Barcha yo‘l harakati xavfsizligi xodimlariga alkotesterlar beriladi

10:27 22 Iyun 2018 Jamiyat
543 0
Foto: Автосреда

O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi inspektorlariga yaqin kunlar ichida alkotesterlar berish boshlanadi.

Bu Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yaqinda imzolangan “Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.

Hujjatga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bir oy muddatda Bosh prokuratura, Oliy sud va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda transport vositalari haydovchilarining mast holatda ekanligini, jumladan, olib yuriladigan texnik vositalar orqali aniqlashning soddalashtirilgan tartibi ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

Alkotesterlar tekshirilayotgan shaxsning qon tarkibida alkogol foizini aniqlashga mo‘ljallangan maxsus qurilmadir. U indikator prinsipida ishlaydi va nafas chiqarilishi asosida alkogol miqdorini aniqlab beradi. Bu borada uning xato qilish ehtimoli 5-10 foizga teng.

Ma’lumot uchun, bunday qurilma ilk bor o‘tgan asrning 30-yillarida, aniqrog‘i 1939 yilda AQSHda alkogol ichimliklar savdosi taqiqlangan paytda paydo bo‘lgan. O‘sha paytda ular test qilinayotgan inson organizmida spirt bor-yo‘qligini aniqlasa-da, uning miqdorini ko‘rsatib bera olmas edi. Uning takomillashgan varianti keyinroq nemis mutaxassislari tomonidan yaratilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?