Barcha tuman va shaharlarda qizlar salomatligi markazi bo‘limlari tashkil etildi

16:01 13 Avgust 2018 Jamiyat
204 0

2017 yil 5 yanvarda sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari tomonidan xotin-qizlarimiz salomatligiga alohida e’tibor qaratish, bunda milliy mentalitetimizdan kelib chiqqan holda, qulay sharoitlar yaratish lozimligiga alohida e’tibor qaratilgan edi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yil 2 fevralda qabul qilingan “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonga ko‘ra, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila instituti mustahkamlash maqsadida kompleks chora-tadbirlar dasturi hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 mayidagi “Qizlar va fertil yoshidagi ayollarga ko‘rsatiladigan akusher-ginekologik va tibbiy yordam xizmatlari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yuqoridagi vazifalar ijrosida huquqiy asos bo‘lib xizmat qildi, deb yozadi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.

– Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasining bolalar ginekologiyasi bo‘limi negizida Respublika qizlar salomatligi markazi, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari hamda Toshkent shahar o‘smirlar dispanserining bolalar ginekologiyasi bo‘limlari negizida qizlar salomatligi markazlari faoliyat boshladi. Bundan tashqari, qizlarimizga malakali ginekologik ambulator yordam ko‘rsatish maqsadida barcha tuman va shaharlardagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda qizlar salomatligi bo‘limlari tashkil etildi, – deydi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxanova. – Maqsadimiz mamlakatimizdagi 5 milliondan ziyod 18 yoshgacha bo‘lgan qizlarni qamrab olishdir. Ushbu markazlar qiz bolalar va o‘smir qizlarga yuqori texnologik, ixtisoslashtirilgan malakali tibbiy yordam ko‘rsatishning zamonaviy infrastrukturasini rivojlantirishda alohida o‘rin tutadi. Keyinchalik ushbu markazlarga bo‘lgan talabga qarab, faoliyat qamrovini yana kengaytirib borish ham ko‘zda tutilgan.

Qayd etish joizki, Qizlar salomatligi markazlari qiz bolalar va o‘smir qizlarga maxsus tibbiy yordam ko‘rsatish, bolalar ginekologiyasi bo‘yicha yuqori texnologiyalarga asoslangan o‘quv,ilmiy va moddiy-texnika bazani shakllantirishga yo‘naltirilgan. Bundan tashqari, to‘plangan tajribani respublika sohaviy muassasalariga yetkazish, shuningdek, bolalar ginekologiyasi sohasida diagnostika, davolash, profilaktika va reabilitatsiya bo‘yicha yuqori texnologiyalarga asoslangan ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam berish borasida ham faoliyat olib boradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?