Barakali izlanish, beorom va ezgu oʻylarga oshno adib

18:40 14 May 2019 Jamiyat
548 0

Atoqli shoir, adib va publitsist Abdusaid Koʻchimov bilan ilk bor 1987 yilda uchrashganim kechagidek esimda. Shungayam 32 yil boʻlibdi. Oʻsha mahalda universitetning ikkinchi bosqichida oʻqirdim. Bizning davr talabalarida, adashmasam, dadillikmi-yey, tavakkalchilikmi-yey yaqqol sezilib turardi. Men ham tavakkalchilik bilan oʻsha kezlarda yozilgan chala-chulpa mashqlarimdan birini “Sharq yulduzi” jurnaliga olib bordim. Abdusaid aka shu jurnalda masʼul kotib boʻlib ishlarkan.

U payt “Sharq yulduzi”da asar chiqishi katta voqea hisoblangan. Jurnal talabi oʻta kuchli, mana-man degan adiblarning asarlari “qaytarilgan” davr. Asar chiqish jarayoni shunday: agar muharrirga maʼqul kelsa, tahrir qilib boʻlim boshligʻiga oʻtkazadi va rejaga kiritadi, shu tartib boʻyicha “tepa”ga qarab ketaveradi. Masʼul kotib, soʻng bosh muharrir oʻrinbosari, bosh muharrir... Agar shulardan birontasiga maʼqul kelmasa, chiqmaydi, tamom-vassalom.

Oʻylaymanki, oʻshanda xayrli bir tasodif boʻlib qolganmi, ishqilib, oʻsha mashqim shuncha ulugʻlar nazaridan oʻtib, jurnalda bosildi. Tortinibroq jurnal tahririyatiga borsam, yoʻlakda tik qadli, sochlari qop-qora Abdusaid Koʻchimov koʻrindi, salom bersam, toʻxtab koʻrishdi-da, “Mashqingizni oʻqidim, izlanavering”maʼnosida ancha-muncha iliq soʻzlarni aytdi.

Ijodkorga moydek yoqadigan iliq soʻzlari bilan Abdusaid aka koʻzimga farishtaday boʻlib koʻrindi.

Avval ham aytgandim, yana aytay: haligacha ulugʻlarimiz bagʻrikengligiga qoyil qolaman. Oʻsha paytda universitetda oʻqib yurgan bir boʻz yigitchaning mashqiga birov eʼtibor bermasayam hech nima oʻzgarmasdi, osmon uzilib yerga tushmasdi. Menga oʻxshab yozuvchilikka havas qiladiganlar son mingta boʻlgan. Har holda, katta avlod vakillari adabiyot jiddiyatini, “yilt” etgan havaskorni qoʻllab-quvvatlash kerakligini bizdan koʻra teranroq tushungan, deb oʻylayman...

Oradan uch yil oʻtib, “Sharq yulduzi”ga ishga kirdim. Abdusaid aka esa Vazirlar Mahkamasiga masʼul lavozimga tayinlangan, u kishining oʻrniga benihoya toza qalbli adib Nosir Fozilov kelgan ekan. Shu-shu mening “Sharq yulduzi”dagi oltin davrim boshlandi. Abdusaid aka bu moʻtabar dargohni sira unutmadi, tez-tez kelib diydorlashib, suhbatlashib ketardi.

Shundan buyon oradan oʻtgan yillar davomida bu inson bilan yana koʻp bor uchrashdim va maroqli suhbatlaridan bahramand boʻldim. Oʻzini koʻrmagan paytimda ustozning oʻgʻli, doʻstim Oybekdan doimo hol-ahvol soʻrab turdim.

Abdusaid aka elimizning katta adibi, shoiri, publitsisti va jamoat arbobi. Aka haqidagi rasmiy maʼlumotlar qomuslarda toʻliq berilgan.

Ustoz Samarqandning Urgutida tavallud topgan. Togʻlar viqoriyu toza nasimlari, betakror tabiati adib asarlarining doimiy hamrohi. Adib oʻzbek adabiyotiga Urgut togʻlarining viqoriyu iforini baralla olib kirgan. Buni asarlari nomidan ham bilib olish qiyin emas: “Bahor”, “Binafsha”, “Qizgʻaldoq”, “Boychechak”, “Ismaloq hidi”... Ana shu asarlarida adib sodda, oddiy, gohida yeru koʻkka qarab gʻalati oʻylar suradigan kishilar qiyofalarini yaratdi. Koʻp yillik hayot tajribasi, isteʼdod quvvati va el-yurt oldidagi masʼuliyat hissi samarasi oʻlaroq yaratilgan oʻnlab-yuzlab nasriy va sheʼriy asarlari, adabiy oʻylari, fikr-mulohazalari oʻquvchilar yuragidan chuqur joy olgan deb ayta olamiz. Bu davrda yozilgan publitsistik asarlar, sheʼrlar, hikoya va qissalar, xotira va esselarda zamondoshlarimizning esda qolarli obrazlari, hayotiy kuzatishlari hamda adibning badiiy tafakkuri hosilasi boʻlmish qahramonlar timsollari yaratilgan.

Adib sheʼrlari va nasriy asarlari tobora hayotiy xulosalar, kuzatish va hayot falsafasiga toʻyina bordi.

Donishmand dermishki, yoʻqdir tasodif,

Qutlugʻ haqiqat bor yagona, bekam.

Aslini olganda har bir tasodif,

Achchiq haqiqatning mevasi ekan.

Bunday fikrga kelish uchun hayotning past-u balandliklarining ancha munchasini koʻrish, soʻngra shunga yarasha mushohada yuritish talab etiladi, shunday emasmi?..

Adib nasriy asarlari men uchun yanada qadrli va ardoqlidir. Birgina “Boychechak” hikoyasida oʻndan ortiq turfa taqdirlar va xarakterlarga duch kelamiz. Togʻ yonbagʻiridagi ovloq bir qishloqda kechgan, yozuvchining sehrli qalami bilan jonlangan bu voqeani har gal maza qilib oʻqiyman. Manzaraga qarang: “Tom ortidagi teraklar ustida jilmayib turgan toʻlin oy hovlini sutdek yoritib yuborgan, har joy-har joyda suv koʻllab qolgan olachalpoq supa pastida ustiga katta savat toʻnkarib qoʻyilgan soʻri — hamma-hammasi kunduzdagidek aniq koʻrinib turar edi. “Boychechak” aytib keldik eshigingizga, Xudoyim oʻgʻil bersin Beshigingizga...” Uning qaltiroq ovozini eshitgan Shodmon aka birdan boʻshashib ketdi. Enkayib bolakayning yuzlarini ketmondek kafti bilan siladi:

— Yana bitta ayt, jon oʻgʻlim...”

Kishi koʻz oʻngida yaqqol gavdalanib, ongga muhrlanib qoladigan bunday tasvirlar Abdusaid Koʻchimov asarlarida juda koʻp uchraydi.

Adib yaratgan esselar turkumi alohida eʼtiborga loyiq. Zero, adib Odil Yoqubov, Abdulla Oripov, Barot Boyqobilov, Pirmat Shermuhamedov, Maʼruf Jalil, Azim Suyun, Qozoqboy Yoʻldoshev, Abdugʻani Juma va boshqa kishilar haqida tiniq, ular shaxsiyatini shundoqqina oʻquvchi koʻz oldiga olib kelib qoʻyadigan esselar yaratoldi. Oʻzimiz deyarli har kuni koʻrib-bilib yurgan kishilarning obrazlarini mehru muhabbat bilan asar qatiga joylab qoʻydi. Samimiyat bilan, oʻqishli qilib yozilgan ushbu esselar qatida yana bir chorlov bor: tevaragingizdagi yoru birodarlaringizning, ustozlaringizning qadriga yeting, chunki umr ham, unga qoʻshilib, ulugʻlaru doʻst-yor, aziz kishilar ham gʻanimatdir. Oʻzimiz tanigan-bilgan, ardoqlagan kishilarimiz haqida shunday esselar bitilsa, adabiyotning yana bir jonli tarixi yaratilarmidi, degan oʻy ham oʻtdi ichimizdan.

* * *

Shu oʻrinda oʻzim guvoh boʻlgan yana bir voqeani ayta qolay. Ikki-uch yil burun, qish avvalida rosa qor yogʻdi oʻziyam. Shahar markazidagi Shevchenko koʻchasining oqlikka burkangan azim chinorlari shunchalar chiroyli boʻlib ketgandi-ki, qarab toʻymaysiz. Chiroqlar yondi, tevarak ertakdagiday manzara kasb etdi. Bir mahal qarasam, qorli yoʻlakdanAbdusaid aka yurib kelayotir. Oʻsha-oʻsha adl qomat, faqat endilikda qorday oq sochlar... Bu payt Abdusaid aka “Xabar” gazetasida bosh muharrir boʻlib ishlardi. Daraxtlar ostidan kelayotib, birdan toʻxtadi, qoʻynidan yondaftarchasini chiqardi-da, tik turgan holida bir nimalarni tez-tez yoza ketdi.

Qani endi yoniga borib, soʻrab boʻlsa? Kim bilsin, shu topda qor oqligi aro adib xayoliga nelar keldi ekan? Qalbida uygʻongan qaysar tuygʻularni yoki tafsilotlarni daftariga yozib olgandir?

Rostini aytsam, Abdusaid akani har koʻrganimda shuni soʻragim keladi. Javob ololmasligimni ham yaxshi bilaman. Biroq, har gal yangi kitobi chop etilganda, debochasi yondaftarga yozilgan oʻsha asarni izlayman va oʻsha asar shu boʻlsa kerak, deb oʻylayman.

Umuman, adib doimo izlanishda. Shunday barakali izlanishlar, beorom va ezgu oʻylar adibimizni sira tark etmasin, degan boʻlardim. Zero, qutlugʻ oʻylar har bir ijodkorni manziliga yetkazishiga ishonaman.

Isajon SULTON, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?