Bandlik sohasida noqonuniy holatlarga chek qo‘yiladi

10:28 20 Aprel 2018 Jamiyat
439 0
Foto: profinfoservice.ru

Rekruting o‘zi nima? Ushbu faoliyatdan kimlar foydalanadi? Fuqarolar bandligini kafolatlashda uning qanday o‘rni bor? Oliy Majlis Qonunchilik palatasining o‘tgan haftada bo‘lib o‘tgan majlisida “Rekruting faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng birinchi o‘qishda qabul qilindi. Harakatlar strategiyasining 2017 yildagi “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi, shuningdek, Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan ishlab chiqilgan mazkur hujjatning ahamiyati, uni qabul qilishning hayotiy zarurati hamda dolzarbligi haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mavluda XO‘JAYeVA muxbirimizga quyidagilarni so‘zlab berdi.

— Aholini ish bilan ta’minlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada olib borilayotgan keng ko‘lamli sa’y-harakatlar natijasida joylarda ko‘plab loyihalar asosida zamonaviy korxonalar, yangi ob’ektlar ochilmoqda. O‘z o‘rnida malakali xodimlar hamda mutaxassislarga ehtiyoj ortayapti, ish o‘rinlari ko‘paymoqda.

Ammo “Bu bizni qanoatlantirayaptimi?” degan tabiiy savol tug‘iladi. Albatta, yo‘q. Negaki, hozirgi kunda mamlakatimiz aholisi 32,7 million kishiga yetdi. Aniq dalillarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, shundan 19 million nafar fuqaro iqtisodiy faol, 1,4 milliondan ortig‘i esa mehnat faoliyatini respublika hududidan tashqarida amalga oshirmoqda. Shu bilan birga, har yili qariyb yarim million yoshlar ilk bor mehnat bozoriga kirib kelmoqda. Ishga joylashishga muhtoj, mehnat bilan band bo‘lmagan fuqarolar soni esa 765 ming nafarni tashkil etayotir.

Biz, deputatlar hududlarda bo‘lganimizda aholi tomonidan ko‘tarilayotgan muammolarning aksariyati bandlik masalasida ekanligiga ko‘p marotaba guvoh bo‘lmoqdamiz.

Shu nuqtai nazardan aytganda, “Rekruting faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasida aholi bandligini hal etishning aniq vazifalari belgilanayapti. Unga ko‘ra, ish qidiruvchi fuqaro maqbul ish joylarni topish va ishga joylashishga ko‘maklashish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq davlat ro‘yxatidan o‘tgan -tijorat tashkilotining vositachiligidan foydalanib, o‘z bandligini respublika hududida yoki undan tashqarida ta’minlash huquqiga ega bo‘layotir.

Rekruting faoliyati xususida to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, qayd etish joizki, u ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish hamda ish beruvchilar uchun kadrlar tanlash bilan bog‘liq rekruting xizmatlarini shartnoma asosida ko‘rsatish bo‘yicha yuridik shaxs (rekruting agentliklari)ning tadbirkorlik faoliyatidir. Rekruting agentligi esa ushbu xizmatlarni ko‘rsatuvchi ro‘yxatdan o‘tgan tijorat tashkiloti hisoblanadi.

Hozirgi kunda xususiy tashkilotlar tomonidan fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasida va chet ellarda ishga joylashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan faoliyat qonunchilik bilan tartibga solinmagan. Bu esa mazkur yo‘nalishda ayrim chalkashliklarni keltirib chiqarayotgan edi. Aytish mumkinki, bu borada aniq huquqiy mexanizmni yo‘lga qo‘yishni davrning o‘zi taqozo qilmoqda.

Binobarin, ko‘p davlatlarda mehnat bozorida rekruting agentliklari tezlikda rivojlanayapti. Ular ko‘p sohalarda bandlik bilan bog‘liq bo‘lgan xizmatlarni taklif etmoqdalar va qariyb yetmish foiz holatda ishga joylashtirish yoki ish beruvchilarga o‘ziga zarur bo‘lgan xodimlarni topib berishga erishmoqdalar. Shu jumladan, tashqi mehnat migratsiyasi kanallari bo‘yicha ham ishlar jadallashayotir.

Yuqoridagi qonun loyihasida rekruting agentliklari ishining asosiy turlari belgilanayotgani hamda ushbu faoliyatni tartibga soluvchi normalar alohida moddalarda bayon qilinayotgani e’tiborga molik. Shuningdek, unda rekruting agentliklari va ish qidirayotgan shaxslarning huquq hamda majburiyatlarini aniqlashtiruvchi normalar alohida bobda nazarda tutilayapti.

Ayni paytda ikkinchi o‘qishga tayyorlanayotgan qonun loyihasi muhokamasiga keng jamoatchilik, ekspertlar, soha mutaxassislarining fikr-mulohazalari, takliflari olinayapti. Aytish mumkinki, mazkur qonunning qabul qilinishi, eng avvalo, mehnat bozoriga moslashuvni rivojlantirishga hamda chet ellarda mehnat faoliyatini norasmiy amalga oshirayotgan fuqarolarimizning kafolatlangan bandligini ta’minlashga ko‘maklashadi. Shu bilan birga, ayrim noqonuniy faoliyatlarga chek qo‘yib, odam savdosining oldini olishga xizmat qiladi.

Ziyoda ASHUROVA
yozib oldi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?