Barmoq izlarini skaner qilish orqali 180 dan ortiq notarial harakatlar amalga oshirildi

09:08 25 Iyul 2018 Jamiyat
336 0
Illyustrativ foto

Prezidentimizning joriy yil 25 maydagi “Nizolarning oldini olishga qaratilgan institut sifatida notariat tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Vazirlikning Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, qarorga muvofiq, 2019 yil 1 yanvardan boshlab ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo‘yish tartibini o‘rnatish orqali ko‘chmas mulkni ijaraga berish hamda tekin foydalanish shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash bo‘yicha talab bekor qilindi.

Shuningdek, qarorda notarial harakatlarni amalga oshirish uchun murojaat qilgan shaxslarning shaxsini aniqlash barmoq izlarini skaner qilish va ularni pasportdagi (fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning biometrik harakatlanish hujjatidagi) biometrik ma’lumotlar bilan solishtirish orqali amalga oshirish, shuningdek, murojaat etuvchilarning notarial harakatlar bajarganligini tasdiqlash notarial tasdiqlanayotgan hujjatlarga ular tomonidan imzo qo‘yish va maxsus moslamalarda ularning barmoq izlarini skaner qilish yo‘li bilan amalga oshirilishi belgilangan.

Shundan kelib chiqib, hozirgi kunda poytaxtimizda fuqarolarga maxsus moslamalar orqali ularning barmoq izlarini skaner qilish yo‘li bilan notarial harakatlarni amalga oshirish amaliyoti sinov rejimida ishga tushirilgan. Bugungi kunda 10 ta notarial idorada ana shunday uskunalar o‘rnatilgan bo‘lib, joriy yilning 1 iyunidan ayni kunga qadar 180 dan ortiq notarial harakatlar barmoq izlarini skaner qilish yo‘li bilan amalga oshirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?