“Bajaramiz”,“xoʻp boʻladi”dan qachon qutulamiz?

10:13 18 Yanvar 2019 Jamiyat
543 0

Illyustrativ foto

Ayni paytda Chirchiq shahrida 78 mingga yaqin iqtisodiy faol aholining 91,8 foizi ish bilan band. Bu yaxshi koʻrsatkich. Ammo masala sinchiklab oʻrganilsa, boshqa muammolar borligi oydinlashadi. Ish bilan band boʻlganlarning 50 foizdan ortigʻi norasmiy faoliyat yuritmoqda. Demak, ular ham roʻzgʻor tebratyapti. Lekin soliq toʻlamaydi, ertangi pensiya taʼminotidan toʻliq umidvor boʻla olmaydi.

Shaharda bu muammolarni hal etishning imkoniyati mavjud. Eng avvalo, tashkiliy, hisob-kitob, ish joylarini rasmiylashtirish kabi tadbirlarni yoʻlga qoʻyish ­lozim. ­Ishsizlarni qayta tayyorlash ­masalalarini muvofiqlashtirish ­talab etiladi.

Xalq deputatlari Chirchiq shahar Kengashi sessiyasida hududning shu va shunga oʻxshagan ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid masalalar muhokama etildi. Xususan, investitsiya jalb qilish, kichik sanoat zonalari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish, boʻsh turgan bino va yerlardan foydalanish zarurligi taʼkidlandi.

Bugungi kunda shaharda 273 ta boʻsh turgan bino mavjud, ularning 198 tasi xu­susiylashtirilgan. 8 ta maktab va bolalar bogʻchasining kelgusi taqdiri haqida hanuzgacha aniq xulosaga kelinmagan. Umuman, bu boradagi muammolar mutasaddilar eʼtiboridan chetda qolib ketgan.

Mahallalar kesimida ishsizlar haqidagi toʻliq xatlovning yoʻqligi va boshqa sabablar bir paytda ikki xil xulosaga kelishga asos boʻladi: ish oʻrni bor — ishchi kuchi yoʻq yoki ishchi kuchi bor — ish oʻrni yoʻq. Shu bois mazkur masala yuzasidan hisobot berganlarning ayrimlari “bajaramiz”, “qoyil qilamiz”, “rejalashtirganmiz”, “xoʻp boʻladi” kabi bahonalardan nariga oʻtisholmadi. Vaholonki, bunday nomutanosiblikka bar­ham berish vaqti allaqachon yetib kelganini deputatlar alohida taʼkid­lashdi.

Sessiyada hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol va aholini ­qiynab kelayotgan muammolarni oʻrganish boʻyicha Respublika ishchi guruhi tomonidan aniqlangan muammolarga ham eʼtibor qaratildi.

Oʻrganish davomida jami 20 ming­dan ortiq yechim talab qiladigan masalalar aniqlandi. Sohalar kesimida tahlil etilganida, eng koʻp muammolar aholini elektr energiyasi va ichimlik suvi bilan taʼminlash, yoʻllarni taʼmirlash bilan bogʻliq. Ularni bartaraf etish yuzasidan Respublika ishchi guruhi tashabbusi bilan bir qator xayr­li ishlar amalga oshirildi. ­Lekin yechimini ­kutib turganlari ham ­talaygina.

Aniqroq aytganda, oʻrnatilganiga uzoq vaqt boʻlgan 78 ta yogʻoch tayanch ustuni yaroqsiz holatda boʻlib, xavfsizlik talablariga umuman javob bermaydi. Isteʼmolchilarni elektr energiyasi bilan barqaror taʼminlash maqsadida 11 transformator punktini almashtirish, 6 ta mahallada umumiy uzunligi 11,3 km. boʻlgan elektr kabel tarmoqlarini mukammal taʼmirlash zarur. Umumiy uzunligi 255,8 km. ichimlik suvi tarmoqlarining 54 foizi yaroqlilik muddatini oʻtab boʻlgan. Natijada tizimda koʻplab avariya holatlari sodir boʻlishi, ichimlik suvining isrofgarchiligi holatlari aniqlangan.

Sessiyada kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari ham sust amalga oshirilgani tanqid qilindi. 86 ta uyning tom, 24 tasining yertoʻla qismidagi muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini taʼmirlash nihoyasiga yetmagan. 13 ta qozonxona, 40 ta qozon, 92,4 km. issiqlik tarmogʻidagi qator nosozliklar sababli isteʼmolchilarga meʼyoridagidan ancha kam miqdorda issiqlik yetkazib berilyapti.

Shu bilan birga, 7 va 29-maktabgacha taʼlim muassasasini qayta qurish, 4 ta umumtaʼlim maktabini mukammal taʼmirlash, ayniqsa, 3 va 4-umumiy oʻrta taʼlim maktablaridagi ahvolni qisqa fursatda oʻnglash lozimligi qayd etildi.

Sessiyada shahar hayoti bilan bogʻliq boshqa kamchiliklar ham muhokama qilinib, ularni hal etishning aniq yoʻllari belgilandi. Qabul qilingan “Yoʻl xaritasi”dan respublika, viloyat va shahar kesimida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar oʻrin oldi. Topshiriqlar ijrosi boʻyicha sektor rahbarlari masʼul etib belgilandi.

Xalq deputatlari Chirchiq shahar Kengashining sessiyasida Oliy Majlis Senatining Raisi N. Yoʻldoshev ishtirok etdi.

Xuddi shunday sessiyalar Toshkent viloyatining Parkent va Yuqori Chirchiq tumanlarida ham oʻtkazildi. Tumanlardagi iqtisodiy-ijtimoiy ahvol oʻrganildi. Tegishli xulosalar chiqarildi.

Rahmatilla SHЕRALIYEV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?