Bedorlik zarur

09:10 06 Noyabr 2019 Jamiyat
90 0

Bugun juda ogʻir yigʻilish boʻldi. Masala – oliy taʼlim tizimidagi korrupsiya holatlari va uni bartaraf etish choralari haqida. Oliy taʼlim tizimida ishlayotganimga 41 yil boʻlyaptiki, bunday jiddiy, oʻta ogʻriqli masala qoʻyilgan yigʻilishni eslolmayman. Bu bugungi zarurat tufayli boʻlganligini yaxshi anglab turibmiz.

Men maktabda oʻqigan davrimdan tarixiy asarlarni xush koʻrib oʻqiyman. Buyuk sohibqiron Amir Temur bobomizning aytganlari hech yodimdan chiqmaydi: “Mingta loqayd, shijoatsiz askardan bitta shijoatli askar afzaldir”. Ushbu jumlaning maʼnosini tahlil qilsangiz, bugun milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari ildam qadam bilan buyuk rejalarni maqsad qilgan kunimizda ham buyuk bobomiz aytgan soʻzlar hech ahamiyatini yoʻqotmagan. Dono xalqimizda yana bir soʻz bor: “Loqaydlik har qanday dushmandan ham xavfli”. Nega bu soʻzlarni yozyapman? Oʻzingiz oʻylab koʻring: bugun yurtimizda har bir sohada juda katta oʻzgarishlar, islohotlar boʻlmoqda. Bugun farzandlarimiz, nabira va evaralarimiz uchun kelajakning poydevorini qoʻyyapmiz. Poydevor qanchalik chuqur va pishiq boʻlsa, unga qurilgan imorat mustahkam boʻladi. Demak, bugun oʻz avlodi kelajagini oʻylagan har bir yurtdoshimiz Muhtaram Prezidentimiz olib borayotgan islohotlarga oʻz ulushini qoʻshib qolishi kerak.

Islohot boʻlayotgan muhim sohalardan biri – oliy taʼlim tizimi. Nega bu sohaga oʻta jiddiy eʼtibor berilmoqda? Chunki kelajak poydevorini quyishda sogʻlom fikrlovchi, chuqur bilimga ega boʻlgan kadrlar favqulodda muhim ahamiyatga ega. Bu bizga oydek ravshan. Demak, oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlashda xiyonat millat kelajagiga xiyonat tarzida baholanadi.

Soʻzimning boshida aytganimdek, men oʻqigan buyuk Navoiy, Bobur, Abdulla Qodiriy asarlarida har xil darajadagi taʼlim haqida fikrlar bor, lekin ularning birontasida ustozning muttahamligi, pastkashligi, taʼmagirligi haqida aytilmaydi. Chunki oʻtmishda har qachon ham taʼlim sohasi bunday salbiy illatlardan holi boʻlganligi haqiqatdir. Nega bugun biz taʼlim tizimidagi korrupsiya haqida koʻp bong uryapmiz, ogohlantirilyapmiz?

Yaqin oʻtmish sarqiti hanuz davom etayotganligi juda achinarli, qolaversa, bu sohadagi salbiy holatlar haqida gap ketganda yuraklarimiz zirqirab ketyapti. Bugun har birimiz koʻzimizni kattaroq ochishimiz, oʻz kelajagimizga oʻzimiz bolta urayotganligimizni yurakdan, vijdonan his etishimiz vaqti allaqachon kelganini sezishimiz shart! Axir, ustoz otangdek ulugʻ, degan naql bor-ku! Ota oʻz farzandi uchun oʻgit bersa, tarbiya bersa, buning uchun taʼmagirlik qilmaydi-ku! Nega bu yaramas botqoqdan chiqa olmayapmiz? Inson bu dunyoga kelganda faqat qorin uchun, hashamatli hayot uchun yashamaydiku! Qorin tashvishidan boshqa qadriyatlarimiz ham bor-ku!

Navoiy aytadi:

“Tut bargichalik qimmating yoʻqmi,

Ipak qurtichalik himmating yoʻqmi?”

Juda sermaʼno soʻzlar.

Taklifim: bugun har birimiz, kim boʻlishimizdan qatʼiy nazar, oʻz kelajagimiz yaratilayotgan kunimizda har qanday qingʻirlikni uloqtirib, buyuk Oʻzbekistonimizning buyuk davlat boʻlib taraqqiy etishiga munosib hissamizni qoʻshishimiz shart. Millat, yurt kelajagini, taqdirini oʻylagan har birimiz bu ishga bosh qoʻshishimiz kerak. Aks holda, tut bargichalik qimmatimiz ham, ipak qurtichalik himmatimiz ham boʻlmaydi. Kelajak avlod oldida yuzimiz shuvut boʻladi.

Oʻylaymanki, yurt qaygʻusidagi insonlar, ayniqsa, muhtaram ustozlar bu borada oʻz oldilaridagi muqaddas vazifani anglab yetdilar. Muhtaram Prezidentimiz olib borayotgan islohotlarni roʻyobga chiqarishda qoʻshqanot boʻla olamiz. Buning uchun bedorlik, xalqimizga sadoqat bilan mehnat qilishimizni har birimiz anglab turibmiz. Bunga ishonchim komil.

Ibrohim Yuldashev

Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti rektori


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?