Barcha loyihalar aholi manfaatlari uchun xizmat qilmoqda

21:43 23 Oktyabr 2020 Iqtisodiyot
255 0

Nozim Abdullo olgan suratlar.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-dekabrdagi «Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida zamonaviy agrosanoat klasterini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 974-sonli qarori bilan tashkil etilgan “Tashkent Sotton Textile cluster”  (“TCT Sluster”) klasteri bugun koʻptarmoqli istiqbolli jamoaga aylandi. Ayni kunda uning tarkibida “TST Agro cluster” bilan birga, “TCT Rice” sholichilik, “TCT Fish” baliqchilik klasterlari katta muvaffaqiyat bilan ish olib borayapti.

   Joriy yilning 23-oktyabr kuni Toshkent viloyati hokimligi tashabbusi  bilan tashkil etilgan Media-turda ishtirok etgan jurnalistlar bu yutuqlarning bevosita guvohi boʻlishdi.

    Klaster jamoasi dastlabki yillarda paxtachilik va sholichilik bilan shugʻullanishdi. Yutuqlar koʻlami yildan yilga muttasil ortib boravergach, joriy yilda 14 ming 300 gektar maydonda gʻalla parvarishlanib, viloyatning qirmizi don xirmoniga salmoqli ulush qoʻshildi. Ayni kunlarda 10 ming  gektardan ortiq maydonda yetishtirilgan paxta, 2 ming 573 gektardagi sholi hosili yigʻishtirib olinmoqda. Paxtazorlarda ish unumi yuqori boʻlgan 25 ta zamonaviy «Keys» rusumli terim agregatlaridan samarali foydalanilayotir.

   Xoʻsh, bu  yutuqlar siri nimada? Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, bundan bor-yoʻgʻi, uch-toʻrt yil oldin aynan shu paxtazorlardagi hosildorlik miqdori 17-18 sentnerdan oshmagan. Albatta, unda tizim boshqacha edi. Dalada ishlatiladigan haydov texnikalari, ekin qator oralariga ishlov beruvchi agregatlar eskirgan, dehqonning qoʻli kalta, fermerning bankdagi hisobida esa tayinli mablagʻning oʻzi boʻlmasdi. Chunki undagi pullarning egasi koʻp edi.

   Viloyatda tajriba tariqasida tashkil etilgan Quyi Chirchiqdagi ushbu klaster jamoasi 2019-yilda gektaridan oʻrtacha 35 sentnerdan paxta yetishtirishga erishdi.

  —Oʻshanda yalpi hosil 30 ming tonnadan oshgandi,-deya eslaydi “TCT Sluster”ning bosh direktori Feruz Akobirov. — Koʻpchilik bu yutuqqa shubha bilan qarashgan. Chunki hosildorlik bir mavsumda ikki barobarga koʻtarilib ketishi chinakam moʻjiza edida. Bu yil 10 ming gektarda gʻoʻza parvarishlandi. Birinchi terim yakunlanmasdan, shartnomada qayd etilgan rejadagi 34 ming tonna paxta xom ashyosi yigʻishtirib olindi. Mavsum yakunigacha oʻrtacha hosildorlikni 45 sentnerga yetkazish moʻljallanmoqda.

   Tumanda fermer xoʻjaliklari davridagi ishchilar soni 800 nafarni, oʻrtacha ish haqi esa 300.000 soʻm tashkil etgan. Xudoga shukr, hozir “TCT Sluster”da 8 600 nafar ish oʻrinlari mavjud. Oʻrtacha ish haqi esa oʻsha yillardagidan 4-marta koʻp — 2,1 mln soʻmga yetkazildi. Jamoaning moddiy manfaatdorligi oshishi bilan bir qatorda davlat byudjeti ham mustahkamlanmoqda. Birgina oʻtgan 2019-yilda fermer xoʻjaliklari davridagi 7,9  mlrd soʻm dan 6 barobar koʻproq, ochiq aytadigan boʻlsak, 28,7 mlrd soʻm soliq toʻlovlari toʻlandi.

  Media-tur ishtirokchilari dastlab, “Surum” MFY hududidagi “TCT Rice” klasterida  Turkiyaning “Yashar Makina” kompaniyasi bilan hamkorlikda barpo etgan “Sholini qayta ishlash va saqlash majmuasi” faoliyati bilan ham tanishdilar. Jurnalistlarga berilgan maʼlumotlarga koʻra, joriy yilda 2,5 ming gektardan ortiq yerda sholining «Lazurniy», “Iskandar”, “Mustaqillik”, shuningdek, “Tarona” navlari yetishtirildi. Noqulay ob-havo sharoitlari, suv tanqisligiga qaramasdan, sholikorlarning halol mehnatlari oʻz samarasini berdi. Dastlabki hisob-kitoblar klaster sholizorlaridan  oʻrtacha 70 sentnerdan hosil yigʻishtirib olinganini koʻrsatmoqda. Bu yil klasterda yana bir yangilik joriy qilindi. Oʻrib-yanchib olingan sholi, dehqonlar uchun odatiy holga aylangan ochiq usulda emas, balki, har biri 1 tonnalik maxsus qoplarda saqlanmoqda. Bu xomashyoni uzoq muddatga boʻlsada yaxshi saqlash hamda yuqori sifatli guruch ishlab chiqarilishiga asos boʻladi.

   —Bu yil 10 ming tonnadan ziyod sholi hosili yetishtirdik,-deydi. Feruz Akobirov. — Buning uchun Oʻrta Osiyoda yagona boʻlgan, qiymati 25 milliard soʻmlikdan ziyod loyiha asosida qurilgan ushbu korxonada barcha imkoniyatlar mavjud. Bu yerda soatiga 10 tonna, yil davomida esa, 40 ming tonnagacha xomashyoni qayta ishlash mumkin. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan tegirmonlarda oqlangan yuqori sifatli guruch 1, 2, 5, 25 va 50 kilogrammlik idishlarga qadoqlanib ichki bozorga yoʻnaltiriladi.

  Asosiy maqsadimiz qishloq joylariga sanoat korxonalarini olib kirish orqali aholi bandligini taʼminlash. Yosh avlodni sohalar boʻyicha yetuk mutaxassis qilib tarbiyalash. Yetishtirilayotgan qishloq xoʻjalik mahsulotlarini qayta ishlab eksportga yoʻnaltirish. Shu maqsadda yaqin uch yil ichida qiymati 245 million AQSH dollari miqdoridagi yangi loyihalarni amalga oshiramiz. Oʻsha davrga borib bizdagi yangi ish oʻrinlari soni 10.000 tadan oshadi. Byudjetga toʻlovlar miqdori esa 360-370 milliard soʻmni tashkil etadi. Yiliga 80 million dollarlik mahsulotlarni eksport qilishga erishamiz.

  —“TCT Cluster” jamoasi bilan hamkorlik qilish bizga gʻurur bagʻishlaydi,- deydi Turkiyaning “Yashar Makina” kompaniyasi vakili Husayn Uzun. — Bunday korxonalarni bunyod etish boʻyicha 51 yillik tajribaga egamiz. Ushbu guruch ishlab chiqarish korxonasi eng zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlangani bilan ahamiyatlidir.

  Tadbir ishtirokchilari keyingi manzilda AQSHdan xarid qilingan “Pickett One Step” rusumli 10 ta moslama, Ukrainadan olib kelingan 12 ta “PP-3.4” jatkalari, paxtazor va sholi maydonlarida yuqori unum bilan ishlayotgan «Keys» agregati va kombaynlari ish faoliyati bilan tanishdilar.

   Klasterning izlanishlari kun sayin yangi muvaffaqiyatlarga yoʻl ochmoqda. Qariyib 80 gektar yer  maydonida parvarishlangan indigofera oʻsimligini qayta ishlab boʻyoq tayyorlash korxonasi qurilish bunga misol boʻladi. 

   Tabiiy boʻyoq manbai hisoblanmish bu oʻsimlikni “ranglar qiroli” ham deyishadi. Dono xalqimiz qadim-qadimdan ushbu oʻsimlikdan matolarni boʻyashda, yuzlab yillar davomida oʻz jozibadorligini oʻzgartirmaydigan tarixiy obidalar sanalmish masjidu madrasalarnining moviy gumbazlari hamda koshinlariga rang berishda foydalanishgan. Indigofera hozir ham oʻz brendiga ega. Jahondagi barcha ilgʻor davlatlarning toʻqimachilik sanoati mutaxassislari uni noyob oʻsimlik sifatida juda-juda qadrlashadi. Chunki, eng zamonaviy texnologiyalarda toʻqiladigan, butun dunyoda xaridorbop denim jinsilari aynan uning tabiiy ranglari bilan goʻzaldir.

   Mana shunday noyob xislatga ega boʻlgan bu oʻsimlik eʼtiborsizlik tufayli bir paytlar ildizi kuch-quvvat olgan jannatmakon yurtimiz tuproqlarini tark etgandi. Doimo yangilikka oʻch, gʻayrati tufayli tinib-tinchimas inson, “BCT Cluster” va “TCT Cluster” klasterlari rahbari, iqtisodiyot fanlari doktori, senator Murtazo Rahmatov ota-bobolarimiz eʼzozlab kelgan bu neʼmatni qayta siylash, uni oʻz makoniga qaytarish sharafiga muyassar boʻldi. Oʻtgan yili xorijdan indigo urugʻini olib kelib, dastlab, Buxoroda koʻpaytirdi. Bu yil esa, Quyi Chirchiq tumanida parvarishlandi. Hozirda oʻsimlik urugʻi va boʻyoq uchun biomassalari yigʻishtirib olinmoqda.

  Klaster jamoasi ilgʻor innovatsion ishlanmalar, ilmiy-texnikaviy yangiliklar, ilm-fanning soʻnggi yutuqlarini amaliyotga keng joriy etishga alohida eʼtibor qaratishgan. Ilmiy agrotexnik kengash faoliyati aynan ana shu maqsadlarga yoʻnaltirilgan. Bu yerda joriy etilgan raqamli texnologiyalarning soʻnggi yutugʻi sanalmish “Cropio” tizimi mamlakatimizda soʻnggi yangilik sifatida baholanmoqda. Bu uslub klaster jamoasiga mavjud ekin maydonlarining holatini masofadan turib tezkor oʻrganish, monitoring qilish, avtomatik hujjatlashtirish, agrotexnika tadbirlarini oldindan rejalashtirish imkonini beradi.

Shodiyor MUTAHAROV                                                                                                           
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?