“Begona yurtlarda ogʻir ahvolga tushib qolgan vatandoshlarimizning barchasi Oʻzbekiston himoyasida”. Ortga qaytarilgan 156 nafar fuqaro boʻyicha bayonot berildi

14:21 30 May 2019 Siyosat
659 0

2019-yilning 30-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirigʻiga binoan 156 nafar Oʻzbekiston fuqarolari, asosan ayollar va bolalar maxsus aviareysda Toshkent shahriga olib kelindilar. Ular aldov yoʻllari bilan Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududiga borib qolgan edilar.

Ushbu gumanitar amaliyot inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi asosiy xalqaro hujjatlarga toʻliq rioya etgan holda, shuningdek, xalqaro gumanitar huquqning meʼyor va tamoyillaridan kelib chiqib amalga oshirildi.

Xorijiy jangari-terroristlarlar bilan aloqador hamda terrorizm qurbonlari boʻlishi mumkin boʻlgan ayollar va bolalarga yordam koʻrsatish muhimligi BMT Xavfsizlik kengashining 2396-rezolyutsiyasi bilan tasdiqlangan.

Ogʻir hayotiy davrni boshdan oʻtkazib, Vatanga qaytgan hamyurtlarimizga Oʻzbekiston Hukumati reabilitatsiya va jamiyatga qayta moslashishlari uchun har tomonlama yordam koʻrsatadi. Ularning tibbiy yordam va psixosotsial koʻmakdan foydalanishlari, taʼlim va boshqa ijtimoiy dasturlarda ishtirok etishlari taʼminlanadi. Qutqarilgan vatandoshlarimizning tinch hayotga qaytishlari uchun, xususan ularni tegishli boshpana va ish oʻrni bilan taʼminlash borasida zarur sharoitlar yaratiladi.

Barcha musulmonlar uchun muqaddas boʻlgan Ramazon oyida fuqarolarimizni qutqarish boʻyicha muvaffaqiyatli amalga oshirilgan gumanitar missiya Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi, maxsus xizmatlari va boshqa idoralarining muvofiqlashtirilgan harakatlari samarasidir.

Qator xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar, jumladan Xalqaro Qizil xoch qoʻmitasi va YUNISEF tomonidan muhim koʻmak koʻrsatildi. Oʻzbekiston tomoni mazkur tadbirda ishtirok etgan barcha hamkorlariga fuqarolarimizning Vatanga eson-omon qaytarishda koʻrsatgan yordami uchun minnatdorchilik izhor etadi.

Turli sabablarga koʻra begona yurtlarda ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan vatandoshlarimizga ularning barchasi Oʻzbekiston Respublikasi himoyasida ekanliklarini, davlat ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun barcha choralarni qoʻllashini maʼlum qilishni muhim deb hisoblaymiz.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?