Bankrotlik holatiga kelib qolgan korxona prokuratura yordamida faoliyatini qayta yoʻlga qoʻydi

10:37 11 Fevral 2020 Iqtisodiyot
399 0

Termiz shahridagi “Maʼrifat” mahallasida joylashgan “Gulbahor nurli kelajak” MCHJ rahbari Dilafruz Karimova 2011-yildan buyon tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanib, 10 nafardan ortiq jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarni (nogironlarni) ish bilan taʼminlab kelmoqda.

Biroq, tadbirkor va nogironlarning ishlashi uchun alohida binoga ehtiyoj tugʻiladi. Chunki, nogironlarning ishlashi uchun alohida sharoitlar talab etiladi. Bunday sharoitning yoʻqligi esa tikuv sexi faoliyatining toʻxtab qolishiga sabab boʻlgan.

Dastlab, tadbirkor alohida binosi yoʻqligi uchun 6-marta boshqa joyga koʻchib, sarson boʻlgan. Oqibatda uning 71 mln soʻmlik texnologiyalari yaroqsiz holga kelgan. Har gal yangi koʻchgan binolarda taʼmirlash ishlarini amalga oshirish uchun 50 mln soʻmdan ortiq mablagʻ sarflagan va bankrotlik holatiga kelib qolgan.

Oʻzining ham savobli, ham ijtimoiy foydali ishlarini davom ettirish maqsadida, 2019-yilning 10-dekabr kuni tadbirkor ijtimoiy tarmoqlar orqali yordam soʻrab murojaat qilgan.

Ushbu holat viloyat prokurori tomonidan zudlik bilan oʻrganilib, Termiz shahridagi “Maʼrifat” mahallasida joylashgan bino tadbirkorning balansiga oʻtkazib berilishiga hamda binoning atrofi toʻliq obodonlashtirilishi va taʼmirlanishiga amaliy yordam koʻrsatildi.

Hozirda tikuv sexining faoliyati qayta yoʻlga qoʻyilgan va qoʻshimcha ravishda yana 20 nafar nogiron uchun ish oʻrinlari yaratilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?