Banklardan naqd xorij valyutasini sotib olish boʻyicha hech qanday cheklov yoʻq

13:30 21 Avgust 2019 Jamiyat
141 0

Illyustrativ foto

Banklarda xorij valyutasini sotib olish boʻyicha hech qanday cheklov yoʻq. 50 dollar olasizmi yoki 5000 dollar, farqi yoʻq. Barchasi kassada qancha pul borligiga bogʻliq. Ayirboshlash punktlari xodimlarining aytishicha, valyutalar yetarli va sunʼiy defitsit yoʻq. Spot muxbiri ushbu vaziyatga oydinlik kiritish uchun turli banklarning qator filiallariga tashrif buyurdi. Vahimali ajiotajlar yoʻq. Faqat metro bekatlari yaqinidagi ayrim shoxobchalarda uncha katta boʻlmagan navbatlar yuzaga kelgan.

Valyuta sotib olish uchun shaxsni aniqlash amaliyotidan oʻtish zarur. Yaʼni pasport koʻrsatish va kvitansiyaga imzo chekish lozim. Ayrim filiallar yaqinida huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari qoʻriqlashni kuchaytirgan. Ular buni tartibni saqlash bilan izohlashgan.

Eʼtiborlisi, “Kapitalbank” va “Hamkorbank” kabi banklar kursni 10-15 soʻm arzonlashtirib, 9440 soʻmdan sotmoqda. Naqd pul sotish ochilishi bilan kursning koʻtarilishi kuzatilmayapti, deb yozadi manba.

Yaqinda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida MB raisi Mamarizo Nurmurotov aholida qariyb 25 trln. soʻm pul massasi borligini maʼlum qilgandi. U aholi qoʻlida mavjud pulning 99 foizi kundalik xarajatlari uchun sarflanishini qayd etdi. Shuning uchun xorij valyutasini yalpi sotib olish holati roʻy bermaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?