Bankrotlik taomillarini yanada soddalashtirish va sud boshqaruvchilari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

16:52 02 Fevral 2019 Hujjatlar
890 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Bankrotlik taomillarini yanada soddalashtirish, sud boshqaruvchilari faoliyatini takomillashtirish, xalqaro reytinglarda Oʻzbekiston Respublikasining pozitsiyasini yaxshilash maqsadida, shuningdek, 2017 — 2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Oʻzbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasining 2019 yil 1 iyuldan quyidagi tartibni oʻrnatish haqidagi taklifi maʼqullansin:

davlat soliq xizmati organlari soliq va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzdorlikni undirish imkoniyati boʻlmaganligi sababli ijro hujjatlari qaytarilgan kundan boshlab 30 kundan kechiktirmasdan qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat qiladi;

bankrotlik toʻgʻrisidagi ish bankrotlik alomatlari mavjud boʻlgan taqdirda, agar qarzdor yuridik shaxsga nisbatan jami talablar summasi eng kam ish haqi miqdorining kamida uch yuz karrasini tashkil etadigan boʻlsa, qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorga yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxsga nisbatan esa eng kam ish haqi miqdorining kamida yigirma karrasini tashkil etadigan boʻlsa, sud tomonidan qoʻzgʻatilishi mumkin;

tugatishga doir ish yuritish muddati toʻqqiz oydan oshmasligi lozim, alohida hollarda ushbu muddat bankrotlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etayotgan shaxslarning iltimosnomasiga asosan sud qarori bilan uch oydan oshmagan muddatga uzaytirilishi mumkin;

benefitsiar va affillangan shaxslarning birgalikdagi xatti-harakatlari oqibatida soxta bankrotlik, bankrotlikni yashirish yoki qasddan bankrotlikka olib kelish alomatlari aniqlanganligi toʻgʻrisida sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi mazkur shaxslarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda subsidiar javobgarlikka tortish uchun asos hisoblanadi;

bankrotlik taomillari qoʻllanilgan qarzdorlarning mol-mulki sud boshqaruvchilari tomonidan “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida elektron onlayn-auksion orqali sotiladi.

2. 2019 yil 1 martdan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabida (keyingi oʻrinlarda — Respublika oliy maktabi) quyidagilarni nazarda tutuvchi maxsus kurslar tashkil etilsin:

sud boshqaruvchisi attestatini olishga talabgorlarni maxsus dastur boʻyicha shartnoma asosida oʻqitish;

tegishli toifadagi sud boshqaruvchisi attestatini olish uchun asos boʻladigan oʻqishni tugatganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani berish;

sud boshqaruvchilarining kasbiy darajasi va malakasini oshirish.

3. Belgilab qoʻyilsinki, 2019 yil 1 maydan:

a) davlat soliq xizmati organlarining arizalari boʻyicha qoʻzgʻatilgan bankrotlikning soddalashtirilgan taomillarini oʻtkazishda sud boshqaruvchilarini davlat soliq xizmati organlari xodimlari orasidan tayinlash amaliyoti bekor qilinadi;

b) shunday tartib joriy qilinadiki, unga muvofiq davlat soliq xizmati organlarining arizalari boʻyicha qoʻzgʻatilgan bankrotlikning soddalashtirilgan taomillarini oʻtkazishda:

toʻrtinchi toifali sud boshqaruvchisi attestatiga ega boʻlgan va Oʻzbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Assotsiatsiya) aʼzolari hisoblangan shaxslar sud boshqaruvchisi etib tayinlanadi;

qarzdor turgan joydagi tuman (shahar) soliq inspeksiyasining qaroriga asosan, har bir yakunlangan tugatishga doir ish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan sud boshqaruvchilariga eng kam ish haqining yigirma baravari miqdorida haq toʻlanadi;

soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzdorlikni uzishda toʻlangan qarz summasining 5 foizi miqdorida sud boshqaruvchilariga qoʻshimcha haq toʻlanadi;

v) sud boshqaruvchilarining faoliyati “fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritish” ixtisoslashuvi boʻyicha litsenziyaga ega boʻlgan va sud boshqaruvchisi attestatini olgan advokatlar tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin;

g) sud boshqaruvchilarini tayinlash kreditor (kreditorlarning umumiy yigʻilishi yoki qoʻmitasi) yoki bankrotlik ishlari boʻyicha vakolatli davlat organi yoxud Assotsiatsiya va uning hududiy tuzilmalari taqdimnomasi boʻyicha sud boshqaruvchilari faoliyatini reyting baholashni hisobga olgan holda sud tomonidan amalga oshiriladi.

4. Belgilansinki, sud boshqaruvchilarining kasbiy malakasini oshirishga koʻmaklashish, jismoniy va yuridik shaxslarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishda ularning rolini kuchaytirish maqsadida Assotsiatsiya va uning hududiy tuzilmalari:

sud boshqaruvchilari faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan munosabatlarda sud boshqaruvchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifodalash huquqiga ega;

sud boshqaruvchilarining kasbiy odob-axloq qoidalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

sud boshqaruvchilari faoliyatini reyting asosida baholaydi, ular tomonidan qonun hujjatlariga, kasbiy odob-axloq qoidalariga rioya etilishini monitoring qiladi.

5. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi:

bir oy muddatda Respublika oliy maktabi bilan birgalikda zamonaviy talablar va xalqaro standartlarni hisobga olgan holda sud boshqaruvchilarini oʻqitish va malakasini oshirish boʻyicha oʻquv rejalari va dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

bir oy muddatda Respublika oliy maktabida sud boshqaruvchilarini oʻqitish va malakasini oshirishni tashkil etish choralarini koʻrsin;

ikki oy muddatda Assotsiatsiya bilan birgalikda Sud boshqaruvchilari faoliyatini reyting asosida baholash toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin;

2019 yil 1 apreldan sud boshqaruvchilari faoliyatini reyting asosida baholash haqidagi maʼlumotlarni har chorakda ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish va rasmiy veb-saytda joylashtirishni taʼminlasin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Bankrotlik taomillari qoʻllanilgan qarzdorlarning mol-mulkini “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin hamda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Davlat soliq qoʻmitasi, Adliya vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 aprelga qadar muddatda:

Sud boshqaruvchisi attestatini olishga talabgorlarni oʻqitish va sud boshqaruvchilari malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni;

Sud boshqaruvchilari, ularni attestatsiyadan oʻtkazish va malaka attestati berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin hamda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Oliy sud bilan birgalikda 2019 yil 1 martga qadar muddatda soxta bankrotlik, bankrotlikni yashirganlik va qasddan bankrotlikka olib kelganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019 yil 1 mayga qadar muddatda ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda, yangi tahrirdagi “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritsin.

10. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritishni taʼminlasin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z. Sh. Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B. M. Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J. A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti     Sh. Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2019 yil 1 fevral


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?