Toshkentda bankdan 270 ming dollar o‘g‘irlashda gumon qilinayotgan shaxs qo‘lga olindi

13:37 26 Iyun 2018 Jamiyat
18321 0
Foto: Toshkent shahar IIBB

Toshkent shahri IIBB xodimlari 270 ming AQSH dollarini o‘g‘irlashda gumon qilingan shaxsni qo‘lga oldi. Bu haqda boshqarma axborot multimedia markazi xabar berdi.

Qayd qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Milliy bankining filiali rahbariyati tomonidan 270 ming dollar yo‘qotilganligi to‘g‘risida ariza IIBBga 25 iyun kuni kelib tushgan. Voqea joyiga darhol tergov-tezkor guruh yo‘l oldi. O‘g‘rilik holati bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

O‘g‘rilikka aloqador shaxsni aniqlash, o‘g‘irlangan valyuta qimmatliklarini topishga qaratilgan tergov-tezkor tadbirlar davomida omborxonaga kira oladigan kassa mudiriga gumon tushdi. Bank xodimi aloqador ekani haqidagi versiya, u dushanba kuni ish joyida bo‘lmaganligi, filial rahbariyatining telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermaganligi bilan ham mustahkamlandi.

Tezkor-qidiruv ishlari natijasida gumonlanuvchi, 1985 yilda tug‘ilgan shaxs shu kuni kechqurun o‘g‘irlangan pullarga sotib olgan kvartirada qo‘lga olindi. U aybiga iqror bo‘ldi va pullarni oldingi haftada o‘g‘irlaganini aytdi. U ish kuni tugaguncha va bankning boshqa xodimlari binoni tark etishini kutgan hamda 270 ming dollarni o‘margan.

U o‘z harakatlarini tanishlari, qarindoshlariga qarzlarni qaytarishi, shuningdek, avval xarid qilingan avtomobillar uchun kreditlarni to‘lashi kerakligi bilan izohladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, umumiy hisobda 100 ming dollarlik qarzga ega bo‘lgan.

Ushbu shaxs pulning katta qismini uch kun ichida kvartira, maishiy texnika, kompyuter va boshqa tovarlarni sotib olishga sarflashga ulgurgan. Bir qismini qarzlari uchun bergan. O‘g‘irlangan pulning qolgan qismi musodara qilindi. Tergov davom etmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?