Bandlik vaziri Fargʻonada sahnalashtirilgan qabul oʻtkazdimi?

11:07 02 Iyul 2019 Jamiyat
313 0

Bandlik vazirligi OʻzA tomonidan eʼlon qilingan “Sahnalashtirilgan qabul yoki Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Fargʻona viloyatiga nega kelgandi?” sarlavhali maqolaga munosabat bildirdi. Maqolada vazir Sherzod Kudbiyevning Fargʻonada 28-iyun kungi sayyor qabuli yuzaki oʻtkazilgani, vazir asli qarindoshining toʻyiga borgani taʼkidlangan.

Vazirlik matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, ushbu qabul jarayonida Fargʻona aholisidan kelib tushgan bandlik, mehnat huquqi, imtiyozli kreditlar va mehnat migratsiyasiga doir savol va muammolari oʻrganilgan. Tadbir doirasida 53 nafar fuqaro murojaatlari bilan bevosita vazir tomonidan qabul qilingan.

Mazkur maqolada qabul jarayonida ayrim fuqarolarning murojaatlari ijobiy hal etilmaganligi hamda qabul natijalari haqiqatdan uzoq ekanligi aytilmoqda. Maqolada keltirilgan dalillar vazirlik rahbariyati tomonidan sinchiklab oʻrganildi. Tekshiruv natijalari xususida yana batafsil axborot beriladi.

Boshqa viloyatlarda oʻtkazilgan sayyor qabullar chogʻida bunday holatlar umuman kuzatilmaganligi va 28-iyun kuni oʻtkazilgan tadbirda aholidan tushgan murojaatlar natijalariga Fargʻona viloyati Bandlik boshqarmasi rasman javobgar ekanligini inobatga olgan holda, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Fargʻonadagi sayyor qabul jarayonida kelib tushgan 53 ta murojaat ustidan vazir oʻrinbosari B. Umurzoqov boshchiligida ishchi guruh bilan ichki tekshiruv oʻtkazish qarorini qabul qildi.

Vazirlik bayonotida toʻy haqidagi gap-soʻzlarga munosabat bildirilmagan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?