Batat kartoshka oʻrnini bosadi...mi?

18:45 11 Iyun 2019 Jamiyat
289 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Guliston davlat universitetining “Eksperimental biologiya” laboratoriyasida olib borilgan biotexnologik tadqiqotlar asosida batatning Sirdaryo viloyati tuproq-iqlim sharoitiga mos boʻlgan “Xazina-2”, “Xazina-3”, “Xazina-4”, “GulDU-1” va “GulDU-2” navlari yaratildi va ular davlat nav sinash komissiyasiga taqdim etildi. Shu bilan birga batatning mahalliy sharoitda oʻsish-rivojlanish xususiyatlari bir necha yillar davomidagi biotexnologik, fiziologik va biokimyoviy tadqiqotlar asosida oʻrganildi.

Aytish lozimki, batat (shirin kartoshka) Sirdaryo viloyati tuproq-iqlim sharoiti uchun tavsiya etilayotgan yangi noanʼanaviy qishloq xoʻjaligi oʻsimligi hisoblanib, Vatani Janubiy Amerikadir. U asosan, tropik mintaqalarda,100 dan ortiq davlatda ekiladi.

Batat gektariga 800-1200 sentner hosil beradi. Batat kartoshkasi qalamchalaridan koʻpaytiriladi.

Yuqorida koʻrsatilgan batat navlari Guliston Davlat universitetining “Eksperimental biologiya laboratoriyasi”da in vitro sharoitida biotexnologik usullar yordamidagi tajribalar asosida Sirdaryo viloyati tuproq sharoitiga moslashtirildi. Natijada shoʻrlangan tuproq sharoitida hosil olishga erishildi.

Ozuqaviy qiymati boʻyicha batatning kartoshkadan ustunlik jihatlari ham koʻrib chiqildi. Batat oddiy kartoshkaga nisbatan 1,5 baravar kaloriyaga ega. Tarkibida kraxmal, oqsil, mineral tuzlar, uglevodlar, turli darmondorilar(V, RR, A), minerallar, organik kislotalar va disaxaridlar mavjud.

Tuganagi (kartoshkasi) yirik (0,2-1,5 kilogramm,ayrimlari 3-5 kilogrammgacha tosh bosadi), choʻziqroq, tarkibida 24-2 foiz azotli moddalar va 42 foizgacha quruq modda bor. Oziq-ovqat sifatida, konserva, kraxmal, spirt olishda birlamchi xomashyo sifatida ishlatiladi.

Koʻk holida quritilgan poyasi, silos qilingan koʻk massasi chorva mollariga toʻyimli ozuqa hisoblanadi. Ushbu oʻsimlikning quritilgan mevasidan tayyorlangan un qoʻshilgan yem bilan boqilgan parrandalarning tuxumi kattalashishi kuzatilgan.

Shuningdek batatning shifobaxsh xususiyatlari ham anchagina. Yaʼni u yurak va qon-tomir kasalliklarini davolashda juda ham foydali.Tarkibidagi S darmondorisi esa organizmni uzoq vaqt yosh boʻlishini taʼminlaydi va immun tizimni muvofiqlashtiradi. Shuningdek,ortiqcha vazndan xalos boʻlishga yordam beradi,asab tizimiga (uyqusizlik, nevroz va surunkali charchoqda) yaxshi taʼsir koʻrsatadi,yana yosh bilan bogʻliq koʻrish qobiliyatini yaxshilash xususiyatiga ega.

Batat qanchalar foydali boʻlmasin uni qoʻllash tavsiya etilmaydigan ayrim holatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham mavjud. Batat mazasiga koʻra desert(oʻta shirin va mazali), shirinmas(xoʻraki) va sabzavotli (shirin va shirin taʼmli) navlarga ajratiladi. Shirin navlari yumshoq va sersuv, xoʻrakisi quruq va qattiq boʻladi.

Batatning tarkibida mineral moddalar, xususan natriy, kaliy, kalsiy, magniy, fosfor, temir hamda yod moddalari koʻpligidan odatdagi kartoshkadan ajralib turadi. Batat kartoshkaga nisbatan mazali, shirin, toʻyimli va tarkibidagi kraxmal miqdori 1,7 barobar koʻp. Desert sifatida foydalaniladigan navlari tarkibida glyukoza miqdori yuqori. Unidan tayyorlangan vafli, pechenye, pryaniklar shakar solinmasa ham juda shirin va toʻyimli boʻladi. Batat unidan 50 dan ortiq taom tayyorlash mumkin.

Yana bir jihat, olimlar tomonidan batatning mazkur laboratoriyada yaratilgan “Yashil texnologiya” innovatsion ishlanmasining bitta klasterli yoʻnalishi sifatida ishlab chiqarishda oʻz oʻrnini topishi boʻyicha tegishli ilmiy xulosalar ham qilindi.Oʻylaymizki,Guliston Davlat universitetining Oʻsimliklar fiziologiyasi va biokimyosi yoʻnalishi boʻyicha PhD yosh doktorantlari Nozima Ismoilova va Baxrom Almamatovning professor,biologiya fanlari doktori, “Eksperimental biologiya” laboratoriyasi mudiri Habib Qoʻshiyev rahbarligida amalga oshirgan ushbu ilmiy ishi yurtimiz qishloq xoʻjaligida, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish va tayyorlash sohasida muhim yangilik boʻladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?