Baliqdan biogaz olish oʻzlashtirildi. U bilan kemalar harakatlanadi

17:53 28 Noyabr 2018 Dunyo
315 0

Foto: The Guardian

Norvegiyaning Hurtigruten dengiz sayohatiga ixtisoslashtirilgan kompaniyasi oʻz kemalarini baliq va organik chiqindilardan tayyorlangan biogaz bilan zapravka qilmoqchi.

The Guardianʼning yozishicha, kemachilikda foydalanib kelinayotgan dizel yoqilgʻisi atrof- muhitga katta zarar yetkazyapti. Baliq va boshqa organik chiqindilarni qayta ishlash yordamida olinadigan gazdan esa siqilgan holatda laynerlarni harakatlantirishda foydalanish mumkin.

Mazkur tashabbus atmosferaga parnik gazlari chiqarilishini kamaytirish va mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilash imkonini berishi kutilayotir.

17 ta kemadan iborat flotga ega mazkur kompaniya 2021 yilgacha kamida oltita laynerini biogaz ishlatiladigan qilib qayta jihozlaydi.

Hurtigruten ijrochi direktori Daniel Skyeldamning aytishicha, baliqchilik va oʻrmon xoʻjaligi Norvegiya iqtisodiyotida yetakchi tarmoqlardan hisoblanadi. Shu bois mamlakatdagi katta miqdordagi organik chiqindilar bioenergetikani rivojlantirish uchun yaxshigina qulaylik yaratadi.

Arktika va Antarktidaga kema sayohatlarini uyushtirish bilan shugʻullanib keladigan Hurtigruten kompaniyasi bundan oldin bir marta qoʻllaniladigan plastmassa mahsulotlaridan foydalanish amaliyotidan voz kechgandi. Bu ekologiyaga salbiy taʼsir oʻtkazishni minimallashtirish maqsadida qilingandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?