Bandlik sohasiga ajratilgan byudjet mablagʻlari deputatlar nazoratida

13:14 22 Oktyabr 2020 Siyosat
181 0

2020-yil 22-oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi tomonidan “Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida ajratilgan davlat byudjeti mablagʻlarining toʻgʻri va samarali sarflanishini Qashqadaryo viloyatidagi ijrosini oʻrganish” yakunlariga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi.

Videokonferensaloqa tarzida oʻtgan tadbirda taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan subsidiya va grantlar ajratilishi hamda Jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻlarining maqsadli sarflanishi qoʻmita tomonidan nazorat tartibda oʻrganilgan.

Qayd etilganidek, Qashqadaryo viloyatida jami aholi soni 3290,7 ming nafarni tashkil etib, shundan mehnatga layoqatli aholi soni 1832,2 ming nafar, iqtisodiy faol aholi soni 1304,6 ming nafar, band aholi soni 1129,2 ming nafar, shundan iqtisodiyotning rasmiy sektorida band aholi soni 425,3 ming (band aholining 37,7 foizi) hamda norasmiy sektorda band aholi soni 703,9 ming (band aholining 62,3 foizi) nafarni tashkil etadi. Viloyatda ishsiz fuqarolar soni 175424 tani tashkil etib, ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholiga nisbatan 13,4 foizni tashkil etadi.

Biroq, oʻtgan sakkiz oy davomida, ishsiz fuqarolar soniga nisbatan Aholi bandligiga koʻmaklashish markazlariga murojaat qilgan fuqarolarning ulushi 21 foizni, ishsizlik nafaqasi tayinlanganlarning ulushi atigi 1,6 foizni, shuningdek, ish izlovchi sifatida roʻyxatda turganlar ulushi esa 6,6 foizni tashkil etgan xolos. Bundan koʻrinib turibdiki, Aholi bandligiga koʻmaklashish markazlarining imkoniyatlari, joriy etilayotgan qulayliklar va imtiyozlar haqidagi maʼlumotlardan barcha aholi qatlamlari toʻliq xabardor emas.

Oʻtkazilgan mehnat yarmarkalarning samaradorligi juda past darajada boʻlib, jumladan, ushbu tadbirlarga ishsiz fuqarolarning faqatgina 1 foizi jalb etilgan boʻlsa, bundan tashqari taklif etilgan boʻsh ish oʻrinlaridan faqatgina 13 foizga yaqin qismigina band etilgan xolos.

Pandemiya davrida aholi bandligini taʼminlash maqsadida, joriy yilning oʻtgan yanvar-avgust oylari davomida viloyat boʻyicha Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan jami 1952 nafar fuqaroga 4,3 mlrd soʻmlik subsidiyalar ajratilgan. Xususan, yengil tipdagi issiqxona qurish uchun 661 nafar fuqaroga 2,9 mlrd.soʻm, urugʻlik va koʻchatlar xarid qilish uchun 554 nafar fuqaroga 441,9 mln.soʻm, sugʻorish vositalarini xarid qilish uchun 429 nafar fuqaroga 693,7 mln.soʻm subsidiya mablagʻlari berilgan.

Shuningdek, 245 nafar ishsiz fuqaroga tadbirkorlik faoliyatini boshlashlari uchun 63,2 mln.soʻm subsidiyalar ajratilib davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Ish beruvchilarga xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish maqsadida, viloyatning tuman (shahar)laridagi Aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari tomonidan jami 59 nafar fuqaroga 102,3 mln.soʻm subsidiya mablagʻlari ajratilgan.

Viloyatdagi jami 778924 ta oilaning 0,3 foiziga subsidiya ajratilgan xolos. “Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan subsidiya va grantlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom”da subsidiya mablagʻlari ajratilgandan keyin aholi tomonidan ushbu mablagʻlardan samarali foydalanish holatlari boʻyicha monitoring oʻtkazishga oid qoidalar mavjud emasligi deputatlarning eʼtiroziga sabab boʻldi.

Oʻrganish jarayonida subsidiya mablagʻlari hisobidan ayrim xonadonlarda qurilgan issiqxonalar, oʻrnatilgan suv nasoslaridan samarasiz foydalanish holatlarining kuzatilishi deputatlar tomonidan tanqid qilindi.

Shuningdek, aholini tomorqada bandligini taʼminlash boʻyicha subsidiya mablagʻlarini ajratish yoʻnalishlarini kengaytirish boʻyicha ham aholi tomonidan bir qator takliflar bildirilganligi taʼkidlab oʻtildi.

Tadbirda qayd etilganidek, 2020-yil sentyabr oyi holatiga haq toʻlanadigan jamoat ishlari uchun 39,8 mlrd soʻm reja belgilangan boʻlib, shu kunga qadar jami 34658 nafar fuqaro tomonidan 35,5 milliard soʻmlik jamoat ishlari bajarilgan. Viloyat boʻyicha jamoat ishlariga belgilangan rejaga nisbatan 4,3 mlrd soʻm kam mablagʻ sarflangan.

Shu bilan birga, aholi bandligini taʼminlash boʻyicha ajratilayotgan byudjet mablagʻlarini maqsadli sarflanishi va monitoring qilish boʻyicha vazirlik tizimidagi xodimlarning xizmat vazifalariga munosib ish haqi toʻlanishi va bu orqali ularning masʼuliyatini oshirish yuzasidan takliflar berib oʻtildi.

Taqdim etilgan axborotlarning muhokamasi davomida deputatlar aholining bandligini taʼminlash masalasida byudjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishi yuzasidan toʻliq imkoniyatlar ishga solinmaganiga eʼtibor qaratdilar. Shuningdek, mazkur sohadagi ayrim tizimli muammolarning huquqiy yechimiga oid normalar kuni kecha Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilab berilganligi deputatlar tomonidan qayd etildi.

Qizgʻin bahs-munozara, savol-javoblarga boy tarzda oʻtgan yigʻilish yakunida bildirilgan fikr-mulohaza va takliflar asosida tegishli qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?