting. Endi odilona baho bering: sal oldinroq bunday oʻzgarishlar boʻlishi mumkinligini tasavvur qilganmisiz?

Pandemiya juda katta shijoatimizga baribir salbiy taʼsir koʻrsatdi. Chunki global muammolar hamisha insoniyatni shunday sinovga duchor etadi. Biroq Oʻzbekiston rahbariyati ana shu vaziyatda ham oʻzi boshlagan keng qamrovli islohotlar yoʻlida sobit turdi va turyapti ham. Xoʻsh, bu sobitlikni biz nimada koʻrishimiz mumkin?

Birinchidan, xalqaro talab – pandemiya sharoitida karantin shartlarini toʻkis-tugal bajarish. Virusdan himoyalanish va kasallikni davolashda xalqaro yordam barobarida ichki imkoniyatlardan foydalanish.

Ikkinchidan, xorijdagi hamyurtlarimizni olib kelish.

Uchinchidan, xorijda tahsil olayotgan yoshlarni avtomatik tarzda mahalliy oliy taʼlim muassasalari (OTM)ga koʻchirish, OTMlar oʻquv laboratoriyalarini zamonaviy uskunalar bilan taʼminlash. Onlayn darslar uchun sharoit yaratish. Pandemiya davrida olimlar, muallimlar ijtimoiy himoyasini taʼminlash.

Toʻrtinchidan, elektrostansiyalar quvvatini oshirish, sayyohlik zonalarini barpo etish. Qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalarda klasterlar tizimini shakllantirish.

Beshinchidan, eksportchi korxonalarni qoʻllab-quvvatlash. Toʻqimachilikda brendlar yaratishga kirishish. Pilla hosilini toʻla qayta ishlashni yoʻlga qoʻyish.

Oltinchidan, zamonaviy uy-joylar qurish. “Obod qishloq”, “Obod mahalla” loyihalarini roʻyobga chiqarish. Arxiv, statistika tizimini qayta tashkil etish. Sanʼat va madaniyatdagi yangi tartib-qoidalar. Bojxona va standartlashtirishdagi yangiliklar. Oila va mahalla tizimini takomillashtirish. Barcha sohada elektron maʼlumot bazasini yaratishga kirishish.

Yettinchidan, sud-huquq tizimidagi oʻzgarishlar. Yoshlar parlamentlarini shakllantirish. Xususiy mulkni kafolatlash.

Xalq tili bilan aytganda, ogʻzimizdan chiqqan istagimiz oʻrganilib, tahlil qilinib, muhayyo etilyapti. Hatto xorijda ishlovchilarni mamlakatda bepul kasbga tayyorlash, ularga chetda qulay sharoit yaratish choralari ham belgilab berildi.

Keling, odilona tahlil qilaylik, joriy yilning qariyb 240 kuni oʻtdi. Xalqiga kuyunchaklik bilan mehribonlik qilayotgan Prezident deyarli har kuni rahbarlardan ahvolimizni soʻrab turganini koʻryapmiz. Joylarga borib, aholi ahvolidan xabar olishga, yangi loyihalar ijrosi bilan tanishishga, deyarli har kuni bugun hayotimiz uchun zarur biron sohani tahlil qilishga imkon topyapti. Har gal nutqini bir xil yakunlaydi: “Biz xalqimizni pandemiyadan eson-omon olib chiqishimiz, ish bilan, yaxshi hayot bilan taʼminlashimiz kerak. Davlat bu yoʻlda hech narsani ayamaydi”.

Endi, oʻzingizning faoliyatingizga sal chetdan bir nazar soling. Ertalabdan kechgacha nima ishni rejalashtiryapsizu, nimalarga erishyapsiz? Qariyb 240 kunlik umringizni nimalarga sarfladingiz? Kimga yordamingiz tegdiyu, kim sizdan nima ibrat oldi?

Men bu savolni bejiz oʻrtaga tashlamadim. Unga beriladigan javob har birimizning hayotga nuqtayi nazarimizni belgilaydi. Unga javob orqali mamlakatimizdagi islohotlar mohiyatini anglaymiz.

Tan olmoq lozim, dunyoni, atrofdagi voqealarni anglash doimo oson kechgan emas, kechmaydi ham. Negaki, unda har kim oʻz manfaatini axtaradi. Bunday paytda turfa qarashlarning, talablarning boʻlishi tabiiy. Aytaylik, ikki mansabdor bir-biri bilan oʻchakishadi, kimdir lavozimidan ajraladi, kimdir yillar davomida oqib kelgan daromadidan mahrum boʻladi. Qaysidir noshud rahbar ishga bechora yoki yaxshi mutaxassisni emas, qarindoshi yoki sovgʻa berganni oladi. Kimdir oilaviy kelishmovchilikdan aziyat chekadi. Kimningdir esa qisqa muddatda zamona qahramoniga aylangisi kelib qoladi.

Xullas, hamma davrda ham, hamma tizimda ham, hamma davlatda ham farovonlikka erishishda kamchilik va qarama-qarshi manfaatlar birga yuradi. Bu haqiqatdan koʻz yumib boʻlmaydi.

Xuddi ana shu nuqtada millatning qaymogʻi – ziyolilar zimmasiga katta masʼuliyat tushadi. Jahon tajribasi shuni koʻrsatyaptiki, millat fidoyilari aholini toʻgʻri yoʻlga boshlashda, odamlarning oʻz taqdiri uchun masʼuliyatini oshirishda katta kuchga ega. Zero, millat tarixida jadid bobolarimiz bunday jasoratni koʻrsata olishgan.

Ana shu jarayonga dunyoviy nuqtayi nazardan qarab koʻraylik. Jadidlar dehqon yoki chorikor emas, oʻziga toʻq insonlar farzandlari, ilmli, fikrli kishilar boʻlishgan. Ular jamiyatga teran koʻz bilan qarashgan. Bu qarashlarni nimalarda koʻrishimiz mumkin?

Ular paytida ham nohaqlik yetarli boʻlgan: kimningdir yeri tortib olingan, kimdir nohaq qamab yuborilgan. Lekin ular bunaqa jabr koʻrganning qoʻlidan ushlab, idorama-idora yugurmagan. Muammoning sababini qidirgan. Chunki jamiyatdagi kamchilikni aytib “uvvos” solish qahramonlik emas, jaholat ekanini anglab yetishgan.

Ular millatni maʼrifatli qilish hisobigagina yaxshi hayot qurish mumkin, deb oʻylagan. Natijada millat bolalari uchun zamonaviy maktab qurishgan, alifbodan tortib barcha darsliklargacha oʻzlari yozgan, chop etib, maktablarga berishgan. Buning uchun til oʻrganishgan, qoʻllanmalarni tarjima qilishgan. Iqtidorli bolalarni xorijga oʻqishga yuborishgan.

Chor hukumati ular ochgan gazetani necha marta yopib qoʻysa, yana shuncha marta boshqa nom bilan chiqaravergan: qiynaldik, deb “dod-voy” qilishmagan. Dunyodagi ahvolni tahlil qilib, odamlarga siyosat mohiyatini tushuntirishgan. Uylarini, hovlisini maktabga boʻshatib berishgan. Bizda esa professorning oylik maoshini 15 million soʻmga oshirib qoʻyishsa-da, yana pora olyapmiz, taʼna qilyapmiz. Muallimlarga pandemiya sharoitida oylik maoshini saqlab turib, tagʻin moddiy yordam koʻrsatilsa-da, ularning ayrimlari bir-birining ustidan (ehtimol, bekorchilikdandir) magʻzava toʻkib, arizabozlik qilib yurishibdi. Ularni Shakuriy, Avloniy avlodlari deyishga tilim bormaydi.

Gazeta taxlamlarini varaqlayman. Jadidlar maqolalarini oʻqiyman. (Nadomatlar boʻlsinkim, aksariyat ziyolilarda bunga vaqt, hafsala, ishtiyoq topilmayapti). Biror joyida nolish yoʻq. Millatni maʼrifatga, birlashishga chorlashadi. Misol uchun, Mahmudxoʻja Behbudiyning qozoq birodarlarga maktubini oling. Biz esa sal mansab yoki manfaat tegmasa, millatchilik qilishdan uyalmayapmiz. Eng yomoni, jamiyatimizda oʻzini oqlashga urinish degan illat tarqaldi. Eʼtirozni qabul qilish oʻrniga, muammo chetda qolib, fikr bildirgan odamni yomon koʻrishni oʻrgandik. Rahbarni tanqid qilib, “obroʻ” orttirishni oʻrgandik.

Bugun jamiyatda muloqot, munozara, bahs uchun hamma sharoit yaratilgan. Ijtimoiy tarmoqlardan tashqari, davlat teleradiokanallari, gazetalari ham barchaga birdek ochib qoʻyildi. Ammo hamon bu minbardan hayotda omadi chopmagan yoxud haqiqatdan ham adolatsizlik tufayli jabr koʻrganlar ovozini eshityapmiz. Haqiqiy ziyolilar ayni shu sharoitda aholiga davlat siyosatining mohiyatini tushuntirib, odamlarni illatlarga qarshi hamkorlikka chorlashi, xalqdagi bunyodkorlik xislatini kuchaytirishga xizmat qilishi kerak emasmi? Vaholanki, ongu shuurimizdagi, turmush tarzimizdagi qusurlarni gap bilan, vaʼda bilan bir kechada bartaraf eta olmasligimizni bilamizku! Eʼtiroz bildirayotganlar yoniga kirib, bugungi siyosat mohiyatini tushuntirib, muammosini yengillatishga yordam bersak boʻlmaydimi?!

Mahmudxoʻja Behbudiy «Muallim ila muharrir millatning ikki qoʻlidur» degan edi. Samarqandlik yana bir adabiyotchi Saydulla Mirzayev “Olim va ziyoli – millat maʼnaviyatining yuzi” deb yozgan. Ziyoli faqat muallim va olimgina emas, bugun shifokoru injener, quruvchi, hatto talaba ham ziyoli.

Katta kuchmiz. Shunday paytda har birimiz oʻz oilamizda, mahalla va jamoamizda odamlarga Yangi Oʻzbekistonda qilinayotgan ishlar, Yangi Oʻzbekiston koʻzlayotgan marralar haqida gapirsak, Vatan haqida tasavvurimiz yana-da yorqin, maʼnaviyatimiz esa boy boʻladi, deb oʻylayman. Nima deysiz, aziz ziyolilar?

Farmon TOSHEV,
Oliy Majlis Senati aʼzosi,

jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?