Barqaror rivojlanish boʻyicha Milliy maqsadlarga erishilyaptimi?

13:57 21 May 2020 Jamiyat
548 0

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, “Yuksalish” umummilliy harakati, BMTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz hamkorligida tashkil etilgan onlayn videokonferensiyada Barqaror Rivojlanish maqsadlari amalga oshirilishi boʻyicha birinchi monitoring sharhi koʻrib chiqildi.

Muhokamalarda asosan aholining farovonligi, daromadlari, bandligi va ijtimoiy himoyasi yoʻnalishlarida Oʻzbekistonda erishilayotgan natijalarga alohida eʼtibor qaratildi.

Konferensiyada “Yuksalish” umummilliy harakati raisining oʻrinbosari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov, UNICEFning Oʻzbekistondagi vakili Sasha Graumann mamlakatimizda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlida keng koʻlamli ishlar olib borilayotgani, davlat siyosatida bu masalaga katta eʼtibor berilayotganini qayd etishdi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Ijtimoiy siyosat boʻlimi boshligʻi Adiba Nuruddinova Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha milliy sharh loyihasi toʻgʻrisida batafsil axborot berdi.

Shuningdek, konferensiyada nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari daromadlar, bandlik va ijtimoiy himoya yoʻnalishlaridagi tajribalari bilan oʻrtoqlashishdi.

Qayd etish kerakki, 2030-yilgacha boʻlgan davrda BMT Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi “2030-yilgacha boʻlgan davrda Barqaror rivojlanish Milliy maqsad va vazifalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qaror qabul qilgan. Mazkur qaror doirasida 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish uchun 16 ta milliy maqsad va 125 ta vazifani hukumat zimmasiga olgan. Milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etilib, “yoʻl xaritasi” tasdiqlangan.

2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining markaziga iqtisodiyot, davlat boshqaruvi, shuningdek, ijtimoiy rivojlanish va inson salohiyati qoʻyilgan. Ushbu sohalarning barchasi Barqaror rivojlanish maqsadlariga sezilarli darajada yaqin va mos kelishi taʼkidlandi.

Barqaror rivojlanish boʻyicha Oʻzbekiston hukumati oldiga qoʻygan maqsadlardan biri barcha hududlarda aholining kam taʼminlanganlik darajasini kamaytirishdir. Xususan, 2030-yilga qadar kambagʻallikni 2 baravar kamaytirish va oʻta qashshoqlikni tugatish, aholining eng kam taʼminlangan 40 foizi daromadlarining oʻsishini mamlakat boʻyicha belgilangan oʻrtacha darajadan yuqori darajada qoʻllab-quvvatlash vazifasi belgilangan.

Bu oʻz-oʻzidan boʻlmaydi, buning uchun kambagʻallik hamda daromad tengsizligini oʻlchashga nisbatan mavjud yondashuvlarni qayta koʻrib chiqish boʻyicha ishlarni kuchaytirish, kambagʻallik darajasini kamaytirishning yangi dasturlarini. ishlab chiqishni talab qiladi, deyishdi konferensiyada soʻzga chiqqanlar.

Davlat statistika qoʻmitasining maʼlumotlarida 2015-2018-yillar davomida Oʻzbekistonda kam taʼminlanganlik darajasi umumiy 12,8 foizdan 11,4 foizgacha, jumladan, shaharlarda 9,5 foizdan 8,4 foizgacha va qishloq joylarda 15,9 foizdan 14,3 foizgacha tushgani keltirilgan.

Barqaror rivojlanish maqsadlari kambagʻallik va ochlikka barham berish, tengsizlikni qisqartirish, adolatli sifatli taʼlim olish imkoniyati, gender tengligini taʼminlash, energiyaning arzon, ishonchli, barqaror manbalaridan foydalanish imkoniyatini taʼminlash, barqaror iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlash, toʻliq va unumli bandlik hamda munosib ishni taʼminlash, ekologik barqarorlik hamda turmush darajasini yaxshilashga doir boshqa sohalarga yoʻnaltirilgan.

Onlayn konferensiyada amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar eʼtirof etilib, bugungi kunda dolzarb boʻlib turgan vazifalarga ham eʼtibor qaratildi.

Konferensiyada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari, Xalq demokratik partiyasi raisi Ulugʻbek Inoyatov ishtirok etib, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish ishlarini jadallashtirish ijtimoiy himoyani mustahkamlash va barcha hududlarda xalqimiz turmush farovonligini koʻtarishda dolzarb ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?