Barchamiz uyg'onishimiz kerak

10:25 07 Iyul 2020 Iqtisodiyot
648 0

Shu yilning 26-27-iyun kunlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrif buyurdi. Boshqa hududlarga amalga oshirilgan safarlar kabi ushbu tashrif ham boy, mazmunli va tom maʼnoda, samarali boʻldi.

Bu bejiz emas, albatta. Chunki aniq maqsad, soʻz bilan ish birligi tamoyilining ustuvorligi Prezidentimiz boshqaruv uslubining mohiyatini tashkil etadi va bunday yondashuv har bir sohada, jumladan, viloyatlarga tashriflarda ham koʻzga yaqqol tashlanadi. Shu bois hududlar aholisining davlat rahbari tashrifidan soʻng koʻp narsalarga umid bogʻlashi tabiiy. Eng muhimi, natija odamlar kutganidan ham ziyoda tarzda namoyon boʻladi.

Bundan Namanganga tashrif ham istisno boʻlmadi. U, avvalo, bugungi kunda viloyat aholisi duch kelayotgan aniq muammo va qiyinchiliklarni hal etishga qaratilgani bilan alohida eʼtiborga loyiqdir.

Tashrif doirasida qabul qilingan qarorlar esa, hech shubhasiz, viloyatni iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan yangi rivojlanish bosqichiga olib chiqishga yordam beradi.

Safar chogʻida biror soha yoki ishlab chiqarish tarmogʻi Prezidentimizning diqqat-eʼtiboridan chetda qolmadi. Hukumat aʼzolarining aksariyati, barcha asosiy idoralarning mutasaddilari ham viloyatda boʻlib, tashrif bilan bogʻliq tadbirlarda qatnashdi. Davlat rahbari tomonidan ularga nafaqat mavjud muammolarni bartaraf etish, balki mazkur sohalarni rivojlantirish boʻyicha tezkor va muhim koʻrsatmalar berildi. Mamlakatimiz yetakchisining tashrif doirasida har bir obyekt bilan tanishishi, qabul qilgan qarorlari haqli ravishda butun respublika uchun namuna boʻldi, deyish mumkin.

Shavkat Mirziyoyevning avval-boshdayoq Namanganga maqtov yoki olqishlar eshitish uchun kelmagani, aksincha, uni ijtimoiy muammolar va ularni yechishga qaratilgan amaliy takliflar qiziqtirishi haqida rahbar hamda mutasaddilarni ogohlantirib aytgan soʻzlari ham ibratga molik. Shuning uchun ham safar davomida har bir mansabdordan amaliy ish va natijadorlik qattiq talab qilindi.

Aytish joizki, Namangan viloyati misolida davlat rahbarining hududlarni rivojlantirish strategiyasining amaliy jihatlari yana bir karra namoyon boʻldi. Ushbu strategiyaning asosiy xususiyati — viloyatlar taraqqiyotiga toʻsqinlik qilayotgan surunkali muammolarni hal etishga kompleks yondashishdir. Ishsizlik, kambagʻallik, zaif iqtisodiy baza, eskirib ketgan infratuzilma va boshqa masalalar bir-biri bilan uzviy bogʻliq boʻlib, ularni alohida-alohida hal qilib boʻlmaydi. Bu muammolarni bartaraf etishga har tomonlama va izchil yondashish — viloyat ravnaqini, eng muhimi, xalq farovonligini, millionlab insonlarning turmush darajasini oshirishning toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻlidir. Prezident Shavkat Mirziyoyev kuchli iqtisodchi sifatida buni boshqalardan koʻra teranroq anglaydi va bu yondashuvni imkoni boricha samarali amalga oshirishga intiladi.

Shu oʻrinda Yurtboshimiz tomonidan mavjud muammolar ochiq tan olinayotganini ham taʼkidlash lozim. Kamchilik va nuqsonlar nafaqat tan olinmoqda, balki ularni hal etishga harakat qilinyapti, bor kuch hamda imkoniyatlar safarbar etilmoqda. Bularning barchasi bir vaqtlar boʻlgani kabi, xalqning oʻz dardu tashvishlari bilan yolgʻiz qolib ketmasligiga ishonch uygʻotadi.

Namangan viloyatiga tashrif davlat tomonidan muayyan hududning tizimli muammolarini hal etish mexanizmlari aniq ishlab chiqilganini ham koʻrsatdi.

Xoʻsh, ular nimalardan iborat?

Avvalo, asosiy eʼtibor eng dolzarb muammolardan biri — ishsizlikni yengishga qaratiladi. Tom maʼnoda keng koʻlamli maqsad-vazifalar belgilab olingan — 13 trillion soʻmlik loyihalarni ishlab chiqish va joriy etish natijasida viloyatda 55 mingta ish oʻrni yaratiladi. 2020-yilning oʻzidayoq 8,3 trillion soʻmlik 1 600 ta loyihani amalga oshirish va 35 mingta yangi ish oʻrni tashkil etish maqsad qilingan.

Davlat rahbari topshirigʻi bilan 11-sinf bitiruvchilarining bandligini taʼminlash, ularning 30 foizini ishga joylashtirishga alohida eʼtibor beriladi. Prezident tomonidan xorijdagi vatandoshlarimizni yurtimizga qaytarish muhimligi ham taʼkidlandi. Bu borada jami 115 ming fuqaroni qaytarish va oʻzimizda ish bilan taʼminlash moʻljallanmoqda.

Ishsizlik masalasini yechish, bu muammoni, ayniqsa, yoshlar va kam taʼminlangan oilalar oʻrtasida hal etish diqqat markazida boʻldi. Bu haqda gapirganda, 36 gektar oʻzlashtirilmagan qir-adirda 1000 ta issiqxona qurilishini namuna sifatida keltirish mumkin. Ayni paytda yiliga 7 ming tonna sabzavot yetishtirish quvvatiga ega 800 ta issiqxona qurilib, oʻz egalariga topshirildi. Јolgan 200 ta issiqxonaning iyul oyi oxiriga qadar foydalanishga topshirilishi reja qilingan.

13 milliard soʻmlik ushbu loyihaning afzalligi shundaki, bir joyning oʻzida “bitta tuman — bitta mahsulot” tamoyili asosida yuqori sifatli eksportbop mahsulotlar yetishtiriladi. Bunda kambagʻal oilalar barqaror daromad manbai va muqim ish oʻrniga ega boʻladi. Ular yer, suv, koʻchat hamda oʻgʻitlar bilan kafolatli taʼminlanadi. Umuman olganda, aholiga barcha zarur sharoit yaratib beriladi. Endi ular ana shu imkoniyatlardan unumli foydalanishga bor kuchi bilan harakat qilishlari lozim. Ushbu loyihaning muvaffaqiyatiga ishonch hosil qilgan Prezidentimiz bunday issiqxonalar sonini 10 mingtaga yetkazish yuzasidan koʻrsatma berdi.

Ikkinchidan, Namanganda davlatimiz rahbari kambagʻallikni bartaraf etish masalasini yana koʻtardi. Uzoq vaqt davomida barcha darajada taqiqlangan muammoni hal qilish hozirgi kunda hukumatning asosiy vazifasiga aylanmoqda.

Bu muhim va murakkab jarayonda kambagʻallikni qisqartirish uchun odamlarga nafaqa berish emas, balki ularning ishlab, daromad topishiga tegishli imkoniyatlar yaratishga asosiy eʼtibor qaratiladi. Bunday yondashuv iqtisodiy istiqbol va kambagʻallikni qisqartirish nuqtayi nazaridan eng oqilona hamda toʻgʻri yoʻl hisoblanadi.

Ana shu mantiqqa amal qilgan holda, aholining tadbirkorlik faoliyatini ragʻbatlantirish uchun shart-sharoitlar yaratiladi. Grantlar, imtiyozli kreditlar beriladi va aylanma mablagʻlarni taʼminlash uchun moliyaviy mablagʻlar ajratiladi. Uning 2,3 trillion soʻmi tadbirkorlarni aylanma mablagʻlar bilan taʼminlashga yoʻnaltiriladi. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun boshqa manbalar hisobidan yana 350 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi.

Bundan tashqari, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kam taʼminlangan oilalarning 12 mingdan ortiq ishsiz aʼzolarini band qilish rejalashtirilgan. Bu, oʻz navbatida, yil oxiriga qadar shuncha oilani nochor ahvoldan olib chiqish imkonini beradi.

Uchinchidan, har bir viloyatga manzilli yondashish va uning oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olish ustuvor ahamiyatga ega. Davlatimiz rahbari haqli ravishda «Oʻzbekistonda har bir hudud boshqasiga oʻxshamaydi» hamda “Namanganning oʻz rivojlanish yoʻli boʻlishi kerak”, deya taʼkidladi.

Bu borada viloyatning mavjud salohiyati va ustun jihatlaridan maksimal darajada foydalanishga eʼtibor qaratildi. Shu tariqa mintaqaning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, uning kelgusida rivojlanishini belgilaydigan sohalar aniqlandi. Yaʼni Namanganda juda koʻp tajriba toʻplangan tarmoqlar belgilab olindi.

Masalan, viloyatda tuman va shaharlar kesimida xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish dasturi ishlab chiqilmoqda, ushbu loyihalar uchun 80 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi.

Hududda chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, quyonchilik sohalaridagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish ham koʻzda tutilgan. Birgina 2020-yilda chorvachilik sohasida 84 ta yangi loyiha joriy etiladi.

Maʼlumki, Pop tumani uzoq yillar davomida aʼlo sifatli jun beradigan echkilarni yetishtirishga ixtisoslashgan edi. Afsuski, keyinchalik bu sohaga yetarlicha eʼtibor boʻlmagani tufayli toʻplangan boy tajriba yoʻqolib ketdi. Prezidentimiz tomonidan ana shu noyob tajribani qayta tiklash va ushbu serdaromad sohani rivojlantirish vazifasi qoʻyildi. Hozirgi kunda tumanda jun tayyorlash hamda qayta ishlash klasteri tashkil etilmoqda. Shu bilan birga, Pop va Chust tumanlaridagi 1,5 mingta xonadonga shartnoma asosida 20 ming bosh qoʻy-echki tarqatiladi.

Viloyatning oʻziga xos tajribasi hisobga olingan yana bir misol baliqchilikni rivojlantirish bilan bogʻliq. Uchqoʻrgʻon tumani misolida bu sohaning istiqbolli va daromadli tarmoq ekanini koʻrish mumkin. Shuningdek, viloyatning Mingbuloq, Uychi, Pop, Norin tumanlarida baliqchilik yoʻnalishida qariyb 300 milliard soʻmlik 75 ta yangi loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

Toʻrtinchidan, Namangan viloyati hududlarining iqlim va tuproq sharoiti imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, ularga mos boʻlgan qishloq xoʻjaligi ekinlarini oʻstirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Masalan, Kosonsoy, Chortoq hamda YangiqoʻrQon tumanlari bogʻdorchilik hududlari sifatida belgilangan. 

Darhaqiqat, fermerlarning talabni bozorning oʻzi belgilab beradigan mahsulotlarni yetishtirishi juda muhim masala. Ilgari 90 foiz eʼtibor va kuch paxtachilikka qaratilgan, ammo samara minimal darajada edi. Butun respublika boʻyicha paxta eksporti 1 milliard dollarni tashkil etardi, xolos. Namanganda bu koʻrsatkich yana-da kam — atigi 70 million dollar boʻlgan.

Klaster tizimi rivojlanishi bilan xom ashyo qayta ishlanib, qoʻshilgan qiymatni taʼminlaydigan zamonaviy ishlab chiqarish obyektlari ishga tushirildi, yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda. Buning natijasi oʻlaroq, viloyatning iqtisodiy va eksport salohiyati oshib, aholi daromadlari oʻsmoqda. 

Klaster tizimi, shuningdek, fermerlarning asosiy «bosh ogʻriq»laridan biri, yaʼni mahsulotni sotish muammosini hal etish imkonini beradi. Endi dehqon oʻz mahsulotlarining xaridori aniq ekani va uning kafolatli sotilishiga amin boʻlishi mumkin. Bunday holat fermer xoʻjaliklari uchun tavakkalchilik va xavfni sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi.

Beshinchidan, viloyatning ishlab chiqarish salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bu borada 75 foizi xususiy kapitaldan iborat boʻlgan Namangan viloyatining kichik sanoat zonasini misol tariqasida keltirish oʻrinlidir. Bu, haqiqatan ham, noyob tajriba. Xususiy kapitalning jalb qilinishi, shubhasiz, ushbu zonaning samarali rivojini va uning muvaffaqiyatini taʼminlaydi. Korxonaning foydasi va rivojlanishidan bevosita manfaatdor mulkdor paydo boʻldimi, ijobiy natija uzoq kuttirmaydi.

Bugungi kunga kelib, viloyatdagi kichik sanoat zonalarida 311 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish salohiyatiga ega 32 ta loyiha yakuniga yetkazildi. Mazkur ishlab chiqarish obyektlarining toʻliq quvvat bilan ishlay boshlashi 7300 ta yangi ish oʻrni yaratish va yiliga 7,8 million dollarlik mahsulotni eksport qilishga imkon tugʻdiradi.

Oltinchidan, viloyatda manzilli ijtimoiy dasturlar ham nazardan chetda qolayotgani yoʻq. Bu yerda 4 ming 400 xonadonga moʻljallangan uy-joylar qurish rejalashtirilgan. Ularning 750 tasi imtiyozli kreditlar boʻyicha beriladi. Yana 1 300 oilaga dastlabki badalni toʻlash uchun subsidiyalar taqdim etiladi.

Qoʻshimcha uy-joy maydonlarining paydo boʻlishi kvartiralar narxini pasaytirish imkonini beradi. Uni endi sunʼiy ravishda ushlab turib boʻlmaydi. Bu yana-da koʻproq oilalar shaxsiy, zamonaviy uy-joy sotib olish imkoniga ega boʻladi, degani.

Yana bir muhim masalani alohida taʼkidlash lozim.

Viloyatda 2020-yilda kasb-hunarga oʻrgatish, imtiyozli kreditlar ajratish, oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash orqali 20 ming nafar xotin-qiz ish bilan taʼminlanadi. Qiyin sharoitlarda yashayotgan 294 nafar ayolning uy-joy sotib olishi uchun boshlangʻich badali toʻlab beriladi va ularga imtiyozli kredit ajratiladi.

Yuqorida qayd etilgan misollar ijtimoiy sohani rivojlantirish va aholining zaif qatlamlarini manzilli qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarning faqat bir qismi xolos. Birgina shu yilning oʻzida ana shu maqsadlar uchun respublika byudjetidan viloyatga qoʻshimcha 
100 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi.

Tabiiyki, ushbu vazifalar juda keng koʻlamli ekani va ularning barchasini bir vaqtning oʻzida hal qilish qiyinligi hammaga ayon.

Biroq asosiysi, ularni ijro etish jarayoni qatʼiy nazorat ostida boʻladi. Prezident soxta hisobotlar davri oʻtganini, endi aniq natijalarga erishish vaqti kelganini ochiq-ravshan bayon qildi.

Va bu vazifalarni amalda bajarish uchun masʼuliyat va javobgarlik hukumat mutasaddilari hamda joylardagi rahbarlardan qattiq talab qilinadi. Viloyat hokimining “dushanbadan — shanbagacha” tumanlarda boʻlishi va mavjud muammolarni hal etishi zarurligi ochiq-oydin koʻrsatib oʻtildi. Faqat shu yoʻl bilan qabul qilingan qarorlarning qogʻozda qolib ketmasligini, belgilangan barcha vazifalarning amalga oshirilishini taʼminlash mumkin.

Davlatimiz rahbari bu borada mahalliy Kengashlar, xususan, qarorlarning sifatli va oʻz vaqtida bajarilishi ustidan qatʼiy nazorat olib borishi lozim boʻlgan deputatlar muhim rol oʻynashi kerakligiga urgʻu berdi. Buning uchun xalq vakillari soya-salqin, qulay kabinetlardan chiqib, joylarda faol harakat qilishlari, jasur hamda murosasiz boʻlishlari hayot talabi ekani yana bir bor taʼkidlandi.

Ayni paytda odamlar, fuqarolarning oʻzlari ham bu jarayonlarda bevosita, keng ishtirok etishlari zarur. Prezidentimiz aytganidek, «nafaqat hokim va viloyat rahbarlari, barchamiz uygʻonishimiz kerak». Davlat bizga hamma narsani qilib berishi va hal etishi kerak, deb eskicha oʻylashni toʻxtatish lozim.

Barchamiz yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanishimiz, oʻz zimmamizdagi vazifani halol va vijdonan, faol hamda ijodkorlik bilan ado etishimiz kerak. Yana bir muhim masala — endi tashabbusning jazolanmasligi, aksincha, qoʻllab-quvvatlanishini esdan chiqarmasligimiz zarur. Bugun ana shunday fikr bilan yashash va mehnat qilish vaqti keldi.

Eldor ARIPOV,
Oʻzbekiston
 Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?